Qidirish

16:58 / 2023-01-13 473 0 Jamiyat

Qashqadaryodagi Bashir qishlogʻi turizm maskaniga aylantirilmoqda. “Hazrati Bashir” ziyoratgohi aynan shu qishloqda joylashgan – Madaniyat va turizm vazirligi

Madaniyat va turizm vazirligi Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi “Bashir” qishlogʻi turizm qishlogʻiga aylantirilayotgani haqida maʼlumot berdi.

world-news

Taʼkidlanishicha, “Hazrati Bashir” ziyoratgohi aynan shu qishloqda joylashgan. Ziyoratgoh nomi shu joyda yashab oʻtgan avliyo Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir (1368-1464) nomi bilan bogʻliq.

Qayd etish lozim, 2022-yilda “Hazrati Bashir” ziyoratgohiga 400 000 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy turist tashrif buyurgan. Ushbu maskan nafaqat betakror tabiati, balki oʻziga xos tarixi bilan ham eʼtibor jalb qilib keladi.

Turli manbalarga koʻra, Hazrati Sulton Said Ahmad Bashirning otasi Xoʻja Hasan - 90 yoshda, onalari Bibi Malohat 80 yoshda boʻlishlariga qaramay, ularning farzandi boʻlmagan. Kunlarning birida shu tarafga yoʻli tushgan Amir Temurning piri Said Barakaning ukasi Said Neʼmatulloh ularning haqiga duo qiladi. Koʻp oʻtmay duo ijobat boʻlib, Hazrati Bashir dunyoga keladi. Biroq keksayib qolgan onadan sut kelmaydi.

Chaqaloqni atrofdagilar “Beshir” (sutsiz) deb atay boshlashadi. Allohning moʻjizasi bilan ularning hovlisidagi katta chinor ostida chashma paydo boʻlib, undan bola emizikli yoshdan oʻtguncha sut oqadi. Bu chashma hanuzgacha saratonda ham muzdek, tip-tiniq suvi va shifobaxshligi bilan mashhur. Taʼkidlash kerakki, ziyoratgohga kelayotgan aksariyat turistlar, albatta, bu suvdan ichib, oʻzlari bilan ham olib ketishadi.

Hazrati Bashir qishloqdagi Niyoztepada dafn etilgan. El orasida “Hazrati Bashir qabri oldidagi archa daraxti u kishining hassasi boʻlgan”, degan rivoyat yuradi. Aytishlaricha, Hazrati Bashir ota hassasini uloqtirib, “Qayerga borib tushsa, oʻsha joy mening qabrim boʻladi”, degan ekanlar. Hassa yoʻgʻon tomoni bilan yerga qadalib qoladi. Shuning uchun boshqa daraxtlardan farqli ravishda uning past tomoni ingichka, yuqori tomoni yoʻgʻondir. Bu tilsimot ham, albatta, turistlarni befarq qoldirmaydi.

“Hazrati Bashir” qishlogʻi Qashqadaryo daryosi boʻyida joylashgan. Baland-baland chinorlar qishloqqa koʻrk berib turadi. Hudud togʻ bilan ham tutashib ketgan. Shuning uchun bu yerda yoz oylari yurtimizning turli viloyatlari va xorijiy mamlakatlardan sayohatchilar kelishadi. Ular Hazrati Bashir otani ziyorat qilish bilan birga daryo boʻyida dam olishadi. Qishloqda ziyorat turizmi, ekoturizm va agroturizm rivojlangan.

Taʼkidlash joizki, joriy yilda qishloqqa tashrif buyuradigan sayyohlar sonini 700 mingga yetkazish va qishloqni turizm qishlogʻiga aylantirish uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirda qishloqda 20 dan ziyod oilaviy mehmon uyi faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun hududda koʻproq qolish hamda mahalliy xalq turmush arzi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Soʻlim tabiat, musaffo togʻ havosi, shifobaxsh chashma, mehmondoʻst qishloq odamlari, ekologik toza mevalar, xushxoʻr taomlar va qalblarga sokinlik bagʻishlovchi ziyoratgoh sayyohlarni oʻziga jalb qilishi shubhasiz.

Maʼlumot uchun, Qashqadaryodagi “Varganza” qishlogʻi viloyatdagi birinchi agroturizm qishlogʻi hisoblanadi. Bu yerda 2019-yilda birinchi marta “Anor” xalqaro agroturizm festivali boʻlib oʻtgan va qishloqqa “agroturizm qishlogʻi” maqomi berilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish