5 milliard soʻmlik investitsiya kiritgan fermer ishi bugun sud jarayonida. Nima sababdan ilgari namuna sifatida eʻtirof etilgan xoʻjalik muammoga duch keldi?
Qoʻshkoʻpir tumanida faoliyat yurituvchi fermer xoʻjaligi hokimlik tomonidan kiritilgan daʻvo asosida sud majlisiga chaqirildi. Asosiy bahs — Agrobankdan olingan 301 million soʻm kredit qarzdorligi va 102 kvadrat metr yerda mavjud qurilma masalasi. Sud jarayoni 3-aprelga belgilangan.
Ayni ekin mavsumida fermer dalada emas, sud zalida. Qoʻshkoʻpir tumanidagi fermer xoʻjaligiga nisbatan hokimlik tomonidan kiritilgan daʻvo arizasi yuzasidan Urganch tumanlararo sudida navbatdagi majlis boʻlib oʻtdi.
Sud jarayonida daʻvo arizasida keltirilgan vajlar muhokama qilindi va ularga qarshi dalillar taqdim etildi. Avval namuna sifatida baholangan xoʻjalikka imtiyozli paxta terish uskunalari ajratilgan, qariyb 5 milliard soʻmlik investitsiya kiritilgan va texnika yangilangan. Shu bois, vaziyatning keskin oʻzgarishi diqqatga sazovor.
Asosiy bahsli masalalardan biri — fermer xoʻjaligining Agrobankdan olgan 301 million soʻm kredit qarzdorligi. Oddiy sharoitda bank bevosita sudga murojaat qilishi mumkin boʻlgan boʻlsa-da, hozirda hokimlik arizasi bilan sud jarayoni davom etmoqda. Bu esa bank va hokimlik oʻrtasidagi aloqadorlik boʻyicha savollarni keltirib chiqarmoqda.
Yana bir masala — Kadastr agentligi maʻlumotiga koʻra, xoʻjalik hududida 102 kvadrat metr yerda noqonuniy qurilma mavjud. Qurilma 2010-yilgacha mavjud boʻlgan molxona devorining bir qismi boʻlib, kadastr hujjatlaridagi chegaradan chiqib ketgan. Shu kungacha bu masalaga chora koʻrilmagani savollarni oshirmoqda.
Sudda hokimlik vakili tomonidan keltirilgan qoʻshimcha vajlardan yana biri — fermer xoʻjaligiga tutash hududda sodir boʻlgan yongʻin va daraxtlarga zarar yetgan. Biroq ekologik nazorat va bunday holatlar boʻyicha choralar tegishli mutasaddi organlarga tegishli.
Umuman olganda, keltirilgan vajlar fermerga qarshi boʻlib aynan shunday sabablar yer ijarasini bekor qilishga asos sifatida koʻrsatilmoqda. Shu bilan birga, ayrim vajlar hokimlik vakolatiga bevosita taalluqli emas.
Navbatdagi sud majlisi 3-aprelga belgilangan. Qoʻshkoʻpir tumanidagi boshqa fermerlar va tadbirkorlar ham bu holatni diqqat bilan kuzatmoqda.



