Qidirish

15:12 / 2024-06-23 5558 0 Jamiyat

Navoiy viloyati xitoyliklar bilan oʻzaro manfaatli boʻlgan ulkan kelishuvlarga erishdi

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

world-news

Taʼkidlanishicha, delegatsiya xizmat safarining ilk kuni navoiyliklar Sian shahriga tashrif buyurgan. Sian shahrida Navoiy – Sian hududlari oʻrtasida investitsiyalar, sanoat va savdo hamkorligiga bagʻishlangan ishbilarmon doira vakillari uchrashuvi boʻlib oʻtgan.

Uchrashuvda Sian shahri ishbilarmon doira vakillariga viloyatning investitsion va sanoat salohiyati, viloyatda zamonaviy turar-joy majmualari va avtomobil yoʻllari qurilishining istiqbollari hamda viloyatning “drayver” sohalari hisoblangan kimyo, qurilish materiallari, elektrotexnika, tekstil va boshqa sanoat tarmoqlarida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan 50 dan ortiq investitsion loyiha takliflari yuzasidan taqdimot qilingan.

Shuningdek, uchrashuv davomida Sian shahrining bir qator kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazildi. Xususan, “Xiangshui Changyang Chemical Co Ltd” kompaniyasi taʼsischisi Ju Donglian bilan muzokaralar olib borilgan. Muzokaralar yakunlari boʻyicha viloyatda kimyo texno parki tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Bundan tashqari, “Dongguan Huaxin Laser Technology” Co., Ltd kompaniyasi bilan viloyatda har xil quvvat va oʻlchamdagi energiya tejamkor elektrodvigatellarini ishlab chiqarish hamda maʼnan eskirgan elektrodvigatellarni taʼmirlash orqali ularning samaradorligini oshirish loyihasi yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

“Xian Jiashen Trading” Co., Ltd” kompaniyasi direktori Chen Rujia bilan viloyatda quyosh energiyasi asosida ishlashga ixtisoslashgan isitish tizimlari (geliokollektor), shuningdek meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlashni tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Muzokara yakuni bilan, mazkur kompaniya bilan meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Yana bir “Shaanxi Roenter International Supply Chain” Co., Ltd kompaniyasi bosh menejeri Sara Xe bilan viloyatning M-37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yoʻliga parallel ravishda 43 km.lik pullik avtomobil yoʻlini qurish kopsepsiyasi muhokama etilgan.

Xitoy tomoni kompaniya mutaxassislaridan iborat boʻlgan ishchi guruhi tuzilib, Navoiy viloyatiga tashrif buyurishi hamda loyihani amalga oshirish yuzasidan texnik-iqtisodiy asosnomasi ishlab chiqilishi kelishib olingan.

Shundan soʻng, viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Shensi Normal universitetining Lugan boshlangʻich maktabi (Lugang Primary School of Shaanxi Normal University)ga tashrif buyurib, maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, oʻqitish metodologiyasi va oʻquv jarayonlari bilan yaqindan tanishgan. Qayd etilishicha, ushbu maktab oʻquvchilarni zamonaviy, innovatsion oʻqitilishi hamda boshlangʻich sinf oʻquvchilarini vatanparvarlik, oʻz tarixini va mehnat qilishni innovatsion usulda oʻrgatishi bilan ajralib turadi. Ushbu maktabda taʼlimdan tashqari kasb-hunar ham oʻqitiladi.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifning ikkinchi kunida Oʻzbekistonning Pekin shahridagi elchixonasida qator yirik kompaniya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazilib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar oʻtkazgan.

Uchrashuvda kompaniya vakillariga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, viloyatning investitsion, sanoat va turizm salohiyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berilib, ular bilan qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, “China Gansu International Economic and Technical Cooperation” Co., Ltd davlat korporatsiyasi vakili Du Mingzhu bilan viloyatda zamonaviy biznes-markaz, xizmat koʻrsatish majmualari va dam olish maskanlarini tashkil etish hamda Navoiy shahrida tashkil etiladigan yangi shaharcha va istirohat bogʻini raqamlashtirish orqali “smart-siti” tizimini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Tashabbuskor tomonidan joriy yilda viloyatga tashrif buyurilib, kompaniya filialini ochish, istirohat bogʻida IT va VR texnologiyalarni joriy etish hamda Navoiy viloyatining turizm salohiyatini aks-ettiruvchi materiallarini tayyorlab berish va targʻib etish tashabbusi bildirilgan.

Xitoy safari davomida “Henan Dimension Internet Company” Co., Ltd kompaniyasi ijrochi direktori Zhang Jin bilan “Bir kamar – bir yoʻl” dasturi asosida viloyatda 100 gektar yer maydonida “Oʻzbekiston - Xitoy” sanoat zonasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Xitoy safari uchrashuv va muzokaralarga boy oʻtdi. Xususan, “Beverly Holding Group” Co., Ltd kompaniyasi xalqaro ekspansiya boʻyicha direktori Li Jie bilan viloyatda mebelchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish hamda viloyatda charmni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Kompaniya tomonidan joriy yilning iyul oyida viloyatga tashrif buyurib, loyihalarni amalga oshirish istiqbollari oʻrganilib chiqilishi maʼlum qilingan.

