Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko'ra, yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, YPX xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari qonuniylik, odillik, tenglik, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish prinsiplariga asoslanadi.
YPX xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga koʻra toʻxtatilishi mumkin:
haydovchi tomonidan yoʻl harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda;
transport vositasi qidiruvda ekanligi, haydovchi yoki yoʻlovchilarning yoʻl transport hodisasi va boshqa huquqbuzarlikka aloqador ekanligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
yoʻl transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganini koʻrgan haydovchi yoki yoʻlovchilardan hodisa tafsilotiga oydinlik kiritish zaruriyati yuzaga kelganda;
vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning harakatni cheklash yoki taqiqlash boʻyicha koʻrsatmalarini bajarish jarayonida;
yoʻl harakati qatnashchilari yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xodimlariga yordam koʻrsatish zaruriyati yuzaga kelganda;
transport vositasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish zaruriyati yuzaga kelganda (chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan transport vositalari hamda maxsus moʻljallangan transport vositalari bundan mustasno);
maxsus tadbirlarni oʻtkazish jarayonida;
foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, shuningdek transport vositasi va olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zaruriyati yuzaga kelganda (maxsus va harbiy yuklar, bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilib, bojxona xizmat tomonidan plombalangan yuklar bundan mustasno).
YPX xodimlari tomonidan boshqa asoslarga koʻra transport vositalari toʻxtatilishi taqiqlanadi.
YPX xodimlarining ishoralari yoʻl harakati qatnashchilariga tushunarli boʻlishi va oʻz vaqtida berilishi lozim.
YPX xodimlari tomonidan haydovchi transport vositalari hujjatlarni tekshirish uchun toʻxtatilganda, faqat hujjatlarni tekshirish jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chora koʻriladi.
Transport vositasi haydovchisi tomonidan Qoidalarning buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda, YPX xodimi haydovchiga dastlab aynan sodir etgan qoidabuzarligini tushuntirib, shundan soʻng hujjatlarni tekshirib, tegishli choralarni koʻradi.
Haydovchi toʻxtatilganida MADX – ADXdan YPX xodimi aynan u toʻxtatilgan hududda dislokatsiyaga asosan xizmat oʻtayotganligi haqida maʼlumot olishi mumkin. YPX xodimi haydovchining talabiga koʻra, MADX – ADXning telefon raqami haqida maʼlumot beradi. Bunda YPX xodimining xizmatni oʻtash vaqtidagi toʻliq dislokatsiyasi haqida batafsil maʼlumot berilmaydi.
YPX xodimining dislokatsiyasi ushbu xodim xizmat olib borayotgan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (keyingi oʻrinlarda DYHXX deb ataladi) saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻida saqlanadi va zarur hollarda haydovchining talabiga binoan tanishib chiqish uchun koʻrsatilishi mumkin. Dislokatsiyadan nusxa berilmaydi.
YPX xodimlari tomonidan maxsus tadbirlarni oʻtkazish jarayonida transport vositalari toʻxtatilganda, yoʻl harakati qatnashchisiga maxsus tadbirning aynan nima maqsadda oʻtkazilayotganligi hamda toʻxtatish sababi haqida tushuntirish beriladi.
Maxsus tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar vaziri, Ichki ishlar vazirligi yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari, hududiy DYHXX rahbarlari tomonidan tasdiqlangan yoki oʻzaro kelishilgan reja asosida oʻtkazilishi mumkin.
Yoʻl-harakati qatnashchisi maxsus tadbirlarni haqiqatda tasdiqlangan reja asosida oʻtkazilayotganligi haqida MADX – ADX telefon qilish yoki ushbu xodim xizmat olib borayotgan DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻiga murojaat qilish orqali maʼlumot olishi mumkin.
Yoʻl harakati qatnashchilariga maxsus tadbirlarning oʻtkazilish maqsadi, transport vositasini toʻxtatgan YPX xodimi maxsus tadbirda ishtirok etgan yoki etmaganligi, transport vositasi toʻxtatilgan hududda maxsus tadbir oʻtkazilganligi haqida maʼlumot beriladi. Maxsus tadbirning shartli nomlanishi, toʻliq mohiyati hamda koʻlami haqida maʼlumot, shuningdek maxsus tadbirning oʻtkazilishiga asos boʻlgan hujjatlardan koʻrsatilmaydi, ulardan nusxalar berilmaydi.
Yoʻl harakati qatnashchisi uni toʻxtatgan YPX xodim xizmat olib borayotgan DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻiga murojaat qilganda, murojaat muallifiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda asoslantirilgan javob xati beriladi.
YPX xodimlari oʻz xizmat vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan holatlarda transport vositasini toʻxtatish hamda uni boshqarish va undan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarni, transport vositasiga, shuningdek tashilayotgan yuklarga oid hujjatlarni tekshirish;
haydovchi yoki yukni kuzatib borayotgan shaxs bilan birgalikda transport vositasini va yuklarni tashqi koʻzdan kechirish;
yoʻl harakati qatnashchilarining hujjatlarini tekshirish maqsadida elektron maʼlumotlar bazasidan foydalanish;
yoʻl transport hodisasi va boshqa huquqbuzarlikning sodir etilganligini guvohi boʻlgan yoʻl harakati qatnashchilarini aniqlash;
tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish (chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan transport vositalari hamda maxsus moʻljallangan transport vositalari bundan mustasno);
transport vositasining dvigatel agregat va qismlari raqamlarini roʻyxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan haydovchining bevosita ishtirokida solishtirish (haydovchining ishtirokini taʼminlash imkoni boʻlmagan holatlar bundan mustasno);

transport vositasini taʼqib qilish;
transport vositasini kuzatish;
jinoyat sodir etganligi uchun qidiruvda boʻlgan shaxslarni ushlash;
jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni, boʻlgan, transport vositasida huquqbuzarlik sodir etilib, hodisa joyidan yashiringan, qonuniy talabga boʻysunmagan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (keyingi oʻrinlarda MJtK deb ataladi) 291-moddasi birinchi qismi “a” bandiga koʻra, transport vositalarining haydovchilari ushbu Kodeks 125-moddasining uchinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida, 125-1-moddasining ikkinchi qismida, 126-moddasida, 127-moddasining ikkinchi qismida, 128-6-moddasida (agar transport vositasining haydovchisi boʻlmasa va toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa), 131, 135, 135-1-moddalarida, 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 137, 176-3-moddalarida, 194-moddasida (militsiya xodimining transport vositasini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qonuniy talabini bajarmaslik qismida) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganda, shuningdek qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda transport vositalarini ushlash;
alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast holda (keyingi oʻrinlarda ¬ mast holda deb ataladi) boʻlgan, transport vositasini boshqarish uchun tegishli hujjatlari boʻlmagan, ruhiy holati yoki sogʻligʻi transport vositasini boshqarishga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan, nosoz transport vositasini boshqarayotgan shaxslarni, shuningdek MJtKning 291-moddasi birinchi qismi birinchi bandida nazarda tutilgan holatlarda transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini olib qoʻyish, transport vositalarini saqlab turiladigan joyiga qoʻyish uchun olib borish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va oʻqotar qurolni qoʻllash.
YPX xodimlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Quyidagi holatlarda YPX xodimi haydovchi yoki yoʻlovchilardan transport vositasining kabinasidan chiqishini talab qilishga haqli:
transport vositasining texnik nosozligi va yuk tashish qoidasi buzilganligini bartaraf etish maqsadida;
haydovchi transport vositasini mast holda boshqarayotgan deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud boʻlganda;
transport vositasining dvigatel agregat va qismlari raqamlarini roʻyxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan haydovchining bevosita ishtirokida solishtirish maqsadida;
transport vositasi yoki unda olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zaruriyati yuzaga kelganda;
haydovchi yoki yoʻlovchi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganda yoki uni transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish zaruriyati yuzaga kelganda;
haydovchining transport vositasi kabinasida boʻlishi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga tahdid solishi mumkin boʻlgan hollarda (haydovchining ruhiy holatiga, yoshiga, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida, transport vositasini boshqara olishiga shubha boʻlganda va b.).
