Qidirish

18:20 / 2024-02-11 1924 0 Jamiyat

Harakatlar mintaqadagi bugungi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi – Toshkentda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi IUCNʻning ofisi ochildi

Kecha, 10-fevral kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”)da Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ofisining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu IUCNning Markaziy Osiyodagi birinchi ofisi hisoblanadi.

Tadbirda IUCN bosh direktori Gretel Agilar, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Markaziy Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ishtirok etgan.

Maʼlumot uchun, BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida ekovazir Aziz Abduhakimov Gretel Agilar bilan uchrashuv oʻtkazgan. Uchrashuvda hamkorlikni yanada mustahkamlash bilan birga Toshkentda IUCN bosh ofisini ochish masalasi ham muhokama qilingan.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Xalqaro Tabiatni Muhofaza qilish Ittifoqi (IUCN) bilan hamkorlikni kengaytirgani va mintaqa ekologiyasini muhofaza qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirgani taʼkidlangan. Shuningdek, IUCNʻning Oʻzbekistondagi ofisi ochilishi uzoq va samarali hamkorlik kafolati ekanligi qayd etilgan.

«Hozirda sayyoramiz 3 ta asosiy muammo — iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik va atmosfera havosi ifloslanishi bilan yuzlashmoqda. Bu muammolarni hal qilish uchun barcha davlatlar birga harakat qilishi lozim. Biz Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga mintaqamiz ekotizimini himoya qilishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshiryapmiz. «IUCN» ofisining ochilishi esa bu boradagi muhim qadamlardan biridir», — degan Gretel Agilar.

Aziz Abduhakimov IUCN ofisining ochilishi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashini taʼkidlagan.

«Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash juda katta ahamiyat kasb etadi. Birgalikda atrof-muhitni muhofaza qilish, yerlarni tiklash, iqlim oʻzgarishi sharoitida barqarorlikni taʼminlash va boshqa maqsadlarga xizmat qiladigan loyihalarni yoʻlga qoʻyganmiz. Bu, albatta, bugungi mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. IUCNʻning Toshkentdagi ofisi Markaziy Osiyo davlatlari, hamkorlar va ekspertlar hamjamiyatlari bilan yaqinroq aloqa oʻrnatish imkonini beradi, — degan vazir.

Ochilish davomida mehmonlar IUCN ofisini koʻzdan kechirishgan. Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston 2021-yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga aʼzo boʻlgan. IUCN dunyodagi eng qadimgi va nufuzli tabiatni muhofaza qilish tashkiloti boʻlib, hukumat va fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan iborat. U BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega va butun dunyo boʻylab 1400 dan ortiq aʼzo tashkilotlar va 15 000 dan ortiq ekspertlarning tajribasi, resurslari va imkoniyatlaridan foydalanib kelmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish