⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Jamiyat

«Haqiqatga ko‘z yumilmoqda»: Xorazmda tarjimon yigit 5 yilga nohaq qamaldi — oila adolat so‘ramoqda

Administrator1 soat oldin19 ko'rishlar
«Haqiqatga ko‘z yumilmoqda»: Xorazmda tarjimon yigit 5 yilga nohaq qamaldi — oila adolat so‘ramoqda

Effest.uz tahririyati surishtiruv jamoasiga Xorazm viloyati Urganch shahrida istiqomat qiluvchi oila murojaat qildi. Jabrlanuvchi Suxrob Allazarovning onasiga ko‘ra, o‘g‘li avval tergovga guvoh sifatida chaqirilgan, keyin esa gumonlanuvchiga aylantirilib, qamoqqa olingan. Sud yakunida unga 5 yil 1 oylik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Onasining aytishicha, voqealar 2023 yilda boshlangan. Uning o‘g‘li Xitoyda tahsil olgani va xitoy tilini bilgani sababli ayrim tadbirkorlarga Xitoy bilan muloqot qilishda tarjimonlik qilib bergan.

"O‘g‘lim faqat tarjimonlik qilgan edi"

Suhrob 2014 yilda o‘z oilasi budjet mablag‘lari evaziga Xitoyga o‘qishga yuborilgan, u yerda Urumchi shahridagi institutda 7 yil ta’lim olib, Xitoy tili mutaxassisi bo‘lib qaytgan. Urganchdagi tadbirkor (Niyozjon ismli ayol) va uning sherigi Otajonov Jamol Xitoydan asbob-uskuna, muqobil energiya moslamalari va velosiped ehtiyot qismlari olib kelish uchun Suxrobning til bilishidan foydalanib, uni tarjimon va muvofiqlashtiruvchi sifatida jalb qilishgan.

«O‘g‘limni Xitoyda o‘qitganmiz. Davlat budjetidan emas, oilaviy mablag‘imiz hisobidan. Hali Xitoy bilan ko‘pchilik qiziqmagan vaqtda bolamiz til o‘rgansin, O‘zbekistonga kerak bo‘ladi, deb o‘qitganmiz», — deydi murojaatchi.

Yopilgan firma muhri bilan qanday qilib kredit berilgan?

Ish materiallariga ko‘ra, bankdan katta miqdordagi (380 ming dollar va undan ortiq) kreditlar ajratilgan. Kredit olishda tadbirkorlar o‘z mulklarini garovga qo‘yishgan. Biroq kredit berishda faoliyati tugatilgan (yopilgan) firmaning muhri va soxta hujjatlardan foydalanilgani aniqlangan.

Suxrob Allazarovning onasi ishdagi eng muhim savollardan biri sifatida firma faoliyati va bank tomonidan ajratilgan kreditlarni ko‘rsatmoqda.

«Bank shu yopilgan firmaning muhri bilan qanday qilib shuncha katta summadagi kreditni Xitoyga chiqarib beryapti?» — deya savol qo‘yadi murojaatchi.

Sud va tergov jarayonida ekspertiza xulosasi bo‘yicha hujjatlardagi muhr va imzolar Suhrobga tegishli emasligi isbotlangan bo‘lsa-da, tekshiruvda "imzoni Suhrob qo‘ygan bo‘lishi mumkin" degan shubha va taxminlar bilan ayblov ilgari surilgan. Shunga qaramay, xitoylik investor/hamkorning o‘zi ham O‘zbekistonga kelib tergovda guvoh sifatida qatnashgan va Suxrob faqat tarjimon sifatida ishlaganini tasdiqlagan, keyin sud jarayonlarida ham onlayn tarzda ishtirok etgan.

Ammo keyinchalik tergovchi ushbu xitoylikni noma’lum sabablarga ko‘ra qidiruvga berib, ishni yanada chigallashtirgan. Murojaatchi bu holatni ham tushunarsiz deb hisoblaydi va o‘g‘lining aybini isbotlash uchun yetarli dalillar bo‘lmaganini ta’kidlaydi. Oqibatda Suxrob dastlab tergovga guvoh sifatida chaqirilgan bo‘lsa-da, keyinchalik unga to‘satdan 168-modda (firibgarlik) bo‘yicha ayb e’lon qilinib, qamoqqa olingan.

«Avval guvoh sifatida o‘g‘limni chaqirishdi. Ikki marta bordi. Uchinchi marta gumonlanuvchi qilishdi va darhol qamab qo‘yishdi», — deydi uning onasi.

Mulk turganda nega tarjimon to‘lashi kerak?

Ushbu jinoyat ishida eng tushunarsiz holat — banklar va ijro tizimining xatti-harakatidir. Kredit ta’minoti sifatida tadbirkor tomonidan garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulklar mavjud bo‘lsa-da, bank ushbu mulklarni auksionga chiqarib qarzni yopishni paysalga solib kelgan.

Vujudga kelgan 280 ming dollardan ortiq zararning to‘lovi esa sudning solidar (birgalikdagi) javobgarligi sifatida aynan kreditni olmagan va undan manfaat ko‘rmagan tarjimon Suhrob Allazarovning ham bo‘yniga qo‘yilgan.

Agar bitta fuqaro chet elda o‘qib kelib, shunchaki tarjimonlik qilgani uchun 5 yil-u 1 oyga qamalib ketsa, O‘zbekiston yoshlari zamon talablariga mos bo‘lib xorijda o‘qishidan hech qanday naf qolmaydi. Murojaatchilar va jurnalistlar aynan shu masala atrofida jiddiy e’tiroz bildirmoqda.

«Oddiygina tarjimonlik qilgani uchun... besh yil bir oyga qamalib ketsa, O‘zbekistonning yoshlari nima uchun chetga borib o‘qishi kerak unda?» — deya murojaat qiladi u.

Suhrob Allazarovning oilasi apellyatsiya instansiyasidan adolat kutmoqda va Prezident administratsiyasi, Bosh prokuratura hamda Oliy sud rahbariyatidan Urganchda bo‘lib o‘tayotgan ushbu sud jarayonini, shuningdek, tergovdagi nohaqliklarni o‘z nazoratiga olishlarini so‘ramoqda.

Tahririyatimiz hamda jamoatchilik vakillari davlat rahbarining sudlar insonlar umidini sindirmasligi kerakligi haqidagi da’vatiga amal qilgan holda, ushbu jinoyat ishi xolisona qayta ko‘rib chiqilishiga va adolat qaror topishiga umid bildiradi.

Muhammad Ali Qozoqov, Effect.uz

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

«Haqiqatga ko‘z yumilmoqda»: Xorazmda tarjimon yigit 5 yilga nohaq qamaldi — oila adolat so‘ramoqda | Effect.uz