Qidirish

19:06 / 2024-08-22 321 0 Jamiyat

Hayot va tabiatga tahdid yoxud boʻz echkiemar qorabozori haqida

Boʻz echkiemar, kam sonli noyob jonivor. Bugun uni Ustyurt kengliklarida umuman koʻrmaymiz, chunki inson taʼqibi va iqlim oʻzgarishi oqibatida ular butunlay yoʻq boʻlib ketishdi. Oʻtgan asrning 70-yillarigacha boʻz echkiemarlarni aholi yashash joylarida tez-tez uchratish mumkin boʻlgan. Biroq soʻnggi yillarda mazkur turning soni kamayib ketdi. Xoʻsh, bunga qanday omillar sabab boʻlyapti?

world-news

Bugungi kunda Oʻzbekistonda sudralib yuruvchilarning 64 turi yashaydi. Shulardan biri boʻz echkiemardir. Sudralib yuruvchilarning 21 (33,9%) turi kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining kichik ilmiy xodimi, gerpetolog Temur Abduraupovning fikricha, soʻnggi yillarda sudralib yuruvchilarning yashash hududlariga insonning kirib borishi, qurilishlarning avj olishi, yerlarning oʻzlashtirilishi, echkiemarlar oldidagi asossiz qoʻrquv, turli kasalliklarga daʼvo sifatida tutish va yeyish ularning Oʻzbekiston “Qizil kitob”ga kiritilishiga sabab boʻlgan.

Echkiemarlarni qora bozorda goʻshti saratonga daʼvo deb sotish va tabiatda ularning qoʻriqlash choralari yetarli darajada emasligi, huquqiy nazoratning zaifligi boʻz echkemarlarining noqonuniy ovlanishiga, ularning kamayishiga olib kelmoqda. Zoologiya instituti tomonidan echkiemar goʻshti tekshirib koʻrilganda, tarkibi oddiy tovuq goʻshtidan deyarli farq qilmasligi aniqlangan. Ammo sudralib yuruvchilarning asosiy ozuqasi kemiruvchilar boʻlganligi sababli ularning goʻshtidagi aminokislotalar oʻzgachadir va toksikdir.

Parranda, mol, qoʻy va echki goʻshtini yeb yurgan inson birdaniga tabiblar tavsiyasi bilan echkiemar goʻshtini yesa tanaga kirgan oʻzga goʻsht toʻqimalar va hujayralarga qarshi kurasha boshlaydi, odamning isitmasi chiqadi. Amaliyotda biror insonning echkiemar goʻshti bilan davolanib, sogʻayib ketgani boʻyicha aniq fakt yoʻq, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-onkolog Olim Imomov.

Goʻshti davoligi aytilib, notoʻgʻri maʼlumot tarqatiladigan sudralib yuruvchilarning qora bozorida terisi uchun oʻldirilib sotilishi holatlari ham anchagina. Mazkur qora bozorlar echkiemarlarning yashash hududlari, asosan Fargʻona, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida mavjud boʻlib, asosan Fargʻona, Namangan, Qashqadaryo viloyatlarining aholisi uni soxta tabiblarning yolgʻoniga ishonib, koʻplab isteʼmol qilgani bois, qolgan hududlardan echkiemarlar ularga yetkazib beriladi.

Namangan viloyati Pop tumanida ismini oshkor etilishini istamagan mahalla raisi tumanda echkiemarlar ochiq sotilishi, bir dona tirik echkiemarning narxi bozorda talabga qarab 5 mln. soʻmdan 10 mln. soʻmgacha turishini aytdi.

Sudralib yuruvchilar alohida “qora ovchilar”ga buyurtma berilib, olib keltiriladi. Bevosita oʻzlarini echkiemar goʻshti bilan davolaydigan tabib sifatida reklama qiluvchilar, aksariyat holatda bemorga oʻzlaridagi mavjud echkiemar goʻshtini sotib olishni tavsiya etishadi. Xuddi shunday holatni Andijon viloyati Asaka tumanida, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida, Fargʻona viloyati Yozyovon tumanlarida koʻrish mumkin.

Misol uchun, Dexqonobod tumanida 43ta echkiemarni oʻldirib, terisini shilgan brakonerga tuman sudi qaroriga asosan 141 mln 900 ming soʻm zararni undirish va 3-yil ozodlikdan cheklash jazosi qoʻllanilgan. Aybdor “Kasbi” MFY, Obod mahalla koʻchasida yashovchi fuqaro M.I. yashash xonadonida Oʻzbekiston Qizil kitobi hamda CITES Konvensiyasining 1-ilovasiga kiritilgan boʻz echkiemarlarni tutqunlikda saqlab, ularni nobud qilgan.

Tezkor tadbirda 20ta echkiemarning tutqunlikda saqlanayotgani va 43ta echkiemar esa oʻldirilib, terisi shilib olingani oʻrganilgan. Tirik qolgan 20ta boʻz echkemar oʻzining yashash muhiti boʻlgan Muborak tumanidagi choʻl hududlariga qoʻyib yuborilgan. I.M.dan daliliy ashyo sifatida olingan 38ta boʻz echkiemar terilari tegishli tartibda sindirish, boʻlaklash, yoqish va suvga boʻktirish yoʻli bilan yoʻq qilingan.

Shunday holatlardan yana biri 2024-yil 26-iyun kuni Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumani “Ozod” mahallasi hududida yashovchi ikki nafar voyaga yetmagan shaxslar tomonidan amalga oshirilib, shu mahalla hududida mol boqib yurgan yurgan yigitlar adirlikda echkiemarni koʻrib uni vahshiylarcha oʻldirishadi. Vahshiylikni amalga oshirgan yigitlar voyaga yetmaganligi sababli ularning ota-onalari javobgarlikka tortiladi.

Maʼlumot oʻrnida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 649-sonli qarori ilovasiga asosan boʻz echkemarni nobud qilganlik uchun hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 34 million soʻmni tashkil etadi. Biz keltirib oʻtgan ushbu maʼlumotga ega boʻlmagan Qashqadaryo viloyati “Balxiyak” MFY hududida yashovchi fuqaro A.Q. esa oʻz xonadonida 9ta boʻz echkiemarini noqonuniy ovlab, yashirib kelgani uchun 51 480 000 soʻm miqdorida jarimaga tortiladi.

Echkemarlar 6tadan 38tagacha tuxum qoʻygani bilan ularning 30 foizi ochib chiqmaydi. Kichik echkemarchalar asosan chigirtka, chayon bilan oziqlanadi, ammo ularning gʻanimlari koʻp. Yovvoyi hayvon va qushlarga katta qismi yem boʻladi. 3-yilda jinsiy voyaga atigi 5-10%gina yetadi. Shu sabab “Qizil kitob”ga kiritilganiga 30-yildan oshganiga qaramay ularning soni teng yarmiga kamaydi. Echkiemarlar bilan bogʻliq salbiy holatlar yetarlicha, ammo ularni qutqarib qolish bilan bogʻliq ijobiy holatlar uchrab turishini bildirmoqchimiz.

Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil 11-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani “Choʻmichli” MFYda yashovchi fuqaro N.M. xonadonida sotish uchun bir dona echkemar saqlayotganligi aniqlanib, ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan ochiq tabiatga qoʻyib yuboriladi.

2022-yil 9-iyun kuni Jizzax shahri Sh.Rashidov koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqarodan kelib tushgan ogʻzaki murojaatga koʻra, fuqaro oʻz uyi hovlisida echkiemarni tutib olganligi haqida bayon qiladi, fuqaroning xonadoniga kelib qolgan jonivor oʻsha kunning oʻzidayoq ochiq tabiatga qoʻyib yuboriladi.

Oʻzbekiston tabiiy boyliklarga boy mamlakat boʻlib, uning fauna va flora dunyosi rang-barang va noyobdir. Afsuski, ushbu boyliklar insoniyatning zararli faoliyatlari tufayli xavf ostida. Boʻz echkemarlarning yashash hududlarining oʻzlashtirilishi, noqonuniy ovlanishi, xurofiy qarashlar tufayli asossiz oʻldirilishi Oʻzbekistonning tabiiy boyliklari va ekologik barqarorligiga jiddiy zarar yetkazadi. Ushbu muammoni hal qilish uchun keng qamrovli va kompleks yondashuv zarur.

Echkiemarlarning tabiiy yashash hududlarini davlat muhofazasiga olish va ularni qoʻriqlash choralarini kuchaytirish, aholinining echkiemarlarning foydasi, xurofiy va yolgʻon qarashlarning asossizligi haqidagi xabardorligini oshirish, iqtisodiy ragʻbatlantirish va huquqiy choralarning amalga oshirilishi Oʻzbekistonda tobora yoʻqolib borayotgan boʻz echkemarlarning populyatsiyasini saqlab qolish va ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini beradi.

Feruzbek Sayfullayev

Izohlar 0

Fikr bildirish