«Sen meni aldab, pulimni olding. Sen firibgarsan, sen qaroqçisan!» IMARAT DEVELOPMENTʼdan uy olgan Dilafruz Törayeva kompaniya va uning rahbariyati bilan boğliq vaziyat yuzasidan Marat Xayrullayeviçga keskin murojaat bilan çiqdi.
Törayeva videomurojaatida kompaniyaga işonib mablağ tölaganini, ammo bugunga kelib öz puli va uy-joy masalasida jiddiy muammoga duç kelganini aytgan.
U murojaati davomida Marat Xayrullayeviçni keskin tanqid qilib, uni öz mablağlarini qaytariş masalasiga oydinlik kiritişga çaqirgan.
«Men özimning pulimni sörayapman», — deydi Törayeva.
Murojaatçining aytişiça, kompaniya bilan boğliq vaziyat uning oilasiga ham taʼsir qilgan. U uy-joy oliş umidida mablağ tölagani sabab oilasida ham tuşunmovçiliklar yuzaga kelganini bildirdi.
«Qiyomatda ikki qölim yoqangda böladi, Marat! Menga nima tuhmat qilgan bölsang... Men qarğişdan qörqadigan ayol edim, lekin qarğayman. Allohga soldim», — dedi u murojaatida.
Törayeva şuningdek, kompaniya atrofida tarqatilayotgan videolar va materiallarga ham munosabat bildirgan.
Uning taʼkidlaşiça, ayrim materiallarda sunʼiy intellektdan foydalanilib, odamlarning his-tuyğulariga taʼsir ötkazişga uriniş bölayotgan bölişi mumkin.
Murojaatçi, ayniqsa, bolalarning kompaniya bilan boğliq videolar va çiqişlarda tilga olinişiga keskin eʼtiroz bildirgan.
«Bolalarda nima ayb? Bolalarni nimaga aralaştirib, sodda xalqimizning rahmdilligini uyğotmoqçisan?»
Törayeva özini haqorat qilayotgan yoki unga turli şaxslar orqali bosim ötkazilayotganini ham aytgan. U ismi-familiyasi va telefon raqamlari oçiq ekanini taʼkidlab, istagan odam bilan yuzma-yuz gaplaşişga tayyorligini bildirdi.
Murojaatning yana bir eʼtiborli qismida u kompaniya bilan boğliq vaziyat oilaviy munosabatlarga ham salbiy taʼsir qilganini aytdi.
«Erimdan ruxsatsiz borib, pullarimizni topşirib kelganimiz uçun bizning oilamiz oldida tilimiz qisildi. Oilamizda tinçlik buzildi», — deydi Dilafruz Törayeva.
Uning aytişiça, odamlar kompaniyaga işonib, öz mablağlarini uy-joy oliş maqsadida topşirgan. Şu sababli bugungi kunda asosiy talab — pullar va uy-joy masalasiga aniqlik kiritiş.
Dilafruz Törayevaning bu bayonotlaridagi ayblovlar uning şaxsiy pozitsiyasi hisoblanadi. Uning daʼvolari yuzasidan IMARAT DEVELOPMENT va Marat Xayrullayeviçning munosabati hozirça keltirilmagan. EFFECT.UZ ikkinçi tomonning pozitsiyasini ham yoritişga tayyor.



