Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.

Yig‘ilishda davlat rahbarining 3 va 9-sentabrdagi videoselektor yig‘ilishlarida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida viloyatda “Favqulodda rejim” joriy etilgani qayd etildi.
Ayni paytda viloyatdagi 717 ming xonadonning 584 mingi — 81 foizi xatlovdan o‘tkazilgan. Unda oilalarning daromad manbalari, bandlik holati va mavjud imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 92 ta mahallaga viloyat darajasidagi rahbarlar biriktirilgan. Hozirgacha 71 ta mahallada, ya’ni 77 foizida amaliy ishlar boshlangan. Biroq 21 ta mahallada belgilangan vazifalar ijrosi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.

Mas’ullarga har bir xonadon bilan individual ishlash, aholini doimiy daromad manbalariga ega qilish va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq natijaga yo‘naltirilgan choralarni kuchaytirish topshirildi.

Yig‘ilishda yoshlar bandligi masalasi ham ko‘rib chiqildi. Joriy yilda ta’lim muassasalarini tamomlagan 77 372 nafar bitiruvchining 72,5 ming nafari bandligi ta’minlangan. Biroq 4,8 ming nafar yoshning bandlik masalasi hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Mas’ullarga ushbu yoshlarning har biri bilan individual ishlash, ularni bilim va kasbiga mos ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik hamda kasb-hunarga jalb etish bo‘yicha manzilli choralarni kuchaytirish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda asosiy mezon bajarilgan ishlar soni emas, ularning aholi hayotidagi aniq natijasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifa va muddatlar belgilandi. Topshiriqlar ijrosi nazoratga olindi.