Shuningdek, Biznes-konsalting xizmatlarini koʻrsatuvchi “Huahe International Business Consaltancy” Co. Ltd kompaniyasi vakili Begaliyeva Svetlana bilan oktyabr oyida Navoiy viloyatida Xitoy ishbilarmon doira vakillari bilan hamkorlikda Navoiy – Xitoy biznes-forumini tashkil etish hamda viloyatning “drayver” sohalaridan kelib chiqib, yetakchi kompaniyalardan iborat boʻlgan biznes-missiyani yuborilishi yuzasidan kelishib olingan.

Xitoy safari davomida “Schneider Electric China” Co., Ltd kompaniyasi chet el mijozlari bilan ishlash boʻyicha direktori Tian Tian bilan viloyatda muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda viloyatdagi konlarni oʻzlashtirish yuzasidan muzokaralar olib borilgan.

Muzokara yakuni bilan, mazkur kompaniya bilan noruda va ruda konlarni oʻzlashtirish, shu jumladan, misni qazib olish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida Xebey provinsiyasi Shiszyachjuan shahridagi yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazilgan.

Xususan, “Henan Weishu Internet Technology” Co. Ltd, “Beijing Jinhan Investment” Co. Ltd, “Thungsu Group” Co. Ltd, “Hebei Ceebic Intelligent Measurement and Control” Co. Ltd kompaniya rahbarlari bilan muzokaralar olib borilgan.

Navoiy viloyati hokimi rahbarligidagi delegatsiya muzokaralarni shanxaylik tadbirkorlar bilan davom ettirdi. Delegatsiya Shanxaydagi Tysen-KLD Group kompaniyasida boʻlib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishgan.

Navoiy viloyat delegatsiyasi ham kompaniya rahbariyati bilan qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida muzokaralar olib borgan.

Normat Tursunov rahbarligidagi delegatsiyaning navbatdagi kuni Shanxaydagi yirik biznes markazlarining birida tadbirkorlar bilan uchrashuvdan boshlangan. Dastlab, shanxaylik ishbilarmonlar bilan GUANGSHE TECHNOLOGY GROUP kompaniyasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Izzat Kasimov ham ishtirok etgan.

Normat Tursunov boshchilidagi delegatsiya vakillari tomonidan viloyatning investitsion salohiyati, xorijiy investorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularga yaratib berilgan qulay shart-sharoitlar hamda imtiyozlar xususida toʻxtalib oʻtilgan.

Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari Elbek Gʻafforov oʻz taqdimotida Shanxay ishbilarmon doira vakillari uchun Navoiyda yaratilgan qulay investitsiya muhiti va sanoat salohiyati hamda investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, imtiyozlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Jumladan, qurilish, kimyo, tekstil, elektrotexnika yoʻnalishlarida loyiha takliflari boʻyicha oʻz fikrlarini bildirgan. Uchrashuv yakunida bir qator kompaniya vakillari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Delegatsiya Ling hang Guochuang Energy Storage Technology kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashib, shamol generatorlarini qurish boʻyicha muzokara olib borishdi. Viloyatimizda bu yoʻnalishda yetarli shart-sharoit yaratilsa, yirik sarmoya kiritish boʻyicha kelishib olingan.

Navoiy viloyatida doimiy ravishda shamol esib turadigan hududlar mavjud. Bunday geografik hududlarda shamol generatorlarini barpo etish, ulardan energiya manbai sifatida foydalanish ancha samarali, arzon va qulay hisoblanadi.

Xitoy safari davomida Navoiy viloyati delegatsiyasi tibbiyot jihozlari yaʼni, zamonaviy uzi apparatlari ishlab chiqaruvchi kompaniya vakillari bilan uchrashishdi. Shuningdek, mikrochiplar ishlab chiqaruvchi korxona rahbariyati bilan ham muzokaralar olib borgan.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifining oltinchi kunida Lanzhou Fengquan Environmental Protection Power kompaniyasiga borgan.

Kompaniya 2016-yilda tashkil topgan boʻlib, chiqindini qayta ishlab, maxsus yopiq hududlarda yoqib, buning natijasida elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bir kunda 2000 tonnaga yaqin chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega. Normat Tursunov ushbu loyiha bilan tanishar ekan, Navoiy viloyatiga ham ushbu amaliyotni joriy etish oʻta zarur ekanligini taʼkidlagan. Muzokaralar davomida ushbu loyiha boʻyicha batafsil muloqot qilindi.

Delegatsiya aʼzolari Xitoyning Gansu provinsiyasining Qurilish-investitsion korporatsiyasi (xolding)da ikki hudud oʻrtasidagi hamkorlik Memorandumini imzolash hamda fikr almashish boʻyicha tashkillashtirilgan tadbirda ishtirok etgan.

Viloyat hokimi va korporatsiya direktorlar kengashi raisi Su Yuyexualar viloyatda yirik qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borish, Yangi Navoiy shaharchasi barpo etilishida ishtirok etish, zamonaviy va sifatli avtomobil yoʻllari qurilishi, choʻllashishning oldini olish, mavjud choʻllarni obodonlashtirish masalalari boʻyicha muzokaralar olib borishgan.

Shu bilan Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari oʻz nihoyasiga yetib, bir qator manfaatli hamkorlik kelishuvlariga erishgan delegatsiya Oʻzbekistonga qaytgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish