O'zbekiston

Qishloq xo‘jaligi texnikasiga subsidiya ajratish va undan maqsadli foydalanish nazorat tadbirlari davom etmoqda

Administrator45 daq oldin5 ko'rishlar
Qishloq xo‘jaligi texnikasiga subsidiya ajratish va undan maqsadli foydalanish nazorat tadbirlari davom etmoqda

Qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilishda davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalardan samarali foydalanishni ta’minlash hamda subsidiya asosida xarid qilingan texnikalarning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish O‘zagroinspeksiyaning muhim vazifalaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Inspeksiya tomonidan tegishli nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yilning yanvar oyida 3 ming 330 dona, iyul va avgust oylarida esa 3 ming 520 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda lazerli yer tekislagichlardan maqsadli va samarali foydalanish holati joyiga chiqqan holda monitoring qilindi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, yanvar oyida 29 dona, iyul va avgust oylarida esa 25 dona texnika va lazerli yer tekislagichlardan maqsadsiz hamda samarasiz foydalanish holatlari aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan tuzilgan dalolatnomalar tegishli choralar ko‘rish uchun Bosh prokuratura va Agrar sohada to‘lovlar agentligiga kiritildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun subsidiya olish bo‘yicha yuridik shaxslardan kelib tushgan 2 ming 597 ta hujjat Agrar sohada to‘lovlar agentligiga yuborildi. Agentlik tomonidan ushbu hujjatlarning 826 tasi bo‘yicha subsidiya ajratilgan, 1 ming 235 tasi rad etilgan, 536 tasi esa ko‘rib chiqilmoqda.

Ma'lumot uchun: Yangi qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun subsidiya olishni istagan jismoniy va yuridik shaxslar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzili bo‘yicha O‘zagroinspeksiyaning hududiy boshqarmasiga murojaat qilishlari mumkin.

Taqdim etilgan hujjatlar hamda texnikaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidagi texnik ma’lumotlari tegishli axborot tizimi orqali real vaqt rejimida Agrar sohada to‘lovlar agentligiga yuboriladi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish yakunida subsidiya ajratish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi qaror Agentlik tomonidan qabul qilinadi.

O‘zagroinspeksiya qishloq xo‘jaligi texnikasidan maqsadli va samarali foydalanish, davlat ko‘magining belgilangan tartibda yo‘naltirilishi hamda agrar sohada qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha nazorat tadbirlarini davom ettiradi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi texnikasiga subsidiya ajratish va undan maqsadli foydalanish nazorat tadbirlari davom etmoqda | Effect.uz