Qidirish

21:24 / 2024-08-16 434 0 Jamiyat

Oʻzbekistonda ekologik loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlashning elektron mexanizmi joriy etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq atrof-muhitga taʼsirni baholash sohasini raqamlashtirish va shaffof tizim yaratilishi belgilangan.

world-news

Unga koʻra, Ekologiya vazirining tegishli buyrugʻi bilan rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning atrof-muhitga taʼsirini baholash uchun taqdim etiladigan loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlash mexanizmi joriy etilgan.

Ekologik ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim qilingan situatsion xaritalarning ishonchli va aniq asoslangan maʼlumotlar asosida kiritilishini taʼminlash, shuningdek, ularni Ekologiya vazirligi hududiy boshqarmalarining masʼul xodimlari tomonidan tasdiqlash jarayonlarini tartibga solish maqsadida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Buyurtmachi tomonidan loyiha hujjatlari Davlat ekologik ekspertizasi markazining eco-service.uz dasturi orqali elektron kiritilgandan soʻng ariza shakllantiradi hamda dastur orqali avtomatik tarzda tuman (shahar) inspeksiya boʻlim boshligʻi va masʼul inspektorlarning profiliga yuboriladi.

Tuman (shahar) ekologik inspeksiya boʻlimi boshligʻi va inspektorlari eco-service.uz dasturiga elektron raqamli imzosi orqali kirishadi va situatsion xaritalarni koʻrib chiqadi. Inspektorlar situatsion xaritadagi belgilangan obyekt joylashgan hududga chiqib, obyektning geografik koordinatalari, rekreatsiya zonalari, aholi yashash joylari, suv va gaz quvurlari kabi maʼlumotlar situatsion xaritaga mos kelishini tekshiradi.

Agar barcha maʼlumotlar toʻgʻri boʻlsa, situatsion xaritani tasdiqlaydi va tizim ushbu arizani Davlat ekologik ekspertizasi markaziga yuboradi. Agar tekshiruv vaqtida kamchiliklar aniqlansa, situatsion xarita inspektorlar tomonidan rad etiladi.

Inspektorlar tomonidan situatsion xaritalar quyidagi muddatlarda koʻrib chiqadi hamda tasdiqlaydi:

— atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I-toifasiga mansub obyektlarning situatsion xaritalari 10 ish kunida;

— atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning II-toifasiga mansub obyektlarning situatsion xaritalari 7 ish kunida;

— atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning III-toifasiga mansub obyektlarning vaziyat xaritalari 5 ish kunida;

— atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning IV-toifasiga mansub obyektlarning vaziyat xaritalari 3 ish kunida.

Ekologik nazorat inspeksiyasi tuman (shahar) inspeksiya boʻlim boshligʻi va masʼul inspektorlari tomonidan “situatsion xaritalar” tasdiqlanganidan soʻng buyurtmachining arizasi Davlat ekologik ekspertizasi markazi maʼsul xodimiga kelib tushadi hamda keyingi ekologik ekspertiza ishlari olib boriladi.

Maʼlumot uchun, ilgari bu jarayon tadbirkorlik subyektlari uchun ancha murakkab boʻlgan va koʻp vaqt talab qilgan, chunki loyihalarning barcha hujjatlari qogʻozda tayyorlanib, tegishli idoralarga qoʻlda topshirilishi kerak edi.

Bu holat qator muammolarni keltirib chiqargan, jumladan, ovoragarchilik, tezkorlikning yoʻqligi, hujjatlarni kuzatishdagi qiyinchiliklar, resurslarning koʻp sarflanishi. Hujjatlar endi elektron shaklda taqdim etiladi, bu esa jarayonni sezilarli darajada soddalashtirib, vaqtni tejaydi va ovoragarchiliklarni kamaytiradi.

Izohlar 0

Fikr bildirish