So`ngi yangiliklar
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Oʻzbekistonda ilk bor xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda – Aziz Abduhakimov
Bugun, 1-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda hamda Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish boʻyicha texnik koʻmak” loyihasini amalga oshirish boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi texnik hamkorlik boʻlimi rahbari Vim Riepma, FAOʻning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Umarov, vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Seminar davomida loyihaning maqsad va vazifalari taqdim etildi. Ishtirokchilar loyihaning koʻlami, konsepsiyasi va kutilayotgan natijalar bilan tanishtirildi.
«Oʻzbekistonda ilk bor xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida Oʻzbekistonda tegishli qonunchilik tamoyillarini amalga oshirish, umuman olganda, kelajakda xavfli kimyoviy moddalardan toʻgʻri foydalanish maqsad qilingan.
Maʼlumki, Sobiq ittifoq davrida yurtimizda paxta yetishtirish davomida juda xavfli pestitsidlar ishlatilgan. 450 dan ortiq kichik-kichik aeroportlar boʻlgan va juda katta miqdorda xavfli moddalar yigʻilib qolgan. Bundan tashqari, ayrim korxonalarda ham kimyoviy moddalar mavjud. Loyihada ana shu zararli moddalarni suv va tuproq tarkibidan ajratib olib, ularni qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda», — dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.
Maʼlumot uchun, BMTning Atrof-muhit boʻyicha 6-Assambleyasida (UNEA-6) 11-rezolyutsiya qabul qilingan boʻlib, unda qishloq xoʻjaligida oʻta xavfli pestitsidlarni muomaladan chiqarish va muqobillarga oʻtishni ragʻbatlantirish hamda ularning mavjudligini taʼminlash uchun samarali choralar koʻrishga eʼtibor qaratilgan.
Agroekologik amaliyotni takomillashtirish va ularni integratsiyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2030-yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi”, “Qishloq xoʻjaligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”, “Organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha «Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.
“Oʻzbekiston hukumati va FAO bilan hamkorligimiz eskirgan chiqindilarni tozalash, chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish va pestitsidlar chiqindilarini ishlab chiqarishni qisqartirish orqali atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish boʻyicha jamoaviy majburiyat namunasidir. Biz hamkorlikda kimyoviy chiqindilarni boshqarishdan ham koʻproq ishlarni amalga oshiramiz. Zararkunandalarga qarshi kompleks kurash, salomatlik va ekologik xavflardan xabardorlik sogʻlom, ekologik toza va iqtisodiy jihatdan foydali qishloq xoʻjaligi sektori kafolatidir”, — dedi Vim Riepma.
Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda eskirgan yoki taqiqlangan pestitsidlar zaxiralari va zaharli kimyoviy moddalar saqlanadigan idishlar koʻmilgan 8 ta obyektda konservatsiya ishlari olib borildi, yana 2 ta obyektda konservatsiya ishlari boshlandi va bitta obyektda rekonstruksiya ishlari olib borildi.
Qoʻshma loyihani amalga oshirish zararli kimyoviy moddalar va ular bilan bogʻliq chiqindilarni boshqarish mexanizmlari va vositalarining samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligida xavfli pestitsidlardan foydalanishni qisqartirish, shu jumladan pestitsidlarni almashtirish va ulardan foydalanishni qisqartirishni nazarda tutuvchi muqobil usullarni joriy etish va ilgari surish imkonini beradi. Qishloq xoʻjaligi xodimlari oʻrtasida oʻta xavfli pestitsidlardan foydalanishni kamaytirish zarurligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha qishloq xoʻjaligida zararli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bogʻliq mavjud muammolar koʻlamini, jumladan, tuproqning ifloslanishiga olib keladigan eskirgan pestitsidlar hajmini tushunish imkonini beradi.
“Ushbu loyiha chiqindilarni boshqarish boʻyicha Milliy strategiyani ishlab chiqish, qishloq xoʻjaligidagi xavfli chiqindilar boʻyicha yaxshiroq maʼlumotlar bazasini hosil qilish va xavfli chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini yaratish imkonini beradi. Bundan tashqari, loyiha qishloq xoʻjaligida barqaror usullarni targʻib qilishni kengaytirishga yordam beradi, bu esa fermerlar va isteʼmolchilar uchun pestitsidlardan foydalanish xavfini kamaytiradi. Muassasalar va aholining qishloq xoʻjaligida xavfli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bogʻliq xavf-xatarlardan xabardorligini oshirishga katta eʼtibor qaratiladi”, — dedi Sherzod Umarov.
Seminar yakunida maʼruzachilar ish rejasini koʻrib chiqdilar va uni kelgusida amalga oshirish shartlarini kelishib olgan.