O'zbekiston

“Meni ham tushuninglar” – Real Sanjik sudi tugash arafasida

Administrator3 soat oldin51 ko'rishlar

Sudda prokuror 112-modda boʻyicha ayblovni rad etib boʻlmasligini bildirdi.

Bugun, 28-sentyabr kuni Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi boʻyicha sud majlisida taraflarning muzokara nutqlari tinglandi. Jarayonda prokuror ish materiallaridagi audioyozuvlar hamda Jinoyat kodeksining 112-moddasi — “Oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish” boʻyicha oʻz pozitsiyasini bildirdi.

Prokurorning taʼkidlashicha, Sanjar Karimovga 112-modda boʻyicha qoʻyilgan ayblovni rad etib boʻlmaydi. Bu haqda EFFECT.UZ jurnalisti xabar berdi.

Sudda yakuniy muzokara uchun soʻz berilgan Sanjar Karimov ishdagi bir qator epizodlarga munosabat bildirdi. Xususan, birinchi epizodda tilga olingan uy masalasiga toʻxtalib, mazkur koʻchmas mulk unga kerak boʻlmaganini, uyni faqat bergan pullarining kafolati sifatida koʻrganini aytdi.

U Feruza Rahmatullayeva bilan bogʻliq holat yuzasidan ham oʻz fikrini bildirdi. Karimov unga nisbatan aytgan gaplarini hissiyotga berilgan holda bildirganini, keyinchalik esa ular oʻrtasidagi munosabatlar yana yaxshilanganini taʼkidladi.

“Men ideal emasman, emotsionalman”, — dedi u.

Shuningdek, Karimov Shahzod Rismatov bilan pul oldi-berdisiga oid tilxatlarni sud hayʼatiga taqdim qildi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu hujjatlar Rismatov bilan oʻrtasida moliyaviy munosabatlar boʻlganini tasdiqlaydi.

“Meniyam tushuninglar, men pul berganman-ku”, — dedi Karimov sud hayʼatiga murojaat qilib.

Sudlanuvchi ish materiallaridagi audioyozuvlarga ham toʻxtalib, ularni oʻziga nisbatan “qopqon” qoʻyilganining dalili sifatida baholadi. Uning aytishicha, Alimboyevalar uning uyiga borib, Shahzod Rismatov qayerdaligini soʻragan holatlar ham boʻlgan.

Uchinchi epizod boʻyicha ham Karimov oʻz izohlarini bildirdi. Jumladan, tintuv jarayoniga eʼtiroz bildirib, uning fikricha, tintuv vaqtida eshiklar buzilgan va protsessual harakatlar belgilangan tartibda amalga oshirilmagan.

Karimov sud hayʼatiga DNK ekspertizasiga oid hujjatlar va namunalar bilan bogʻliq materiallarni ham koʻrsatib, ularga eʼtibor qaratishni soʻradi.

Muzokara nutqi davomida sudlanuvchi qamoqda oʻtkazgan davri va bu vaqt mobaynida hayotida yuz bergan oʻzgarishlar haqida ham gapirdi.

Karimov qamoqdagi hayotini hech kimga ravo koʻrmasligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, 10 oy davomida 17 kilogramm vazn yoʻqotgan.

Shuningdek, u qamoqda boʻlgan davrida tadbirkorlik faoliyati ham jiddiy zarar koʻrganini bildirdi. Karimovning aytishicha, avval uning korxonalarida minglab odamlar mehnat qilgan boʻlsa, hozir ishchilar soni 800 nafargacha kamaygan.

Sud majlisi 7-oktyabr kuniga qoldirildi. Sud jarayonining choʻzilishi ish materiallarini har tomonlama va obyektiv oʻrganish zarurati bilan izohlandi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

“Meni ham tushuninglar” – Real Sanjik sudi tugash arafasida | Effect.uz