Tarmoqning asosiy maqsadlaridan biri — har bir bolaning hayotiy sharoitidan qat’i nazar, zarur tibbiy yordam olishi, sog‘lom o‘sishi va rivojlanishi uchun imkoniyat yaratishdir.
Samarqandda og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga, jumladan, saratonga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan global tarmoq tuzilgani e’lon qilindi. O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ushbu tarmoqqa ikki yil muddatga rais etib saylandi.
Global tarmoq tuzilganini AQSHdagi "St. Jude" bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti, "St. Jude Global" direktori Karlos Rodriges-Galindo ma’lum qildi. Bu haqdagi marosim Samarqandda o‘tayotgan bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro kongress doirasida bo‘lib o‘tdi.
Yangi tarmoq og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish borasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashish maqsadida birinchi xonimlar hamda davlat rahbarlarining turmush o‘rtoqlarini birlashtiradi.
Ziroat Mirziyoyevaning tarmoqqa rais etib tayinlanishi O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi xizmatini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar, shuningdek, uning saratonga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash va sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan faoliyati e’tirofi sifatida qayd etildi.
Tarmoqning asosiy maqsadlaridan biri — har bir bolaning hayotiy sharoitidan qat’i nazar, zarur tibbiy yordam olishi, sog‘lom o‘sishi va rivojlanishi uchun imkoniyat yaratishdir.




