Xorazm viloyatining Gurlan tumanida sud-huquq masalalari boʻyicha sayyor qabul tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari joyida koʻrib chiqildi.
Xorazm viloyati sudi va viloyat maʼmuriy sudi rahbariyati tomonidan fuqarolarning sud-huquq tizimiga oid murojaatlarini “mahallabay” oʻrganish maqsadida Gurlan tumanida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.

Qabul davomida viloyat sudi raisi oʻrinbosari, jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi Tursunali Mirzayev hamda viloyat maʼmuriy sudi sudyasi S.Allaberganov fuqarolarni qabul qilib, murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berdi.


Murojaatlarning asosiy qismini oilaviy nizolar, jazoni yengillashtirish hamda sud qarorlari ijrosi bilan bogʻliq masalalar tashkil etdi.

Shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisi ham oʻtkazilib, ayrim mahkumlar jazoning oʻtalmagan qismidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Qabul davomida fuqarolarga sudga daʼvo ariza kiritish tartibi hamda “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi doirasida sud tizimida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari haqida ham maʼlumot berildi.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, bunday sayyor qabullardan koʻzlangan asosiy maqsad — aholini ortiqcha ovora qilmasdan, ularning yashash hududiga borib murojaatlarni joyida oʻrganish va muammolar yechimiga koʻmaklashishdan iborat.




