Qidirish

23:02 / 2023-03-11 505 0 Jamiyat

“Prezident topshiriqlari yetarli darajada taʼminlanmagan” – SSV tizimida bir qator rahbarlar ishdan olindi

Bugun, 11-mart kuni Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov rahbarligida vazirlikning navbatdan tashqari Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tanqidiy ruhda kechgan majlisda tizimdagi qator yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar chuqur tahlil etilgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

world-news

Taʼkidlanganidek, mamlakatda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy yordam koʻrsatish sifatini oshirish, bu orqali fuqarolarning tibbiyot tizimidan roziligini taʼminlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Biroq shunga qaramay, tizimda yechimini kutayotgan masalalar, hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar yoʻq emas. Xususan, sohada byurokratik toʻsiqlar, afsuski, hali ham uchrab turibdi. Ayniqsa, aholini sifatli dori-darmon vositalari, tibbiy buyum va jihozlar bilan taʼminlash, tizimda ijro intizomini nazorat qilish borasida qator muammolar mavjud.

Shuningdek, sogʻliqni saqlash yoʻnalishida xalqaro investitsiyalar jalb qilinishini muvofiqlashtirish, bolalar tibbiyotida ilgʻor davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha  ishlar ham yetarli darajada tashkil qilinmayapti.

Bu esa sogʻliqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida hanuz zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar yetishmasligini koʻrsatmoqda.

Shundan kelib chiqib, berilgan topshiriq va vazifalar hamda qoʻyilgan talablarni oʻz vaqtida bajarmagani sababli “Oʻzmedimpeks” MCHJ direktori A.Nabiyev, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Sharipov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, oʻz yoʻnalishida yetarli natija koʻrsata olmagani bois vazirlikning Dori vositalari va tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi X.Ganiyeva hamda yana bir qator masʼullar ham ishdan olingani maʼlum qilindi.

Yigʻilishda vazir A.Inoyatov tibbiyot tizimidagi har bir rahbar oʻz vazifasiga vijdonan yondashishi kerakligini alohida taʼkidlab, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda soha oldida turgan dolzarb masalalarga toʻxtalib oʻtgan.

Bundan tashqari, Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan Investitsiya va grant loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajarib kelgan N.Rasulov oʻz lavozimidan ozod etilgan.

Hayʼat yigʻilishida qayd etilganidek, N.Rasulov oʻtgan davr mobaynida davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarini jihozlash ishlariga investitsiya va grant mablagʻlarini jalb etish hamda ularni oʻzlashtirish bilan bogʻliq oʻz lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmasdan kelgan.

«Bu holat esa davolash-profilaktika muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash va shu orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha Prezident topshiriqlari yetarli darajada taʼminlanmay qolishiga olib kelgan. Bundan tashqari, ushbu masʼul xodim tomonidan ichki mehnat tartibi qoidalari koʻp bor buzilish holatlari kuzatilgan, — deydi Yuridik boshqarma boshligʻi Ruslan Muhammadiyev.

Shundan kelib chiqib,  N.Rasulov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi  bekor qilingan.

Izohlar 0

Fikr bildirish