⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Siyosat

IIV hisoboti: jinoyat kamaydi, ammo xavf hanuz yuqori…

Administrator6 soat oldin20 ko'rishlar
IIV hisoboti: jinoyat kamaydi, ammo xavf hanuz yuqori…

Uch oyda minglab jinoyatlar, yuzlab qurbonlar va milliardlab zarar — IIV ochiqladigan raqamlar ortida qanday haqiqat yotibdi?

Toshkentda Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Ochiqlik va xalq bilan muloqot — asosiy mezon” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda 2026-yilning birinchi choragi boʻyicha huquq-tartibot sohasidagi asosiy natijalar maʼlum qilindi.

Xalq manfaatlari yoʻlida ommaviy axborot vositalari bilan hamnafas ishlash, ichki ishlar organlari oldida turgan eng dolzarb vazifalaridan biridir. Shu maqsadda bugun IIV Madaniyat saroyida “Ochiqlik va xalq bilan muloqot — asosiy mezon: Ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan joriy yilning birinchi choragi boʻyicha tahliliy hisobot” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Vazirlik rahbariyati, masʼullar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda, har bir sohaviy xizmat uchun alohida burchaklar tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan tashrif buyuruvchilarga maʼlumotlar berib borildi.

Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, Tergov departamenti boshligʻi Ramazon Ashropov oʻz maʼruzasida 2026-yilning dastlabki uch oyi davomida mamlakatimizda jami 6 211 ta oldi olinishi mumkin boʻlgan jinoyatlar sodir etilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 596 taga kamayishiga erishilganligi haqida maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, xodimlarning tashabbusi bilan 9 544 ta jinoyat aniqlanib, mazkur amaliyot oʻtgan yilning dastlabki uch oyiga nisbatan 37 foizga yaxshilangan.

Xususan, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq holatlar yuzasidan 4 080 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, jinoiy guruh va shaxslardan 872 kg. giyohvandlik vositalari, shundan 33 kg. sintetik moddalar

va 296 mingdan ziyod kuchli taʼsir qiluvchi dorilar musodara qilingan.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishida jami 670 ta jinoyatlar aniqlanib, 80 ta uyushgan guruhlar va 211 ta uyushgan guruh tarkibidagi shaxslar ushlangan.

Shuningdek, 1 076 ta korrupsiya va iqtisodiyot jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 199 mlrd 565 mln soʻm miqdoridagi zarar aniqlanib, qonuniy tartibda undirish harakatlari olib borilmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida joriy yilning uch oyida 18 mingdan ortiq jinoyatlar sodir etilgan boʻlib, ularning 97 foizida fuqarolarning pul mablagʻlari elektron toʻlov tizimlari orqali qoʻlga kiritish bilan bogʻliqdir.

Tezkor tuzilmalarimiz va saf boʻlinmalarimizning xizmat faoliyati jarayonida tergov va sud organlaridan yashiringan 2 193 nafar shaxslar ushlangan, 171 nafar bedarak yoʻqolganlar topilib, oilasi bagʻriga qaytarilgan.

Umuman olganda, joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizda, 7 309 ta mahallarda jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan. Bu yurtimizdagi jami mahallalarning deyarli 81 foizini tashkil qilgan. Shu bilan birga jinoyatlar qayd etilgan mahallalarning 1 497 tasi (16,6 %) “sariq” 186 tasi (2,1 %) “qizil” toifaga kirgan.

2026-yilning uch oyi davomida respublikada 1 102 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan. Ularning 31,4 foizi (346 ta) inson oʻlimi bilan yakunlangan boʻlsa, 13,6 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yoʻl bermaslik, 32,9 foizi belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 4,2 foizi haydovchini harakat vaqtida uxlab qolishi va 22,4 foizi svetoforning talablariga amal qilmaslik oqibatida sodir boʻlgan.

