Jamiyat

Pedagog va o‘quvchilar har o‘quv yilida kamida bir marta psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi

Administrator2 soat oldin13 ko'rishlar
Pedagog va o‘quvchilar har o‘quv yilida kamida bir marta psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi

Yangi tizim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida joriy etiladi. Keyingi o‘quv yilidan esa o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim muassasalarini ham qamrab oladi.

O‘zbekistonda barcha ta’lim tashkilotlarining pedagoglari va o‘quvchilarini bir o‘quv yilida kamida bir marta maqsadli psixologik diagnostikadan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, mazkur tartib tarbiyachilar, tarbiyalanuvchilar va talabalar uchun ham amal qiladi. Tizim ikki bosqichda joriy etiladi. Birinchi bosqichda, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, ikkinchi bosqichda esa 2027/2028-o‘quv yilidan o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari qamrab olinadi.

Psixologik diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platforma orqali tashkil etiladi. Bunda shaxsga doir ma’lumotlar hamda diagnostika natijasida olingan ma’lumotlarning maxfiyligi ta’minlanadi.

Diagnostika natijalari sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tahlil qilinib, pedagog va o‘quvchilar uch guruhga ajratiladi: “psixologik barqaror”, “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur”.

Psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj deb topilganlarga ta’lim tashkilotining psixologi, faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lganlarga esa tegishli hudud bo‘yicha mentor psixolog biriktiriladi.

Qaror bilan psixologlarni moddiy rag‘batlantirish choralari ham belgilangan. Xususan, kaskadli malaka oshirish kurslariga o‘qituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga ushbu davrda asosiy ish joyidagi lavozim maoshining 20 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.

Shuningdek, o‘quv yili davomida psixologik barqarorlikni ta’minlashda yuqori natijalarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 barobari miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantiriladi.

Ta’lim tashkilotlarining psixologik xizmat xodimlari besh yilda kamida bir marta malaka oshirishi shart bo‘ladi. Bundan tashqari, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, Ta’lim va ilm-fan vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

Institutda 2027-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli psixologiya va sun’iy intellekt, Ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat hamda Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Pedagog va o‘quvchilar har o‘quv yilida kamida bir marta psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi | Effect.uz