Qidirish

16:44 / 2024-08-21 293 0 Jamiyat

Choʻlga aylanayotgan Bahoriston yoxud “suv qiroli”ga kim bas kela oladi?

Qator mutasaddi tashkilotlar bilan bogʻlanib, tayinli javob ololmagan qishloq ahli murojaatni OAV orqali masʼullarga yetkazishga majbur boʻlmoqda.

world-news

Namangan viloyati Kosonsoy tumanidan Effect.uzʻga murojaat kelib tushdi. Qayd etilishicha, tumandagi Bahoriston qishlogʻi choʻlga aylanish arafasida. Bizga maʼlum boʻlishicha, fuqarolar toshloq yerlarni yillar davomida tozalab foydalanish mumkin boʻlgan holatga keltirgan, bogʻlar yaratgan va obod holda foydalangan.

Ammo qishloqqa nasos orqali kelayotgan suv toʻxtagan, bunga suv idorasi rahbarining oʻzgarishi sabab boʻlgan. Aniqrogʻi, yangi rahbar nasos xususiylashtirilganligini roʻkach qilib qishloqqa suv berishdan bosh tortmoqda. Qishloq ahli bu borada qator mutasaddi tashkilotlar bilan ham bogʻlangan, ammo ulardan tayinli javob ola-olmagani sabab murojaatni OAV orqali masʼullarga yetkazishga majbur boʻlgan.

“Hurmatli Effect.uz jamoasi biz Namangan viloyati Kosonsoy tumani Bahoriston MFY Toshqorgʻon va Matonat koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqarolar sizlarga soʻngi umid bilan murojaat qilyapmiz. Qishlogʻimiz choʻlga aylanish arafasida, shu vaqtgacha yashnab turgan bogʻlar qurigan, ayrimlari kesib ham yuborildi.

Shungacha ishlayotgan suv nasosi xoʻjayinligi toʻsatdan paydo boʻlib qolgan nomaʼlum shaxs qoʻliga oʻtgach, shu kabi muammolar paydo boʻldi. Bu shaxs esa Bekzod Andayev bizning xabarimiz boʻlmagan tor doiradagi tenderda gʻolib chiqib, suv nasosini xususiylashtirgan. Shundan soʻng, u bizga “nasos meniki” degan bahona bilan oʻz hukmini oʻtkazib kelmoqda.

U oʻzini dimogʻdorlgi bilan – “suv qiroli” degan nomga ham ega boʻlgan. Arizamizni suv soxasidagi mutasaddilarga bildirganimizda ular “erta-indin” degan vaʼdalar bilan cheklanishdan nariga oʻtmayapti. Biz bu “osmondan tushgan” suv qirolining mushugini nega hech kim pisht demayotganidan xavotirdamiz, u kimningdir erkatoyi boʻlsa kerak deb ham oʻylab qoldik. Daraxtlarni qurib qolishiga ekin maydonlarini nobud boʻlishiga sababchi bu shaxsning bizga nisbatan qilayotgan nohaqliklariga barham berish tarafdorimiz, umid qilamiz rahbarlar bizga yordam berishadi”, - deyiladi aholi murojaatida.

Izohlar 0

Fikr bildirish