Fermer paxta rejasini bajarmadi — buning uçun unga talab qöyiş mumkin. Paxtani öz vaqtida terib olmadi — bu holatga mutasaddilar munosabat bildirişi tabiiy.
Ammo: Fermerni haqorat qiliş, şaxsiy qadr-qimmatini kamsitiş, kiyimiga aralaşiş va tahdid qilişga kimning haqqi bor?
EFFECT.UZ tahririyatiga taqdim etilgan audioyozuvda Ğuzor tumani hokimi Bekzod Suyunovga tegişli ekani aytilgan ovozda fermer — «ŞUHRAT NUROBOD» fermer xöjaligi rahbari Otabek Urolovga nisbatan öta qöpol va haqoratomuz iboralar işlatilgan.
Audioning haqiqiyligi, ovoz egasi va suhbatning töliq kontekstiga vakolatli organlar huquqiy baho berişi lozim. Biroq audiodagi ayrim gaplar şunçaki «paxta terimi böyiça tanqid» doirasidan ança çetga çiqib ketgani körinadi.
«Nega kiyimda yuribdi? Iştonsiz yurişi kerak...»
Audiodagi eng oğir va jamoatçilik eʼtiborini talab qiladigan epizodlardan biri — fermerning nafaqat iş faoliyati, balki şaxsiy qadr-qimmati va kiyimigaça tilga olinganidir.

Audioda: «Nima uçun kiyimda yuribdi, iştonsiz k**yalang yurişi kerak. Kiyimigaça yeçib oliş kerak», — degan mazmundagi gaplar aytilgan.
Bu yerda masala endi paxta terimi haqida emas. Fermer paxtani terdimi yoki yöqmi — alohida masala. Reja bajarildimi — alohida masala.
Ammo insonni kiyimigaça yeçib oliş haqida gapiriş, uning şaxsiy qadr-qimmatini tahqirlaşgaça boriş mutasaddi rahbarning vakolatiga kiradimi?
Bu savolga Ğuzor tuman hokimligi va tegişli huquqni muhofaza qiluvçi organlar aniq javob berişi kerak.
Paxtasi 20 santimetrga ham yetmagan maydonlar. Terilmay qolgan hosil. Moliyalaştiriş va resurslar bilan boğliq savollar. Va nihoyat, fermerga nisbatan öta haqoratli va tahdidomuz gaplar aks etgan audio. Ğuzordagi paxta atrofida savollar tobora köpaymoqda.

Qaşqadaryo viloyatining Ğuzor tumanida fermer xöjaliklaridagi vaziyat yuzasidan EFFECT.UZ tahririyatiga kelib tuşayotgan maʼlumotlar bir-biridan jiddiyroq savollarni yuzaga çiqarmoqda. Bu voqea bir kunlik mojaro emas.
Uning ortida paxta hosili, fermerning moliyaviy ahvoli, bank mablağlari, resurslar, rejalar, nazorat va eng muhimi — mansabdor şaxsning fermerga munosabati bilan boğliq bir neçta masala turibdi.
«Paxtani körib yiğlamang! Közni oçinglar»
Avvalroq EFFECT.UZ tomonidan «PAXTANI KÖRIB YIĞLAMANG! KÖZNI OÇINGLAR» sarlavhasi ostida material eʼlon qilingan edi.
Unda EFFECT.UZ rahbari Akmal Eşonxonov Qaşqadaryo viloyati Ğuzor tumanidagi paxta dalalarida yuzaga kelgan ayançli holatni tanqid qilgan.
Materialda ayrim paxta maydonlarida ösimliklar hatto 20 santimetrga ham yetmagani, hosilning dalalarda terilmay qolayotgani va nobud böliş xavfi borligi körsatilgan. Bu esa fermerlar uçun nafaqat moddiy, balki maʼnaviy zarar ham keltirişi mumkinligi taʼkidlangan.

