Qidirish

15:55 / 2023-02-25 888 1 Jamiyat

“Vimogat qilma!” — IIB xodimlaridan guvohnomani koʻrsatishni soʻragan fuqaro olib ketildi

Murojaatchi oʻzi qonun himoyachisi boʻla turib, qonunni mensimagan IIO xodimlariga chora koʻrilishini talab qilmoqda.

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan “Askiya” dehqon bozorida Ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati xodimlari fuqaroni nomaʼlum sabablarga koʻra, IIB binosiga olib ketishgan. Bu haqda Effect.uzʻga PPX xodimlari tomonidan qarshilikka uchragan fuqaro maʼlum qildi.

Fuqaroning aytishicha, videodagi holat yangi yil kuni, yaʼni 2022-yilning 31-dekabr kuni sodir boʻlgan. Oʻsha kuni u xonadoniga bozor qilish maqsadida 100 AQSH dollarini maydalagan. Shu vaqtda bozor hududida xizmat vazifasini oʻtayotgan PPX xodimlari uni toʻxtatib, hech qanday qonuniy asossiz Ichki ishlar binosiga taklif qilishgan.

Eng yomoni fuqaro IIO xodimlaridan xizmat guvohnomasini koʻrsatishni talab qilgan vaqtida, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari unga kuch ishlatib, majburan IIB binosiga olib ketishgan.

Ushbu voqeani fuqaro shunday eslaydi:

Askiya bozorida 100 AQSH dollarini alishtirib turgan edim, menga PPX xodimlari “biz bilan ketasiz” deyishdi, men sababini suradim, sababini Yakkasaray IIBga borib aytishlarini tushuntirishdi. Shunda men kim bilan gaplashyapganimni bilish maqsadida, IIO xodimidan xizmat guvohnomasini taqdim etishni soʻradim.

Shundan soʻng, meni IIB mashinasiga bosib olib ketishdi. IIB binosiga olib borib, haqorat qilib, hech nima “oformit” kilmasdan kuyib yuborishdi. Bunday oyogʻi yerdan uzulganlar Ichki ishlar xodimlariga chora koʻrilsa yaxshi boʻlardi”, — deydi fuqaro.

Qayd etish kerak, Ichki ishlar organlari toʻgʻrisidagi qonunning 8-moddasida

Ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida:

oʻz lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, fuqaroning talabiga koʻra xizmat guvohnomasini koʻrsatishi, shundan soʻng murojaat qilishining sababi va maqsadini maʼlum qilishi;

fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qoʻllanilgan taqdirda, bunday choralar qoʻllanilishining sababini hamda asoslarini, shuningdek fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirishi shart.

Ichki ishlar organi xodimi oʻziga fuqaro murojaat etgan taqdirda, oʻz lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, uni diqqat bilan eshitishi, oʻz vakolatlari doirasida tegishli choralar koʻrishi yoxud qoʻyilgan masalani hal etish kimning vakolatiga kirishini tushuntirishi shart.

Izohlar 0

Fikr bildirish