Qidirish

19:09 / 2024-02-26 2129 0 Jamiyat

“Dok-1 Maks” ishi boʻyicha yakuniy hukm oʻqildi. Aybdorlarga maksimum jazo muddati berildi

world-news

Bugun, 2024-yil 26-fevral kuni, Toshkent shahar sudida “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bogʻliq jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Muso Yusupov raisligida birinchi instansiya sudida koʻrib chiqildi.

Sud hukmiga koʻra:

Singx Ragvendra Pratap (1972-yilda Hindiston Respublikasida tugʻilgan, “Quramax Medikal” MCHJ direktori lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 28,209-moddasi 1-qismi bilan aybsiz, deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-qismi 2, 3-bandlariga asosan oqlandi. Singx Ragvendra PratapJinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi, 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi, 213-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 20-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi. Jazoni oʻtab boʻlganidan keyin Singx Ragvendra Pratapni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborish belgilandi.

B. Kambaraliyev (1978-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan, “Quramax Medikal” MCHJ savdo direktori lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi va 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 4-yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan oʻtash uchun 3-yil 11 oy 18 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

N. Mirzaaxmedova (1992-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Quramax Medical” MCHJ roʻyxatga olish boʻyicha menejeri lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 28,186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 10-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. N. Mirzaaxmedovaga nisbatan Jinoyat kodeksning 72-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 3-yil sinov muddati belgilandi.

E. Mirzaaxmedov (1976-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Quramax Medical” MCHJ bosh hisobchisi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

S. Kariyev (1982-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan) Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 18-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

A. Azimov (1993-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktorining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 25,205-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi va 210-moddasi 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

N. Musayev (1988-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori oʻrinbosari, Farmakopeya qoʻmitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimlarida ishlagan) Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 25,205-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi va 210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

G. Saliyeva (1987-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori yordamchisi, roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimi boshligʻi lavozimlarida ishlagan) Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yilga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan oʻtash uchun 1-yil 10 oy 10 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

Sh. Shodmanov (1992-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimi vitse-boshligʻi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 25,205-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi, 28,210-moddasi 3-qismi “a” bandi va 210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

J. Erkiniy (1993-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari va 212-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan oʻtash uchun 4-yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

S. Saidov (1975-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakologiya qoʻmitasi raisi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yilga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

J. Shamshetov (1991-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan), A. Djalilov (1992-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakopeya qoʻmitasi yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlagan) va G. Xalilova (1963-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakologiya qoʻmitasi yetakchi mutaxassisi) Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, ularning har biriga nisbatan 2-yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

G. Boltabayeva (1968-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi mudiri) Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yilga davlat idoralarida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

M. Xamdamov (1985-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ direktori lavozimida ishlagan) jinoyat ishi doirasidagi bitta epizod boʻyicha Jinoyat kodeksining 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybsiz, deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan oqlandi. M. Xamdamov Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi, 207-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan oʻtash uchun 2-yil 10 oy 1 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

Sh. Xolmurodov (1992-yilda Navoiy viloyatida tugʻilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sertifikatlashtirish organi rahbari lavozimida ishlagan) jinoyat ishi doirasidagi bitta epizod boʻyicha Jinoyat kodeksining 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybsiz, deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan oqlandi.

Sh. Xolmuroodov Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi, 207-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2-yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan oʻtash uchun 3-yil 4 oy 24 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

N. Shukurullayeva (1988-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida tugʻilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sinov markazi rahbari) jinoyat ishi doirasidagi bitta epizod boʻyicha jinoyat kodeksining 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybsiz, deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan oqlandi. N. Shukurullayeva Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi “a” bandi, 207-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 110 baravari miqdorida, yaʼni 33 000 000 soʻm jarima jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksning 62-moddasiga asosan 17 190 000 soʻm jarima jazosi qoldirilib, tayinlangan jarimani davlat foydasiga undirish belginadi.

Sh. Abduganiyev (1985-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ direktori oʻrinbosari lavozimida ishlagan), F. Fayziyev (1986-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sertifikatlashtirish organi rahbari oʻrinbosari lavozimida ishlagan) va I. Mirzayoqubov (1991-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sinov markazi rahbari oʻrinbosari lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybsiz, deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan oqlandi. Sh. Abduganiyev, F. Fayziyev va I. Mirzayoqubov Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, ularning har biriga nisbatan 2-yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

F. Talipov (1977-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimi bosh mutaxassisi, Farmakologiya qoʻmitasi bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan) Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 3-yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilandi.

F. Nazarov (1970-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan, “Origin Solution” va “Medreg” MCHJlar direktori) Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3-yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchilar Singx Ravendra Pratap, N. Mirzaaxmedova, S. Kariyev, A. Azimov, N. Musayev, Sh. Shodmanov va J. Erkiniydan solidar tartibda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan zaharlanib, vafot etgan 68 nafar marhum va 4 nafar sogʻligʻi oʻta ogʻir ahvoldagi bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 000 000 000 soʻmdan, sogʻligʻining ahvoli qoniqarli boʻlgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 500 000 000 soʻmdan hamda sogʻligʻi yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 200 000 000 soʻmdan maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi.

Sudlanuvchi Sh. Shodmanovdan olgan pora miqdori qiymati – 881 814 000 soʻmni, sudlanuvchilar A. Azimov va N. Musayevdan solidar tartibda – 93 810 000 soʻmni davlat foydasiga undirish belgilandi.

Jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararlarni undirish masalasida fuqarolik ishlar boʻyicha sudlariga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Singx Ravendra Pratap, B. Kambaraliyev va E. Mirzaaxmedovdan solidar tartibda 5 420 177 400 soʻm soliq qarzdorligi davlat foydasiga undirilishi belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar hukm eʼlon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar hukm nusxasini olgan kundan boshlab oʻn sutka ichida apellyatsiya tartibida yoki hukm qonuniy kuchga kirgandan soʻng kassatsiya tartibida Toshkent shahar sudiga shikoyat berishi, prokuror protest keltirishga haqli.

Izohlar 0

Fikr bildirish