Vazir oʻrinbosari shuningdek, tizimda olib borilayotgan keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlar natijalariga ham toʻxtalib oʻtdi. Birgina, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligining birinchi bosqichida, jami 43 931 ta tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar oʻtkazilib, 4 009 ta giyohvandlik, 4 789 ta uyushgan jinoyatchilik, 25 475 ta korrupsiya va 6 348 ta terrorizmga qarshi kurashish yoʻnalishida noqonuniy holatlar aniqlangan.

Jumladan, jami 489,7 kg giyohvandlik, qariyb 308 ming dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olinib, 1 541 tup tarkibida giyohvandlik vositasi boʻlgan oʻsimlik yetishtirilayotganligi aniqlandi va barchasi oʻrnatilgan tartibda musodara qilingan.

Shuningdek, uyushgan jinoiy guruh va shaxslardan 457 ta qurol, 6 584 dona oʻq-dorilar olinib, sodir etilishi mumkin boʻlgan mudhish holatlarga barvaqt chek qoʻyilgan.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan Chilonzor tumani tajribasini joriy etish boʻyicha tumandagi barcha mahallalarga ichki ishlar organlarining 55 nafar xodimlari hamda 21 ta eng ogʻir mahallalarga Vazirlikning sohaviy xizmat rahbarlari nomma-nom biriktirildi. Xavfsizlikni taʼminlashga qoʻshimcha 667 nafar kuch-vositalar jalb etilgan.

Vazirlik tizimiga 2026-yilning birinchi choragida jami 100 mingdan ortiq (100 742 ta) murojaatlar kelib tushgan boʻlib, hisobot davrida ularning 68 foizi qanoatlantirilgan.

Hududiy ichki ishlar organlariga kelib tushgan 90 332 ta murojaatlarning 64 352 tasi ijobiy hal qilinib, fuqarolarning qonuniy huquqlari taʼminlangan boʻlsa, 8 480 tasi malakali huquqiy tushuntirish berish orqali hal qilingan.

Matbuot anjumanida 2026-yilning oʻtgan davri mobaynida xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash borasida ham toʻxtalib oʻtildi. Uzluksiz oʻquv-karyera tizimi asosida 25 629 nafar xodimlarning malakasi oshirilganligi qayd etilib, tizimda xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor natijasida mart oyining oʻzida 53 nafar ayol xodimalar rahbarlik lavozimlariga tayinlanganligi alohida eʼtirof etildi.

Xodimlar oʻrtasida korrupsion illatlarni bartaraf etish yuzasidan olib borilgan keng koʻlamli tushuntirish ishlari natijasida joriy yilning oʻtgan 3 oyida 60 ta holatda xodimlar fuqarolar tomonidan taklif etilgan porani rad etib, qonuniy chora koʻrish uchun vazirlik Shaxsiy xavfsizlik xizmatiga murojaat qilgan.

Vatan tinchligini saqlash yoʻlida 2026-yilning oʻzida 10 nafar xodim xizmat vazifasini bajarish chogʻida vafot etgan, 39 nafari esa jarohatlangan.

Yurtimizda fuqarolar va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida xodimlarimizning olib borayotgan xizmat faoliyati va mehnati muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan doimo yuksak eʼtirof etib kelinmoqda.

Birgina shu yilning oʻzida 11 nafar ichki ishlar organlari xodimlari davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Bundan tashqari, idoraviy buyruq bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan 25 mingdan ziyod xodim ragʻbatlantirilgan.

Matbuot anjumanining ikkinchi qismida ommaviy axborot vositalari oʻz savollari bilan masʼullarga yuzlanishdi. Uch oy davomida sodir boʻlgan koʻplab hodisalar muhokama qilinib, huquqiy tushunchalar berildi va aniq maʼlumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga tizim faoliyati yuzasidan fikrlar, aholini qiynayotgan ayrim muammolar borasida takliflar bildirildi.

Qizgʻin va ikki tomonlama munozaralarga boy boʻlgan tadbir yakunida kelgusidagi bajarilishi lozim bir qator masalalar yuzasidan kelishib olindi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

IIV hisoboti: jinoyat kamaydi, ammo xavf hanuz yuqori… | Effect.uz