⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
O'zbekiston

Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi

Administrator13-aprel, 2026, 20:1126 ko'rishlar
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi

2026-yil 13-aprel kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga “Largest museum of Islamic civilisation” — dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi nominatsiyasi boʻyicha Gennesning Rekordlar kitobi rasmiy rekordi berildi.

Tantanali taqdirlash marosimida Gennesning Rekordlar kitobi tashkilotining rasmiy vakili — sudya Sheyda Subasi ishtirok etib, Markaz barcha belgilangan xalqaro mezon va standartlarga toʻliq javob berishini tasdiqladi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — bu keng qamrovli ilmiy-maʼrifiy va muzey majmuasi boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik strategik megaloyiha hisoblanadi. Mazkur Markaz “Yangi Oʻzbekiston”ning oʻziga xos platformasi sifatida ilm-fan salohiyati, boy madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda uygʻunlashtirishga qaratilgan.

Loyiha davlat rahbarining mamlakatning yangi gumanitar qiyofasini shakllantirish, milliy oʻzlikni mustahkamlash va Oʻzbekistonni jahon miqyosida islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida ilgari surishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasini aks ettiradi.

Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng koʻp tashrif buyuriladigan ilmiy-madaniy maskanlaridan biriga aylangan boʻlib, har kuni oʻrtacha 5 000 nafarga yaqin tashrifchi qabul qilmoqda. Bu esa uning aholi va xorijiy mehmonlar orasida katta qiziqish uygʻotayotganini koʻrsatadi.

Markaz ilkdanoq yangi turdagi ilmiy-madaniy va maʼrifiy majmua sifatida konsepsiya qilingan. Unda tarixiy meros va zamonaviy multimedia texnologiyalari uygʻunlashgan holda taqdim etilgan. Ekspozitsiya “sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” tamoyili asosida tuzilgan boʻlib, mintaqaning eng qadimgi davrlaridan tortib, ilm-fan yuksalishi va zamonaviy bosqichigacha boʻlgan taraqqiyot izchil yoritib beriladi.

Markaz tuzilmasida Qurʼoni karim zali alohida oʻrin tutadi. Unda Usmon Qurʼoni deb nomlanuvchi eng qadimiy qoʻlyozmalardan biri namoyish etilgan boʻlib, u YUNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan. Bu noyob asar nafaqat islom sivilizatsiyasining beqiyos yodgorligi, balki ilmiy-tadqiqot va maʼrifiy faoliyatni birlashtiruvchi muhim maʼnaviy markaz sifatida ham katta ahamiyatga ega.

Markaz konsepsiyasining oʻziga xosligi uni muzey, ilmiy tadqiqot infratuzilmasi va taʼlim muhitini birlashtirgan ilk namunaga aylantirib, jahon muzeychilik amaliyotida yangi bosqichni belgilamoqda.

Ushbu rekordga erishish koʻp oylik tizimli ish natijasi boʻlib, muzey parametrlarini tasdiqlash, toʻliq hujjatlar tayyorlash va mustaqil xalqaro ekspertlar ishtirokida koʻp bosqichli verifikatsiya jarayonlarini oʻz ichiga oldi.

Muzey kolleksiyasini shakllantirishda arxeologiya, numizmatika, toʻqimachilik va qoʻlyozmalar sohasidagi yetakchi xalqaro mutaxassislar ishtirok etdi. Bu esa ekspozitsiyaning yuqori ilmiy va muzey darajasini taʼminladi.

Gennesning Rekordlar kitobi unvonining berilishi nafaqat Markaz koʻlamining eʼtirofi, balki ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab olimlar, mutaxassislar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Sudya Sheyda Subasi Markaz faoliyatini yuqori baholab, quyidagilarni taʼkidladi:

“Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari bilan uygʻunlashtirishning noyob namunasidir. Loyihaning koʻlami, konseptual yaxlitligi va amalga oshirish darajasi Gennesning Rekordlar kitobi mezonlariga toʻliq javob beradi. Bu shunchaki eng yirik muzey emas — balki madaniyatlar muloqoti va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish uchun zamonaviy platforma hisoblanadi”.

Ushbu rekord Oʻzbekistonning islom ilmi, madaniyati va maʼrifatining muhim tarixiy markazlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, mamlakatning sivilizatsiyalar muloqoti, bagʻrikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan zamonaviy xalqaro maydon sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi.

Gennesning Rekordlar kitobi maqomini qoʻlga kiritish Markazning dunyodagi eng yirik shunday muzey sifatidagi oʻrnini mustahkamlab, uni intellektual merosni oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha yetakchi xalqaro platformalardan biriga aylantiradi.

Kelgusida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy-madaniy maydon sifatida yanada rivojlanib, dunyoning turli mamlakatlaridan olim va mutaxassislarni birlashtiradi hamda “Yangi Oʻzbekiston”ning gumanitar tashabbuslarini global miqyosda ilgari surishda muhim drayver boʻlib xizmat qiladi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi | Effect.uz