Qidirish

19:19 / 2024-08-13 313 0 Jamiyat

Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning eri 9 yilga qamaldi

Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning turmush o‘rtog‘i 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud ikki bor himoya orderi berilganiga qaramay turmush o‘rtog‘ini urib, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgan 35 yoshli erkakni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topgan holda unga 9 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

world-news

Joriy yil 27 mart kuni Bekobod tumanida 28 yoshli ayol 5-qavatdan tushib ketib vafot etganligi haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, Jinoyat kodeksining 103-moddasi  (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, marxumaning turmush o‘rtog‘i Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, 1989 yilda tug‘ilgan D.X. (marhumaning eri) o‘ziga moddiy hamda boshqa jihatlardan qaram bo‘lgan turmush o‘rtog‘i N.X.ni sababsiz turli bahonalar bilan urib, azoblab kelgan. 2022 yil 15 dekabr kuni tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayolga IIB tomonidan himoya orderi berilgan. Biroq D.X. bundan xulosa chiqarmagan va ayolning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishda davom etgan. 2024 yil 6 mart kuni N.X.ga yana himoya orderi berilgan. Erkak esa qilmishi uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan.

Ammo D.X. yana janjal chiqargan. 2024 yilning 27 mart kuni N.X. turmush o‘rtog‘ining qilmishlaridan charchab, ijara asosida yashab kelgan Bekobod tumani, Dalvarzin mahallasidagi ko‘p qavatli uyning 5-qavatdan o‘zini tashlagan va vafot etgan.

D.X. sudda aybiga iqrorlik bildirmagan. U turmush o‘rtog‘iga g‘amxo‘rlik qilib kelishini, uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitib kelmaganligini ta’kidlagan.

“O‘sha kuni turmush o‘rtog‘im bilan janjallashganim yo‘q. Negadir uning kayfiyati bo‘lmadi, oshxonaga kirib, ichkaridan eshikni qulflab oldi. Xavotirlanib eshik derazasini sindirgancha ichkariga kirdim. U hayotdan to‘yib ketganligini takror-takror aytdi va derazadan o‘zini tashlamoqchi bo‘ldi. Shu paytda uning soch qismidan qattiq ushlab oldim va farzandlari borligini, bunday qilmasligini aytdim. Ammo u o‘lgim kelyapti deb pastga tushib ketdi”, degan D.X.

Erkakning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomalari, sud tibbiy ekspertiza xulosalari bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudining 2024 yil 13 avgustdagi hukmiga muvofiq D. X. (1989 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) Jinoyat kodeksining 103-moddasi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
                                                                                                                                                                                                              Shuningdek u bundan avval ham sudlangan bo‘lib, 2013 yilda Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni qiynash), 136-moddasi (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish), 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan aybdor deb topilib, 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, amnistiya munosabati bilan jazoning uchdan bir qismi (bir yarim yil)ni o‘tab chiqqan.

Izohlar 0

Fikr bildirish