Mirzo Ulugʻbek tumanida qurilishi yakunlanmay qolgan «OLIMP» loyihasi atrofidagi vaziyat jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻldi. 30-sentyabr kuni fuqarolar bilan uchrashuv oʻtkazilgan boʻlsa, 3-oktyabr kuni tuman hokimi Bahodir Gʻoyibnazarov obyektning oʻziga borib, aholining murojaat va talablarini shaxsan eshitdi.
Biroq mazkur obyekt bilan bogʻliq muammoning ildizi faqat qurilish ishlarining kechikishi bilan cheklanmaydi. Obyekt tarixi, yer maydonining shakllanishi, qurilish hujjatlari hamda «ERNEST-HOLDING» MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan olib borilgan jinoyat ishi ham ushbu masalaning muhim qismidir.
Fuqarolarni nima tashvishga solmoqda?
30-sentyabr kuni Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligi binosida «ERNEST-HOLDING» MCHJ tomonidan qurilishi yakunlanmagan «OLIMP» qurilish loyihasidan norozi boʻlgan fuqarolar bilan uchrashuv oʻtkazilgan edi. Uchrashuvda fuqarolar obyektning hozirgi holati, qurilish ishlarining taqdiri va oʻzlarini qiziqtirayotgan boshqa masalalar yuzasidan murojaat qilgan.

Oradan koʻp oʻtmay, 3-oktyabr kuni Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi obyektning oʻziga tashrif buyurdi. Bu safar masala hokimlik binosida emas, balki qurilishi yakunlanmagan obyektning oʻzida muhokama qilindi.
Hokim fuqarolar bilan uchrashib, ularning murojaat va talablarini bevosita tingladi. Obyektdagi mavjud holat oʻrganilib, qurilish ishlarini jadallashtirish, obyektni imkoni boricha tezroq yakunlash hamda mavjud muammolarga yechim topish masalalari muhokama qilindi. Masʼullarga obyektdagi vaziyatni oʻrganish va belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Biroq «OLIMP»dagi muammo qachon boshlangan? Obyekt kimga tegishli? Uning yer maydoni qanday shakllangan? Qurilish uchun qanday hujjatlar rasmiylashtirilgan? Nega bugunga qadar qurilish yakunlanmagan?
Bu savollarga javob topish uchun obyekt tarixiga nazar tashlashga toʻgʻri keladi.
Obyektning tarixi: 2 290 kvadrat metr yer maydoni
EFFECT.UZ ixtiyoriga taqdim etilgan maʼlumotnomada «ERNEST-HOLDING» MCHJ tomonidan qurilayotgan pastki qavatida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi boʻlgan koʻp qavatli turar joy obyekti borligi qayd etiladi.
Hujjatda obyekt joylashgan yer maydoni Mirzo Ulugʻbek tuman hokimining 2000-yil 23-iyundagi 876/1-sonli qarori asosida, Oltintepa koʻchasi, 186A-uy manzilida shakllantirilgan. Uning umumiy maydoni 2 290 kvadrat метрни tashkil etgan. Keyingi bosqichda yer maydonining huquqiy tarixi oʻzgargan.

Maʼlumotnomaga koʻra, 2016-yil 23-fevraldagi 510-sonli meros guvohnomasi asosida yer maydonining yarim qismi Krivojixin Aleksey Valeryevichga, ikkinchi yarim qismi esa Krivojixin Nikolay Valeryevichga meros boʻlib oʻtgan.
2020-yil 29-sentyabrda esa ushbu shaxslar bilan «ERNEST-HOLDING» MCHJ oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida yer maydonining 1 787 kvadrat metrlik qismi jamiyatga sotilgani koʻrsatilgan. Demak, bugun fuqarolarni qiziqtirayotgan «OLIMP» obyektining yer va mulkiy tarixi bir necha bosqichdan iborat.
Qurilish hujjatlari qachon rasmiylashtirilgan?
2021-yil 3-iyul kuni Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan №20806-sonli xulosa berilgan. Hujjatda ushbu bosqichda loyiha-smeta hujjatlari kelishilgani qayd etilgan.
Shundan keyin, 2023-yil 28-mart kuni №71953374-sonli ariza asosida obyekt GASN tomonidan qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Yaʼni hujjatda obyekt boʻyicha yer-mulk munosabatlaridan tortib, qurilishga oid loyiha hujjatlari va davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlarigacha boʻlgan bir qator bosqichlar aks etgan. Biroq hujjatlarning mavjudligi obyektning amalda oʻz vaqtida yakunlanganini anglatmaydi.
Bugungi kunga kelib, «OLIMP» qurilish loyihasi yakunlanmagan va bu holatdan norozi fuqarolar oʻz talablarini hokimiyat va masʼullarga yetkazmoqda.
Muammoning yana bir tomoni — jinoyat ishi
«OLIMP» obyekti atrofidagi vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan jihat — qurilish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tergov va sud jarayonlaridir.
Yaʼni, 2025-yil 2-dekabr kuni A.Qasimov va boshqalarning arizasi asosida «ERNEST-HOLDING» MCHJ direktori oʻrinbosari Xurshid Abdurahmonov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi 2026-yil 24-mart kuni tamomlanib, ishning bir qismi mazmunan koʻrib chiqish uchun Mirzo Ulugʻbek tuman sudiga yuborilgan.
Sud nima dedi?
Hujjatda qayd etilishicha, jinoyat ishi sud tomonidan koʻrib chiqilgan. Sud hukmi bilan «ERNEST-HOLDING» MCHJ direktori oʻrinbosari X.Abdurahmonov va A.Raxmatullinaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov hukmi chiqarilgan.

