So`ngi yangiliklar
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Prezident Ramazon oyini munosib oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.
Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda milliy oʻzligimizni tiklash, inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida gʻoyat muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, muqaddas dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan ezgu anʼanalarini munosib davom ettirishga ulkan eʼtibor qaratilmoqda. Vatanimizning qadimiy tarixini chuqur oʻrganish, buyuk alloma va aziz avliyolarimizning ibratli hayot yoʻli, noyob ilmiy merosini tadqiq etish yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari bilan uygʻun holda olib borilmoqda.
Bu jarayonda, ayniqsa, bilim va maʼrifat, maʼnaviy poklik, mehr-oqibat, xayru saxovat fazilatlari ulugʻlanadigan muborak Ramazon oyining ahamiyati katta boʻlayotganini taʼkidlash lozim. Mamlakatimiz moʻmin-musulmonlari ushbu muqaddas oyni doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib oladi. Oila va mahallalarda oʻzaro mehr-oqibatni mustahkamlash, yosh avlodimizni bilim-maʼrifat va goʻzal xulq sohiblari etib kamol toptirish, ehtiyojmand insonlarga koʻmak va yordam koʻrsatish kabi ezgu amallarni sidqidildan, ixlos bilan ado etishga intiladi.
Xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan qutlugʻ Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:
1. 2024-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 11-mart kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy anʼana va qadriyatlarga mos tarzda oʻtkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulugʻlovchi ushbu fazilatli oyda kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor berilsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev