So`ngi yangiliklar
Qonun kuchi yetmayotgan — “Qonunsizlar”!
Lavrov Samarqanddagi “Motamsaro ona” haykalida rus tilidagi yozuv yo‘qligiga e’tibor qaratdi
Aya Sofiyaning ramziy gumbazi asrlarga bardosh berish uchun qayta tiklanmoqda
UzAuto Motors sotiladi
Oltinning narxi tarixiy rekord darajaga oshdi
Markaziy Osiyolik migrantlar Rossiya oʻrniga Xitoy, Koreya va Yevropani tanlamoqda. Sababi nimada?
Putin Ukraina bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarni taklif qildi: Kiyev qanday javob qaytaradi?
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti endilikda O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb nomlanadi
5 yulduzli mehmonxonalar, eko-qishloq va muhtasham “Boqiy shahar” — “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasi haqida nimalarni bilasiz?
Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan taqdim qilingan maqolada “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasi haqida batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

“Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasi Markaziy Osiyodagi eng yirik sayyohlik majmuasi bo‘lib, biznes, madaniy, tibbiy va gastronomik turizm obyektlarini birlashtiradi.
Bu keng ko‘lamli loyiha Yangi Samarqand va mintaqadagi yangi sayyohlik imkoniyatlarining ramzi hisoblanadi hamda butun Markaziy Osiyoda zamonaviy diqqatga sazovor joyga aylanish uchun mo‘ljallangan.
Ta’kidlash kerakki, “Silk Road Samarkand” 8 ta mehmonxona, kongress markazi, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i, gashtak (baliq ovlash uchun sun’iy ko‘l), favvorali markaziy maydon va “Eco Village” eko-qishlog‘ini o‘z ichiga olgan. Majmuadagi kongress markazi MDHdagi eng yirik xalqaro kongress markazidir.
Qayd etish joizki, “Silk Road Samarkand”ning muhim hamkorlaridan biri – Xitoyning “Minyoun Hospitality” mehmonxonalar tarmog‘i Markaziy Osiyodagi ilk mehmonxonalarini aynan Samarqandda ochdi. Ulardan biri Ipak yo‘lining O‘zbekiston va Xitoy uchun ahamiyatini ramziy aks ettiruvchi “Silk Road by Minyoun”dir. Bu yerda xitoy taomlari tayyorlanadigan restoranlar, mehmonlarni Xitoyning boy madaniyati bilan tanishtiruvchi tadbirlar ham tashkil etiladi.
“Samarkand Regency Amir Temur” va “Silk Road by Minyoun” mehmonxonalari esa Samarqanddagi birinchi besh yulduzli mehmonxonalardir.
“Samarkand Regency Amir Temur” Samarqand shahrining asoschisi, buyuk sarkarda Amir Temur davridan ilhomlangan betakror dizayndagi besh yulduzli mehmonxona hisoblanadi. U Markaziy Osiyodagi nufuzli LHW (The Leading Hotels of the World – dunyoning yetakchi mehmonxonalari) assotsiatsiyasiga a'zo bo'lgan yagona mehmonxona bo‘lib, xonalarning umumiy soni 232 tani tashkil qiladi.
“Silk Road by Minyoun” — Buyuk Ipak yo‘li — Sharqdan G‘arbga 18 asr davomida mavjud bo'lgan karvon yo‘li tarixiga bag‘ishlangan besh yulduzli mehmonxona. Xonalarning umumiy soni 241 ta.
“Savitskiy Plaza” mehmonxonasi esa san’at arbobi, avangard san’ati kolleksioneri Igor Savitskiy nomi bilan atalgan. Mehmonxona jami 175 ta xonaga ega.
“Lia by Minyoun Stars of Ulug'bek” mehmonxonasi yangi avlod mehmonxonalari sirasiga kiradi va 170 ta xonani jamlagan.
Shuningdek, “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida “Wellness Park Hotel Afrosiyob” (91 ta xona), “Wellness Park Hotel Sogd” (92 ta xona), “Wellness Park Hotel Bactria” (92 ta xona) va “Wellness Park Hotel Turon” (83 ta xona) kabi butik-mehmonxonalar ham bor. Ushbu mehmonxonalarda bir vaqtning o‘zida 3000 nafarga yaqin mehmonni joylashtirish mumkin.
Bundan tashqari, “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida noyob yashil bog‘ qurilib, u yerda Oʻzbekiston uchun kam uchraydigan daraxt va buta turlari toʻplangan.
“Boqiy shahar” majmuasi o‘z bag‘riga 100 dan ortiq xalq hunarmandchiligi va amaliy sanʼati ustalarini mahalliy aholi sifatida “sig‘dira oladi”. Shahar ko‘chalari doimo hayot bilan to‘lib-toshgan – bu yerda matolar, suvenirlar, sharqona shirinliklar va an’anaviy taomlar savdosi avjida. Qolaversa, siz musiqachilar, oshiq o‘yini yoki shaxmat o‘ynayotgan bolalar, tarixiy miniatyuralarni chizuvchi rassomlar, raqqosalar, shoirlar, olimlar, zodagonlar va ruhoniylar vakillarini, hukmdorlar va ularning saroylarini, boshqa mamlakatlardan kelgan elchilarni, xalq dostonlari qahramonlarini, adabiy qahramonlarni uchratishingiz mumkin. Bozor maydonlarida aktyorlar, polvonlar, arqonchilar, faqirlar, sehrgarlar, akrobatlar ishtirokida spektakllar o‘tkaziladi.
“Boqiy shahar”ning asosiy aholisi o‘z ustaxonalarida mehnat qilib, shahar mehmonlari bilan suhbatlashishdan, choy berib mehmondo‘stlik ko‘rsatishdan, o‘z hunarining o‘ziga xos xususiyatlari haqida suhbatlashishdan doimo xursand bo‘ladigan hunarmandlardir. Hunarmandlarning liboslari oddiy va ish uchun qulay, lekin ularning ixtisosligi va mintaqaviy mansubligi aks ettirilgan. ular o‘zbek kulolchiligining eng boy xazinasi, quvg‘in, ipak, organik yog‘ va giyohlar, milliy liboslar, suvenirlar, so‘zana va gilamlarni namoyish etishadi.
Kongress markaziga kelsak, u kongresslar, forumlar, konferensiyalar, simpoziumlar, ko'rgazmalar, taqdimotlar, namoyishlar va banketlar uchun mo'ljallangan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Kongress markazining maydoni 18 000 m2 ni tashkil qiladi.
“Eco Village” eko-qishlog‘i esa xususiy turar joy uchun 14 ta villadan iborat. E’tiborli tomoni, uylar butunlay yog'ochdan qurilgan.
“Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasi mahalliy va xalqaro sayyohlar oqimini kengaytirishi shubhasiz.