Maʼlum boʻlishicha, X.Abdurahmonov 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan. A.Raxmatullinaga esa 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilangan.
Ammo ish shu bilan tugamagan
Mazkur ishning yana bir muhim jihati bor. «ERNEST-HOLDING» MCHJ, «BUY-SELL» MCHJ mansabdor shaxslari X.X.Abduraxmonov, A.A.Raxmatullina va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishidan alohida ish yuritish uchun ajratilgan. Ushbu qism dastlabki tergovni davom ettirish uchun 6-iyun kuni Bosh prokuraturiga yuborilgan. Effect.uzʼga maʼlum boʻlishicha Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolar natija kutmoqda
Bir tomonda — qurilishi yakunlanmagan koʻp qavatli turar joy obyekti. Ikkinchi tomonda — ushbu obyektdan norozi boʻlgan va oʻzlarining qonuniy talablari hal etilishini kutayotgan fuqarolar. Uchinchi tomonda esa — obyekt bilan bogʻliq ayrim holatlar yuzasidan sud va tergov jarayonlari.

3-oktyabr kuni tuman hokimining obyektga shaxsan borib, fuqarolar bilan uchrashgani shu nuqtai nazardan muhim. Chunki fuqarolar uchun asosiy savol — «kim borib koʻrdi?» emas, balki «muammo qachon hal boʻladi?»
Qurilish ishlari qachon qaytadan jadallashadi?
Obyekt qachon toʻliq yakunlanadi?
Fuqarolarning talablari qay tarzda hal etiladi?
Obyekt bilan bogʻliq huquqiy jarayonlar qurilishning keyingi taqdiriga qanday taʼsir qiladi, mazmunidagi savollarga javob muhim.
Hokimning tashrifi — muammoning yechimi yoki navbatdagi bosqichmi?
3-oktyabr kuni obyektda fuqarolar bilan uchrashuv oʻtkazilib, mavjud holat oʻrganilgani va masʼullarga tegishli vazifalar yuklatilgan. Bu, albatta, muammoni joyida oʻrganish nuqtai nazaridan muhim qadam. Ammo fuqarolar kutayotgan narsa uchrashuvning oʻzi emas — aniq natija.

Shu bois endi eʼtibor obyektda qurilish ishlari haqiqatan ham jadallashadimi, etiladi, degan savollarga qaratiladi. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan tergov jarayonining natijasi ham obyektning keyingi taqdiri uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
«OLIMP»ning keyingi taqdiri qanday boʻladi?
Bugun «OLIMP» nomi ostidagi obyekt faqat qurilish maydoni emas. U — yer munosabatlari, qurilish hujjatlari, fuqarolarning talablari, sud jarayoni va davom etayotgan tergov bir nuqtada tutashgan murakkab masala.
Hujjatlarda obyektning 2000-yildan boshlangan tarixi, 2016-yildagi meros munosabatlari, 2020-yilda «ERNEST-HOLDING» MCHJga yer maydonining bir qismi sotilgani, 2021-yilda loyiha-smeta hujjatlari kelishilgani va 2023-yilda obyekt qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani koʻrsatilganini koʻrish mumkin.

Shu bilan birga, obyekt bilan bogʻliq jinoyat ishining bir qismi sudda koʻrib chiqilgan, ayrim shaxslarga nisbatan hukm chiqarilgan, ishning boshqa qismi esa tergovni davom ettirish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan. Endi esa fuqarolar qurilishning amalda yakunlanishini va oʻzlarini qiziqtirayotgan masalalarga aniq javob berilishini kutmoqda.
EFFECT.UZ «OLIMP» qurilish loyihasi atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etadi. Obyektdagi qurilish ishlarining borishi, fuqarolarning murojaatlari, masʼullar tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosi va hujjatda qayd etilgan tergov jarayoni boʻyicha yangi maʼlumotlar olinsa, ularni jamoatchilikka taqdim etamiz.
Muallif: Bekzod Rahmonov