Jismoniy nuqsoni sababli haydovchining transport vositasi kabinasidan chiqish imkoniyati cheklangan holatlar bundan mustasno.
YPX xodimlari oʻz xizmat vazifalarini bajarishda quyidagilarga majbur:
xizmat vazifalarini faqat mobil kameralardan foydalangan holda olib borish;
vizual kuzatuv hamda maxsus moslamalardan foydalangan holda qoidalar buzilganligini aniqlash;
yoʻl harakati qatnashchisini toʻxtatganidan keyin uning oldiga borishi, oʻzini tanishtirishi, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida maʼlumot berishi, uning talabiga koʻra koʻkrak nishon belgisini maʼlum qilishi va xizmat guvohnomasini ochiq holda (bunda YPX xodimi tomonidan xizmat guvohnomasini yoʻl qatnashchisi ixtiyoriga berish taqiqlanadi) koʻrsatishi;
yoʻl harakati qatnashchilariga mobil kameradan foydalanayotganligini maʼlum qilishi va kelgusida noqonuniy harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirishi;
har qanday vaziyatda yoʻl harakati qatnashchilari bilan vazmin, xushmuomala, odobli va eʼtiborli boʻlishi, ularga hurmat bilan hamda “Siz” deb murojaat qilishi, yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilishi;

yoʻl harakati qatnashchilariga ularni toʻxtatish sababini, sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan aniq, loʻnda tushuntirishlar berishi;
shaxsni mast holda deb hisoblashga asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, uning transport vositasini boshqarishdan chetlatilishini hamda mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilishini taʼminlashi;
zarur hollarda, yoʻl harakati qatnashchilarining harakatini cheklashi yoki taqiqlashi;
Qoidalarni buzgan shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish chogʻida unga huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vaqtida tegishli choralarni koʻrishi;
huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sodir etilishining sabab va shart-sharoitlari aniqlashi hamda ularni bartaraf etish choralarini koʻrishi;
yoʻl transport hodisasi sodir boʻlgan joy holatini oʻzgartirish, dalillarni yoʻqotish yoki yoʻq qilinishining oldini olish maqsadida hodisa joyini oʻrab olish choralarini koʻrishi;
huquqbuzarlikdan yoki baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga, hayoti (sogʻligʻi) xavf ostida qolgan shaxslarga, tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan yoʻl harakati qatnashchilariga hamda yoʻl transport hodisasi oqibatida shikastlangan transport vositalarini belgilangan joyga olib borishda fuqarolarga yordam koʻrsatishi;
oʻziga xizmat yuzasidan biriktirilgan transport vositasi, koʻkrak nishon belgisi, aloqa vositasi va maxsus moslamalarni yaroqli holatda saqlashi, maxsus moslamalardan maqsadli va faqat xizmat yuzasidan foydalanishi;
ruxsat etilmagan, sertifikatiga ega boʻlmagan, sertifikatining amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud boʻlmagan maxsus moslamalardan foydalanmasligi;
belgilangan harakat tezligini oshirib Qoidalarni buzgan haydovchini maxsus moslamaning koʻrsatkichlari bilan tanishtirish, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (yoki uning nusxasi)ni koʻrsatishi;
jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qoʻllanganligi natijasida jismoniy shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga, shuningdek ularning, shu jumladan yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek oʻqotar qurolni qoʻllanilgan barcha hollar toʻgʻrisida oʻzining bevosita boshligʻi hamda nazorat qiluvchi prokurorga darhol xabar berishi;
yoʻl harakati qatnashchilariga yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) yoki sudga shikoyat qilish huquqini tushuntirishi shart.
