Qidirish

22:23 / 2023-10-25 2221 0 Jamiyat

1-yanvardan boshlab tungi vaqtda bir qator harakatalar taqiqlanadi

Adliya vazirligi tomonidan Prezident farmoniga binoan loyiha ishlab chiqildi.

world-news

Oʻzbekistonda ekologik vaziyatni yaxshilash va qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilishning samarali mexanizmlari yaratish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan Oʻzekiston Respublikasining Prezidentining “Atrof-muhitni, aholi salomatligini zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar taʼsiridan muhofaza qilish sohasini tubdan takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Respublikada zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar bilan bogʻliq murojaatlar statistikasi yuritilmasada, soʻnggi paytlarda OAVlarda aholi yashash hududlarida zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar atrof-muhitga koʻp chiqarilayotganligi, bu maishiy turmushda turli noqulayliklarni, va hatto aholi sogʻligʻiga salbiy taʼsirlarni yuzaga keltirayotganligi haqidagi fuqarolarning shikoyatlari koʻpaymoqda.Shu bilan birga, zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarga qarshi kurashish masalalarini kompleks tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas.

Amaldagi sanitariya qoidalari va meʼyorlarida ayrim shovqinlarga oid normalar belgilangan. Biroq, yorugʻlik shovqinlari va hidlar boʻyicha sanitariya qoidalari va meʼyorlari mavjud emas. Masalan, sanitariya qoidalari va meʼyorlarida elektron displeyli (led, oled, 3D) tashqi reklama obyektlarining yorugʻlik meʼyorlari belgilanmagan hamda undagi yorqin ranglarning inson sogʻligiga salbiy taʼsiri, namoyish etish davriyligi boʻyicha normativlar keltirilmagan.Davlat organlarining zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarga qarshi kurashish va ularni oldini olish sohasidagi vazifalarining aniq chegaralari belgilanmaganligi mazkur sohani tartibga solishda qiyinchilik tugʻdirmoqda.

Yuqorida nazarda tutilgan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan Loyihada quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:

a) Zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarni atrof-muhitga va aholi salomatligiga bevosita zarar yetkazuvchi zararli manbalar deb eʼtirof etish;

b) “Tungi vaqt”ni – soat 23-00 dan soat 6-00 ga qadar boʻlgan vaqt, “shovqinsiz davr”ni – ish kunlarida soat 23-00 dan soat 7-00 ga qadar hamda dam olish va bayram kunlarida soat 21-00 dan soat 8-00 qadar boʻlgan vaqt etib belgilash;

v) 2024-yil 1-yanvardan boshlab tungi vaqt va shovqinsiz davr mobaynida quyidagilarni taqiqlash:

– turar joylarda va aholi punktlarida tashqi va ichki manbalardan ruxsat etilgan shovqin darajasidan ortiq shovqinlarni hosil qilish, shuningdek ruxsat etilgan shovqin darajasiga muvofiq, lekin aholiga sezilarli notinchlik tugʻdiruvchi doimiy boʻlgan yoki doimiy boʻlmagan shovqinlarni chiqarish;

– aholi punktlarida va joylashtirish vositalarida daraxt kesuvchi, maysa va oʻtlarni oʻruvchi, avtomototransport vositalari hamda boshka jismlarni avtomatik ravishda yuvuvchi elektr va benzin dvigatellar yordamida ishlaydigan moslamalardan foydalanish;

– aholi punktlarida avtomototransport vositalari, shu jumladan, tezkor va maxsus xizmatlarning koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar yoqilgan transport vositalari tomonidan tovush chiqarish moslamalaridan foydalanish;

– aholi punktlarida ochiq osmon ostida koʻngilochar-tomosha tadbirlarini (musiqiy, konsert, sport, reklama va boshqalar) oʻtkazish;

– yakka tartibdagi uy-joy va koʻp kvartirali uylarda qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, bundan avariya holatlarini bartaraf etish hollari mustasno (elektr, gaz, issiqlik hamda ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi yoki mulkiga xavf-xatar tugʻdirishi mumkin boʻlgan boshqa favqulodda holatlar);

d) “Zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar yagona geoaxborot portali” tizimini yaratish hamda masʼul xodimlarni tizimdan foydalanish boʻyicha oʻqitish;

ye) Hidlar va yorugʻlik shovqinlari boʻyicha sanitariya normalari va qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

yo) atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish maqsadida bino va inshootlarni qurish, taʼmirlash va buzish ishlarida changning chiqishi va atrof-muhitga tarqalishini oldini olish imkonini beradigan zamonaviy suvni purkaydigan (mikroklimat) texnologiyalarini joriy etish choralarini koʻrish.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, qonunchiligimizda aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqinlar taʼsiridan himoya qilish borasida samarali huquqiy mexanizmlar yaratish kelgusida zararli shovqinlarga oid yuzaga keladigan masalalarning aniq tartibi belgilanadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish