Qidirish

19:11 / 2023-02-25 737 0 Jamiyat

“Aslam sila” — “Magic City” oldida “fan-vstrecha” oʻtkazgan strimer olib ketildi

Barchaga mashhur strimer endilikda, sud oldida javob berishiga toʻgʻri keladi.

world-news

Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta voyaga yetmaganlar Chilonzor tumanidagi koʻchalardan birida “Aslam sila”, deb ketayotganligi aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIB axborot xizmati maʼlumot berdi.

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 24-fevral kuni taxminan soat 15.30 larda, strimer, 2004-yilda tugʻilgan, Jizzax viloyatida yashovchi Aslambek Baxromov Chilonzor tumanidagi “Magic City” koʻngilochar maskani yaqinidagi avtoturargoh oldida fan klub aʼzolarini chaqirib, ular bilan uchrashuv oʻtkazmoqchi boʻlgan va ularga sovgʻalar tarqatitilishini eʼlon qilgan.

Uchrashuvga taxminan 130-140 nafarga yaqin voyaga yetmagan bolalar yigʻilgan va jamoat tartibini buzib shovqin-suron koʻtargan.

Shu hududda xizmat olib boruvchi Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari tartibsizlikni oldini olish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida A.Baxromovni ichki ishlar boʻlimiga olib ketgan.

Xodimlar A.Baxromovni olib ketayotgan vaqtida bir nechta voyaga yetmaganlar uning ketidan avtomashinagacha kuzatib borishgan. Soʻng uchrashuvga yigʻilganlarning barchasi tarqalgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan A.Baxromovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 201-moddasi (“Yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, oʻtkazish tartibini buzish”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqish uchun tuman sudiga taqdim etiladi.

Hurmatli fuqarolar! Har qanday ommaviy tadbirlarni oʻtkazayotganda, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish qoidalariga qatʼiy rioya qilishingizni soʻraymiz!”, — deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Fikr bildirish