YPX xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
YPX xodimi tomonidan yoʻl harakati qatnashchisini asossiz hamda uzrli sabablarsiz toʻxtatib turishi taqiqlanadi.
YPX xodimi yoʻl harakati qatnashchisini toʻxtatganda yoki u tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlikni rasmiylashtirish jarayonida holatga dahldor boʻlmagan hamda qonun hujjatlarida belgilangan vakolatga ega boʻlmagan shaxslarga tushuntirish berishga majbur emas.
Yoʻl harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan oʻzaro munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:
YPX xodimi tomonidan toʻxtatish sababini, Qoidalarning qaysi bandini (bandlarini) buzganligi toʻgʻrisida tushuntirish berishni talab qilish;
transport vositasini toʻxtatgan YPX xodimidan oʻzini tanishtirishi va xizmat guvohnomasini koʻrsatishini hamda koʻkrak nishon belgisini maʼlum qilishini talab qilish;
xizmatni mobil kamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik;
YPX xodimi bilan oʻzaro munosabatini oʻziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (YPX xodimi tomonidan qonun hujjatlarida alohida tartib belgilangan hudud va obyektlar yaqinida xizmat olib borish holatlari bundan mustasno).
mazkur Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, transport vositasi kabinasidan tushmasdan, YPX xodimiga hujjatlarni taqdim qilish;
sodir etgan qoidabuzarligi qayd etilgan maxsus moslama natijalari bilan tanishish;
huquqbuzarlik holatini aniqlashda foydalanilgan maxsus vositalarning sertifikatlari (yoki ularning nusxasi)ni koʻrsatilishini talab qilish;
huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirishlar berish;
uzrli sabablarsiz toʻxtatib turilmasligini talab qilish;
YPX xodimlari tomonidan transport vositasini yoki undagi yukni tashqi koʻzdan kechirish jarayonida ishtirok etish;
maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgandan soʻng, oʻzi toʻxtatilgan hududda YPX xodimining xizmat olib borishi mumkinligi (dislokatsiyasi) yoki maxsus tadbirlarni oʻtkazilayotganligi haqida markaziy axborot dispetcherlik xizmati (keyingi oʻrinlarda MADX deb ataladi) – axborot dispetcherlik xizmati (keyingi oʻrinlarda ¬ ADX deb ataladi)dan qisqa maʼlumot olish;
maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilganidan soʻng, YPX xodimining dislokatsiyasi saqlanayotgan saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻidan dislokatsiyani koʻrsatishini talab qilish;
oʻziga nisbatan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan oʻz hisobidan nusxa olish;
YPX xodimining harakatlari yoki harakatsizligi, huquqbuzarlik boʻyicha rasmiylashtirilgan bayonnoma hamda chiqarilgan qaror ustidan yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs)ga yoki sudga shikoyat qilish;
Yoʻl harakati qatnashchilari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Yoʻl harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan oʻzaro munosabatlarda quyidagilarga majbur:
YPX xodimining qonuniy talablariga boʻysunishi va ularni bajarish;
transport vositasini boshqarishda belgilangan hujjatlarni (transport vositasini qayd etish guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi va ogohlantirish talonini, sugʻurta polisi, yuk hujjatlari), shaxsini tasdiqlovchi (haydovchi transport vositasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan hollarda)hujjatlarni YPX xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etish;
oʻzi guvohi boʻlgan hodisa haqida YPX xodimiga haqqoniy maʼlumotni bayon qilish;
YPX xodimiga sovgʻa, moddiy qimmatliklar taklif qilmasligi yoki boshqa shaklda manfaatdor etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirmasligi;
mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda xizmat guvohnomasini koʻrsatmaslik (qonun hujjatlarida sodir etgan qoidabuzarligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirishning alohida tartibi belgilangan shaxslar bundan mustasno);
yoʻl harakatining boshqa qatnashchisi hamda YPX xodimi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatga xalaqit bermasligi shart.
Yoʻl harakati qatnashchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.




