Qidirish

16:38 / 2024-03-21 1496 0 Jamiyat

Yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi

Bu yilgi Navroʻz tantanasi “Humo Arena” majmuasida boʻlib oʻtdi.

world-news

Shaharu qishloqlarda odamlar Navroʻzni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Bu yil bahor seryogʻin keldi. Bugun ham yurtimizda obi rahmat yomgʻirlari yogʻmoqda. Bunday chogʻlarda ota-bobolarimiz yil yaxshi kelishini aytib, dehqonchilikka qut-baraka, elga moʻl rizq tilashgan.

Shu bois asosiy bayram tantanasi “Humo Arena” majmuasida boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bayram bilan tabrikladi.

- Siz, qadrdonlarimni, koʻpmillatli butun Oʻzbekiston xalqini barchamiz sogʻinib kutgan Navroʻzi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Navroʻz falsafasi orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uygʻun ekanini taʼkidladi.

Xalqimizning olijanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy obyektlar, yoʻl va koʻpriklar, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va eʼtibor koʻrsatish asosiy mezonga aylanmoqda.

Mamlakatimizdagi doʻstlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qoʻshnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda Oʻzbekistonimizning obroʻ-eʼtibori yuksalmoqda.

Tabiatning yasharish ayyomi boʻlgan Navroʻz yoshlik bilan ham uygʻun. Mamlakatimiz yoshlarining kuch-gʻayrati, ezgu harakatlariga qanot berish maqsadida bu yil “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilindi. Bunga oid Davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion soʻm va 460 million dollar mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy koʻmak koʻrsatiladi.

Prezident yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalari, madaniyat va sanʼat festivallari, axborot texnologiyalari va sport yoʻnalishlaridagi yutuqlarini qayd etib, keyingi ishlari va musobaqalarda muvaffaqiyat tiladi.

Navroʻzning oʻlmas ruhi ayniqsa mahallalar hayotida yaqqol namoyon.

Mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Joylarda “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda.

Manzilli ishlar natijasida soʻnggi ikki yilda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Bunda 900 mingga yaqin aholiga imtiyozli kredit, 200 mingdan ziyod fuqarolarga subsidiya, qariyb 700 ming oilaga esa dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratib berilgani muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Bu yildan boshlab Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yangi tajriba joriy etilmoqda. Uning asosiy mazmuni - tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, tomorqa egalarini zarur vosita va resurslar bilan taʼminlash, ular yetishtirgan mahsulotga bozor topib berish uchun koʻmaklashish, har qaysi oila va mahallada kichik-kichik ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish, servis va xizmat turlarini koʻpaytirishdir.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz boʻyicha 510 ming gektar tomorqa yerlari borligi, bu hali toʻla ishga solinmagan ulkan imkoniyat ekanini taʼkidladi. Bu borada faol insonlar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi, jumladan, tomorqada yetishtiriladigan maxsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tadbirkorlarga

300 million soʻmdan 1 milliard soʻmgacha grant berilishi aytib oʻtildi.

- Mahallani qoʻllab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi. Chunki, mahalla – bu mehr va ahillik qoʻrgʻonidir. Mahalla – oqkoʻngil, bunyodkor xalqimiz qalbining koʻzgusidir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari 22-mart - Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barchani tabrikladi.

Bayram tadbirida xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi. Prezidentimiz ularni 21-mart – Xalqaro Navroʻz kuni bilan muborakbod etib, xalqlariga qizgʻin salom va tabriklarini yoʻlladi.

Bu yilgi Navroʻz bayrami fazilatli Ramazon oyida boʻlib oʻtayotgani uning fayzu tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.

- Mana shu bahoriy lahzalarda barchamiz ulugʻ ajdodlarimizning tilaklariga qoʻshilib, ilohim, har kunimiz Navroʻzdek goʻzal, Navroʻzdek fayzli va mazmunli boʻlsin, deb niyat qilamiz, - deya soʻzini yakunladi Prezident.

Bayram shodiyonasi katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Tantanadan soʻng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Navroʻz saylida boʻlib, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatdi.

- Bu sanʼat, bu urf-odatlarimiz tarixiy. Ularning zamirida katta madaniyat, maʼrifat bor. Bu yoʻnalishni mahkam tutib, davom ettirayotganingiz uchun rahmat. Bayram milliy qadriyatlarimiz bilan fayzli, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Koʻpmillatli xalqimizning toʻyi, bayramlari bir boʻlib ketgan. Navroʻz ham barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab, uning ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda. Hududlarda 38 ta doʻstlik jamiyati va 153 ta milliy madaniy markaz faoliyat koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbari shunday markazlarning koʻrgazmalari va kuy-qoʻshiqlarini ham tomosha qildi. Turli millat vakillari bilan samimiy suhbatlashib, ezgu tilaklarini bildirdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish