Qidirish

18:47 / 2023-12-19 997 0 Jamiyat

Sirdaryo viloyati boʻylab press-tur tashkil etildi

world-news

Yakunlanayotgan yil mobaynida viloyatda ishga tushirilgan yangi loyihalar va yaratilgan ish oʻrinlari, aholiga munosib turmush sharoitlari yaratib berish yoʻlida amalga oshirilgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida press-tur tashkil qilindi.

Sirdaryo tumanidagi “Peng-Sheng“ Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasida kutib olingan markaziy televizion kanallari, bosma va elektron nashrlar vakillari hamda blogerlar mazkur qoʻshma korxona negizida tashkil qilingan ”AWP“ va “Peng Sheng charm” korxonalari, Oqoltin tumanidagi “Agromarkaz” faoliyati, Mustaqillik mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, tumanning “Ahillik” mahallasida tashkil qilingan uzumchilik plantatsiyasi, Yangiyer shahridagi “Mebelchilik klasteri” va Xovos tumanida Turkiyaning “Cengiz Enerji” kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilgan issiqlik elektr stansiyasi bilan tanishdi.

“Peng-Sheng“ Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi 2009-yilda ish boshlagan. Umumiy qiymati 26 mln AQSH dollari boʻlgan loyihaning bugungi investitsion imkoniyati 100 mln AQSH dollariga chiqqan. Yangi ish oʻrinlari 2 mingdan oshdi. Avvaliga faqatgina keramik kafel ishlab chiqarilgan boʻlsa, endilikda santexnika mahsulotlari, qayta ishlangan va ishlov berilgan terilar, dekor panellari, tomchilatib sugʻorishda foydalaniladigan yelim quvurlar, maxsus suv oʻtkazgichlar va plyonkalar, ayollar va erkaklar poyabzallari, charm buyumlar kabi oʻndan ziyod loyihalar ishga tushirildi. Ishlab chiqarish maydoni 100 gektarga yetkazilib, mahsulotlar eksporti MDH davlatlari, Xitoy va Yevropagacha choʻzildi. Ahamiyatlisi joriy yilning aprel oyida Davlatimiz rahbari ushbu korxonaning qiymati 10 mln. AQSH dollari boʻlgan 2 ta yangi loyihasiga ham shaxsan start berdi. Ular marmar toshlaridan 40 turdagi tayyor mahsulot tayyorlash va terining chiqindiga chiqarib yuboriladigan “oqsil” qismidan jelatin ishlab chiqarishdir.

“AWP“ korxonasining ustav fondi 7,5 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Turli xildagi 2 mln donadan ortiq santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 400 kishi ish bilan taʼminlangan. Korxonaning asosiy faoliyati sanitar-texnika mahsulotlari uchun yuqori texnologiyalar asosida smestitel, yopish armaturalari(zulfin)ini ishlab chiqarib, ichki bozor talablarini toʻlaqonli qondirish va mahsulotlar eksportini taʼminlashdan iboratdir.

“Peng Sheng charm” korxonasining terini qayta ishlash va jelatin ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 4,2 mln AQSH dollariga teng. Yiliga 1500 kv. metr turli xil oʻlchamdagi tabiiy charm hamda 468 ming kg jelatin mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Xitoy hamda MDX davlatlariga eksport qilinmoqda.

“Oqoltin agro markaz“ “Sardoba universal klaster” paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan tashkil qilingan. Loyiha qiymati 5 mln AQSH dollarini tashkil qiladi. Markazda oʻsimliklarni himoya qilish, tuproq va suv tahlil laboratoriyasi, veterinariya dorixonasi, agronom maslahati, urugʻ va koʻchatlar yetkazib berish, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurish va qishloq xoʻjaligi texnikalari kabi xizmatlar koʻrsatiladi. Shuningdek, markaz qoshida agromarket doʻkoni ham faoliyat yuritib kelmoqda.

Tumanning Mustaqillik mahallasi “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini taʼminlash va ogʻir hudud toifasidan chiqarish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib, hudud qiyofasi qisqa fursatda zamonaviy koʻrinishga keltirildi. 

Bu yerdagi mavjud 16 ta koʻp qavatli uylarning barchasi rekonstruksiya qilindi. Boʻsh maydonlar koʻkalamzorlashtirildi. 1 kilometr ichki yoʻllar asfaltlanib, yangi lotoklar qurildi. Piyodalar yoʻlaklari, oʻrindiqlar, chiqindi qutilari va 50 dona yangi temir beton ustunlar, zamonaviy tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. 2 dona transformator punkti yangilandi hamda 3 kilometr havo tarmogʻi tortildi. Shuningdek, yangi qurib bitkazilgan mahalla fuqarolar yigʻini binosi, “Work out”, 5 ta bolalar maydonchasi, sunʼiy qoplamali futbol maydoni, 8 ta jamoat hojatxonasi, 6 ta tandirxona va 1 ta hammom, “Bookcafe“, xotin-qizlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻqitish markazi foydalanishga topshirildi. 76 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi. Qiyin ahvolga tushib qolgan 28 nafar fuqaroga 150 million soʻmlik turli yordamlar koʻrsatildi. 10 dan ziyod fuqaro bepul dori-darmon vositalari bilan taʼminlandi. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”dagi 25 nafar fuqaroga tikuv mashinasi, pishiriq pechlari, elektr payvandlagich, kompyuter va boshqa zarur asbob-uskunalar topshirildi. Tijorat banklari tomonidan 41 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 653 million soʻm miqdorida kreditlar ajratildi. 

Davlat rahbari joriy yil 7-apreldagi viloyatga tashrifi davomida Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot boʻyicha “ilgʻor innovatsiyalar hududi”ga aylantirish zarurligini taʼkidlagan va u borada Xitoy tajribasiga tayanish qoʻl kelishi aytilgan edi. Chunki bu davlat mazkur sohalarda katta yutuqlarga erishgan. Qolaversa, xitoylik investorlarning ham viloyatga qiziqishi katta. Shu asnoda oʻtgan davr mobaynida viloyatimiz rasmiylari va tadbirkorlardan iborat delegatsiyaning Xitoyga bir necha bor safari uyushtirildi. Oʻtkazilgan muzokaralarda koʻplab manfaatli kelishuvlarga erishildi. Ayni vaqtda esa ushbu kelishuvlar bosqichma-bosqich amalga tatbiq etilmoqda.

Bunga birgina Yangiyer shahrida tashkil qilingan loyiha qiymati 10 million AQSH dollari boʻlgan mebelsozlik klasteri yaqqol misol boʻla oladi. Avvallari faqatgina DSP doskalari ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullangan korxona vakillari Xitoyga tashrifi davomida hamkor topib, oʻz faoliyatini yanada kengaytirishga erishdi.

Endilikda bu yerda yiliga 35 milliard 465 million soʻmlik import oʻrnini bosuvchi 3 million metr kvadrat DSP va MDF, shuningdek, turli xildagi mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Uskunalar Xitoy va Turkiyadan keltirilgan. Buning uchun Xitoyning “Beijing Goods Jiangsu New Material“ kompaniyasi 4 million dollari miqdorida sarmoya kiritgan. Yaratilgan yangi ish oʻrinlari soni 100 tani tashkil etmoqda.

Kelgusida eksport hajmini 1,5 million dollarga, ish oʻrinlarini 500 taga yetkazish maqsad qilingan.

Viloyatning Xovos tumanida yana bir yirik investitsion loyiha — Turkiyaning “Cengiz Enerji“ kompaniyasi tomonidan quvvati 220 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasi qurilishi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Stansiyaga oʻrnatilgan qurilmalarning foydali ish koeffitsiyenti yuqoriligi tufayli stansiya yiliga 1,7 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 150 mln kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Tejalgan tabiiy gaz bilan qoʻshimcha 685 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.

Izohlar 0

Fikr bildirish