So`ngi yangiliklar
Tarix va tabiat uygʻunlashgan shahar: Egey mintaqasining sirli xazinasi Didim haqida
Qoraqalpogʻistonda bir oilaning 3 nafar aʼzosi koʻlda choʻkib ketdi
Buxorocha "davleniya": Sudning mustaqilligi qayerda qoldi?
Ҳафта бошида баъзи жойларда чанг-тўзонлар кузатилади
Namanganda yuk mashinasi savdo doʻkoniga borib urildi
“Salimboyvachcha” Toshkentda koʻrinish berdi
Oʻzbekistonda tugʻilish kamayib, oʻlim holati koʻpaymoqda
Turkiyada oʻrmon yongʻinlari avj olmoqda
SamDUda Yaponiyaning “Tottori” universiteti vakolatxonasi ochiladi
Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov Yaponiyaning Tottori universiteti prezidenti, professor Hiromitsu Nakajima bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish yuzasidan uzoq muddatli strategik hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Marosimda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov ishtirok etgan. Bu haqda SamDU matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, yaponiyalik hamkorlarning eʼtirofiga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar tahsinga sazovor. Bu borada Yaponiya Tottori universiteti olimlari SamDUni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
“Bu borada dastlabki qadam tashlandi. Samarqand davlat universitetida Tottori universitetining vakolatxonasi ochiladi”, deyiladi universitet xabarida.
Taʼkidlanishicha, ushbu vakolatxonaning asosiy faoliyati Tottori universiteti olimlari tomonidan qurgʻoqchil hududlarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan yangi innovatsion ishlanmalar va bilimlarni Oʻzbekistonga transfer qilish, sinovdan oʻtkazish hamda amaliyotga keng joriy qilishga qaratiladi.
Tottori universitetining SamDUdagi vakolatxonasi Oʻzbekistonning 50 foizdan ortiq qismini egallagan qurgʻoqchil yaylov maydonlaridan samarali foydalanish, ushbu hududlarda chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va shu orqali aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladigan ishlanmalarni joriy qiladi.
Ushbu vakolatxona oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda Tottori universiteti tarkibidagi Qurgʻoqchil mintaqalarni tadqiq qilish xalqaro markazi (Arid Land Research Center) va uning yetakchi olimlari bevosita ishtirok etadi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur xalqaro markaz qurgʻoqchil mintaqalardan ilmiy asoslangan holda samarali foydalanish, xususan shoʻrlangan va suv taqchil hududlarda dehqonchilikni rivojlantirish boʻyicha dunyo darajasida eʼtirof etilgan Yaponiyadagi yagona markaz hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur vakolatxona nafaqat agrar yoʻnalishda, balki muhandislik, axborot texnologiyalari sohalarida ham oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish va bu boradagi yangi bilimlarni mamlakatimizga transfer qilishni rejalashtirmoqda.
Samarqand davlat universitetida tashkil etiladigan mazkur nufuzli vakolatxona nafaqat Tottori va Samarqand davlat universitetlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantiradi, balki Yaponiyaning boshqa nufuzli universitetlari bilan ham oʻzaro aloqa oʻrnatish imkoniyatini beradi.