EFFECT.UZ materialida vaziyat tumandagi nazoratning yetarli emasligi, mansabdorlarning masʼuliyatsizligi, ehtimoliy manfaatlar töqnaşuvi va fermerlarni qiyin ahvolda qoldirayotgan omillar nuqtai nazaridan tanqid qilingan.
Şuningdek, fermerga bank tomonidan zarur mablağ va resurslar öz vaqtida yetarli ajratilmagani haqida ham masala kötarilgan.
Yaʼni paxta dalasidagi holatni faqat «fermer paxtani termadi» degan bitta sabab bilan tuşuntirib bölmasligi aytilgan. Bir marta berilgan yordam bilan butun mavsum davomida paxta yetiştiriş jarayonini taʼminlab bölmaydi.
Buning uçun moliya, texnika, resurs, agrotexnika, suv va boşqa omillar bir vaqtda işlaşi kerak. Ammo keyingi voqea masalani yanada keskinlaştirdi.
Fermerning paxtasi terilmagani uçun haqorat qiliş mumkinmi?
Tahririyatimizga kelib tuşgan audiozapisda Ğuzor tumani hokimi Bekzod Suyunovning ovozi ekani aniqlangan suhbatda «ŞUHRAT NUROBOD» fermer xöjaligi rahbari Otabek Örolov bilan muloqot aks etgan.
Audio mazmuniga köra, suhbatda asosiy eʼtiroz fermerning paxta terimi va reja bajarilişi bilan boğliq. Biroq muloqot oddiy tanbeh doirasidan çiqib ketadi.

Hokim fermerga nisbatan bir neça bor öta haqoratli sözlarni işlatadi.Jumladan: «Q**** bormi sanga paxta terolmasang, nima fermer bölib yuribsan?» degan mazmundagi haqoratli iboralar eşitiladi. Suhbat davomida fermerning 20-noyabrga kelib paxtasini termagani ham tilga olinadi.
Biroq gap faqat paxta haqida emas. Audioda fermerni kamsitiş, uning şaʼniga tegiş, jismoniy zöravonlik mazmunidagi tahdidlar va mahallada şarmanda qiliş bilan qörqitişga öxşaş iboralar ham bor.
Jumladan: «Şarmandangni çiqaraman sani, oğayni, mahallangda...» degan gaplar eşitiladi. Şuningdek, fermerning xonadoniga boriş, buyumlarini olib çiqib ketiş mazmunidagi tahdidlar ham mavjud.

Audioda yana fermerning kredit qarzlari va fermerlik faoliyati haqida ham keskin gaplar aytilgan. Eng oğir jihatlardan biri — fermerga nisbatan jismoniy zöravonlik bilan boğliq oçiqdan-oçiq haqorat va tahdidlar işlatilganidir.
«Paxta terimi» masalasi bunga asos böla oladimi?
Albatta, fermer paxta yetiştiriş va belgilangan rejani bajariş böyiça majburiyatlarga ega. Agar fermer xöjaligi rejani bajarmagan bölsa, bu holatni mutasaddi idoralar hujjatlar asosida örganişi va qonun doirasida çora körişi mumkin.
Ammo savol boşqaça: Bu fermerni haqoratlaş va tahdid qiliş huquqini beradimi?
Hokim fermerdan hisob söraşi mumkin. Rejani bajarişni talab qilişi mumkin.
Muammoni bartaraf etiş böyiça topşiriq berişi mumkin. Ammo mansabdor şaxsning fermer bilan muloqoti haqorat, kamsitiş va tahdidga aylansa, masala endi paxta rejasidan ança kengayib ketadi.
Çorixon Qodirov: «Vakolat doirasidan çetga çiqib ketyapti»
Özbekiston Fermer, dehqon xöjaliklari va tomorqa yer egalari kengaşining boş huquqşunosi Çorixon Qodirov audioni eşitgani va vaziyatdan xabardor bölganini bildirdi.
Uning fikriça, hokim fermerning paxta terimi, reja bajarilişi yoki xöjalik faoliyatini muhokama qiliş huquqiga ega. Biroq bu huquq fermerni haqorat qilişni anglatmaydi.

«Hokim, rahbar sifatida fermer xöjaligi boşliğini: “Paxtani nega terib olmading? Nega rejani bajarmading?” degan masalada muhokama qilişi mumkin. Lekin bu yerda özining vakolat doirasidan çetga çiqib ketyapti».
Qodirovning taʼkidlaşiça, şaxsni haqorat qiliş uçun qonunçilikda javobgarlik çoralari belgilangan.
U bu voqeani Ğuzordagi alohida holat sifatida emas, ayrim hududlarda takrorlanayotgan muammoning bir körinişi sifatida baholaydi.
«Bu — birgina Ğuzor hokimi bilan boğliq emas»
Boş huquqşunosning aytişiça, sönggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda hokimlarning fermerlar, tadbirkorlar va ayrim fuqarolarga nisbatan haqoratli munosabatlari aks etgan holatlar köpaymoqda.
Uning fikriça, bunday holatlarning davom etişiga sabablardan biri — mansabdor şaxslarning xatti-harakatlariga qonuniy baho berilmayotganidir.
«Haqoratlarga nisbatan maʼmuriy iş qözğatilmaydi, çora körilmaydi. Şundan keyin hokimlar taltayib ketadi».
Qodirovning fikriça, hokimning lavozimi uni qonun oldidagi javobgarlikdan ozod qilmasligi kerak. Ayniqsa, uning taʼkidlaşiça, Ğuzor tumani hokimi Bekzod Suyunov avval prokuratura tizimida işlagan.
«Bekzod Suyunov özi aslini olib qarasa, prokuraturadan çiqqan. Ğuzor tumanida özi oldin prokuror bölib işlagan. Hamma qonunlarni bilmasa ham, Bekzod Suyunov yaxşi biladi».

Huquqşunos şu sababli hokimning öz harakatlariga huquqiy baho berişi kerak bölgan normalarni yaxşi bilişi lozimligini taʼkidlaydi.
Nega faqat hayfsan bilan çeklanişi kerak?
Çorixon Qodirov ayrim hududlarda hokimlarning fermerlarni haqorat qilgani uçun faqat intizomiy çora bilan çeklanilayotganini ham tanqid qildi.
U Surxondaryo va Toşkent viloyatlaridagi ayrim holatlarni misol qilib keltirib, agar mansabdor şaxs harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari bölsa, masala faqat hayfsan bilan yopilmasligi kerakligini taʼkidladi.
«Hokim haqorat qilyapti, maʼmuriy huquqbuzarlik faqat. Yoki xizmat tekşiruvi natijasiga qarab, balki jinoyat qilayotgandir. Bu holat böyiça qonun normalarini töğri tatbiq qilib, hokimga hayfsan berib qöyiş bilan çeklanmaslik kerak».
Huquqşunos prokuratura organlarining bu boradagi harakatlariga ham savol qöyadi.
Uning fikriça, mansabdor şaxs fermerni haqorat qilgan bölsa, bu holatga huquqiy baho berilişi, tegişli materiallar örganilişi va qonunçilikda nazarda tutilgan çoralar körilişi lozim.
«Prokuratura huquqiy baho berişi kerak»
Qodirov, xususan, Ğuzordagi holat hali dolzarb ekanini taʼkidlab, Qaşqadaryo viloyati prokuraturasi audioyozuvni örganişi zarurligini aytdi.
«Hali issiqda turibdi-ku. Qaşqadaryo viloyatining prokurori, agar qonunlarni amaliyotga töğri tatbiq qilaman desa, Ğuzor tumani hokimiga nisbatan ... maʼmuriy huquqbuzarlikka doir iş qözğatiş uçun materiallar yetarli. Çora körişini söraymiz».
EFFECT.UZ bu holat böyiça prokuratura organlarining rasmiy munosabatini ham kutadi.

Asosiy savol: Paxta nega bunday ahvolga kelib qoldi?
Aslida, bu voqeada eng muhim savollardan biri hokimning kimni haqorat qilgani bilan çeklanmasligi kerak.
Paxta nega 20 santimetrga ham yetmagan?
Nega hosil dalalarda qolib ketgan?
Nega fermer öz majburiyatlarini bajara olmagan?
Mablağ öz vaqtida berilganmi?
Bank kredit mablağlarini töliq va öz vaqtida ajratganmi?
Texnika va resurslar yetarlimi?
Suv taʼminoti qanday bölgan?
Fermerga agrotexnik tadbirlarni amalga oşiriş uçun şaroit yaratilganmi?
Yoki barça muammoni fermerning öziga yuklaş osonroqmi?
Agar fermer haqiqatan ham majburiyatlarini bajarmagan bölsa, buni hujjatlar körsatadi. Agar fermerga zarur resurslar berilmagan bölsa, buni ham hujjatlar körsatadi.
Şuning uçun haqiqatni qiçqiriq yoki haqorat emas, raqam va hujjatlar körsatişi kerak.
EFFECT.UZ tahririyatining savollari
Uşbu holat yuzasidan quyidagi savollar oçiq qolmoqda:

— «ŞUHRAT NUROBOD» fermer xöjaligiga qança paxta topşiriş rejasi belgilangan?
— 20-noyabr holatiga kelib rejaning qança qismi bajarilgan?
— Fermer xöjaligiga qança kredit va boşqa mablağ ajratilgan?
— Bu mablağlar qaçon va qanday miqdorda berilgan?
— Paxtaning ayrim maydonlarda 20 santimetrga ham yetmay qolişiga nima sabab bölgan?
— Fermerning kredit qarzdorligi qança?
— Fermerga zarur texnika, yoqilği, öğit va boşqa resurslar öz vaqtida berilganmi?
— Ğuzor tumani hokimi bilan fermer örtasidagi audioyozuv qaysi holatda yozib olingan?
— Audioda eşitilayotgan haqorat va tahdidlar böyiça hokimlikning pozitsiyasi qanday?
— Qaşqadaryo viloyati prokuraturasi mazkur audioni örganadimi?
— Agar audioda aks etgan holat tasdiqlansa, mansabdor şaxsning harakatlariga qanday huquqiy baho beriladi?
Tahririyat pozitsiyasi
EFFECT.UZ fermerning paxta böyiça majburiyatlarini bajargan yoki bajarmaganini oldindan oqlayotgani yöq. Agar fermer xöjaligi rejani bajarmagan bölsa, bu holat qonun doirasida örganilişi kerak.
Ammo fermerning kamçiligi borligi uni haqoratlaş uçun ruxsatnoma emas. Hokim fermerdan hisob söraşi mumkin. Rejani bajarişni talab qilişi mumkin.
Qonunbuzarlik bölsa, tegişli çora körişni talab qilişi mumkin. Lekin haqorat va tahdid — davlat boşqaruvining usuli emas.

Ayniqsa, gap oddiy fuqaro haqida emas, balki davlat hokimiyati vakili bilan fermer örtasidagi munosabat haqida ketyapti.
Şuning uçun bu voqeaga ham, paxta dalalaridagi holatga ham xolis va huquqiy baho berilişi kerak. Biz bir tomonni himoya qiliş yoki ikkinçi tomonni ayblaş uçun emas, savollarga javob izlaş uçun material tayyorlayapmiz.
Ğuzordagi paxta dalalarida nima böldi? Fermer nima uçun hosilni öz vaqtida terolmadi? Mablağ va resurslar yetarli böldimi? Nazorat kimning zimmasida edi?
Va eng muhimi:
Fermerni haqoratlaş bilan paxta muammosi hal böladimi?
EFFECT.UZ tahririyati uşbu savollarga Ğuzor tumani hokimligi, Qaşqadaryo viloyati hokimligi, prokuratura organlari, bank va boşqa fermer xöjaligi rahbarlarining pozitsiyasini eşitişga tayyor.
Çunki bu yerda gap faqat bir fermer haqida emas.
Gap — fermerga qanday munosabatda böliş haqida.
Gap — davlat mansabdorining masʼuliyati haqida.
Va gap — qonun hamma uçun bir xil işlaşi haqida.
Prokurorlikdan hokimlikka — va bugungaça Ğuzor hokimi
Bekzod Suyunov Ğuzor tumani prokurori lavozimida işlab kelgan. 2020-yil 10-aprel kuni esa u prokuratura tizimidan tuman hokimligiga ötib, Ğuzor tumani hokimi vazifasini bajaruvçi etib tayinlangan.

Şundan söng Bekzod Suyunov Ğuzor tumani hokimi sifatida şu kunga qadar faoliyat yuritib kelmoqda.Yaʼni, u prokurorlik lavozimidan tuman hokimligiga kötarilgan va bugunga qadar Ğuzor tumaniga rahbarlik qilib kelmoqda.
2026-YIL 24-APREL: ĞUZOR HOKIMI YANA TANQID QILINGAN
Qiziği, Bekzod Suyunov faoliyati bilan boğliq tanqidiy holat bugungi voqeadan avval ham jamoatçilik eʼtiboriga tuşgan.
2026-yil 24-aprel kuni Prezident Şavkat Mirziyoyev raisligida ötkazilgan videoselektor yiğilişida Ğuzor tumani hokimi ham tanqid qilingan.
Yiğilişda Ğuzor tumani hokimi tadbirkorlik infratuzilmasi uçun berilgan mablağga haligaça loyiha boşlamagani taʼkidlangan.
Şundan söng Prezident:
«Aravasini torta olmayotgan bölsa», bugunning özida lavozimiga loyiqligini körib çiqiş
böyiça topşiriq bergan. Bu holat ham alohida savollarni yuzaga keltiradi.

2020-yildan buyon Ğuzor tumaniga rahbarlik qilib kelayotgan hokimning faoliyati 2026-yilda Prezident darajasida tanqid qilingan. Oradan vaqt ötib esa, endi fermerga nisbatan haqorat va kamsitişlar aks etgani aytilgan audioyozuv jamoatçilik muhokamasiga çiqmoqda.
Şu nuqtai nazardan, masalaga faqat bitta audio yoki bitta fermer bilan boğliq mojaro sifatida emas, mansabdor şaxsning uzoq yillik boşqaruv uslubi va quyi böğindagi fuqarolar hamda tadbirkorlar bilan munosabati nuqtai nazaridan ham qaraş muhim.




