Istanbul deganda ko‘z oldimizga quyosh nurlarida tovlanayotgan Bosfor, mahobatli Aya Sofiya yoki dengiz bag‘rida qad rostlagan maftunkor Qiz minorasi keladi. Kimdir Istiqlol ko‘chasi bo‘ylab ohista harakatlanayotgan nostaljik qizil tramvayni, yana kimdir shahar manzarasiga ko‘rk bag‘ishlab turgan Galata minorasini tasavvur qiladi. Paromda Bosfor bo‘ylab sayr qilganlar esa qo‘lidagi simitdan chag‘alaylarga ulashgan zavqli onlarini eslashi mumkin. Ammo Istanbulning yana bir sevimli timsoli borki, uni bu manzaralardan ayro tasavvur qilish qiyin — bu shaharning yoqimtoy mushuklari.
Asrlar davomida mushuklar Istanbul hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Bugun ular mashhur tarixiy obidalar singari shaharning o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan. So‘nggi yillarda esa Istanbul mushuklari ijtimoiy tarmoqlar orqali millionlab insonlarning mehrini qozonib, butun dunyoga tanildi. Endilikda ular shaharning eng samimiy turizm targ‘ibotchilariga aylandi.
Nima uchun dunyo Istanbul mushuklarini yaxshi ko‘radi?
#CatsOfIstanbul va #İstanbulCats kabi heshteglar ostida ijtimoiy tarmoqlar shahar mushuklari bilan bog‘liq unutilmas lavhalarga to‘la. Turkiyadagi namoyish poygasi vaqtida Formula 1® avtomobilini oldidan bamaylixotir kesib o‘tib, go‘yo haydovchiga start ishorasini bergandek bo‘lgan mushuk ham shular jumlasidan. Yana biri UEFA finali oldidan xuddi stadionning haqiqiy egasidek dadil maydonga chiqib kelgan. Boshqalari esa simfonik konsertlar, balet tomoshalari va teatr sahnalarining doimiy mehmoniga aylangan.
Mushuklarni metro bekatlari va parom terminallarida ham tez-tez uchratish mumkin: ayrimlari turniketlar yonida xotirjam o‘tirib, go‘yo yo‘lovchilarning chiptalarini tekshirayotgandek taassurot qoldiradi. Istanbulda bunday manzaralar hech kimni ajablantirmaydi — ular shahar kundalik hayotining bir qismidir.
8-avgust — Xalqaro mushuklar kuni! Inson va mushuk o‘rtasidagi yaqinlik Istanbuldagidek yaqqol seziladigan shaharlar kam. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlar sayohat manzilini tanlashga tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatib, mahalliy hayotga xos samimiy tajribalar sayohatchilar uchun muhim omillardan biriga aylanmoqda. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, Z avlodiga mansub sayohatchilarning 59 foizi safar uchun ilhomni Instagramdan oladi. Undan keyingi o‘rinlarda YouTube — 54 foiz va TikTok — 47 foiz bilan qayd etilgan. Mana shu jarayonda Istanbulning ko‘cha mushuklari esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan son-sanoqsiz surat va videolar orqali dunyo e’tiborini jalb etishda davom etmoqda.
Xalqaro mushuklar kuni butun dunyoda mushuklarga e’tibor qaratish va ular haqidagi xabardorlikni oshirishga xizmat qilsa, Turkiyada mushuklar azaldan kundalik hayotning bir qismi sifatida qabul qilingan. Ayniqsa, Istanbulda ular shunchaki sevimli jonivorlar emas — ular qo‘shni, shaharning egalari, qahramonlari va uning ajralmas bir bo‘lagi. Aynan mana shu o‘ziga xos munosabat tufayli Istanbul mehr bilan “mushuklar hukmronlik qiladigan shahar” deb ham ataladi.
Istanbul ko‘chalarida mushuklar izidan
Istanbulning eng mashhur “aholisi” bilan uchrashish uchun qayerga borish kerak? Javob oddiy — deyarli hamma joyda. Dunyoga mashhur tarixiy obidalar joylashgan Sulton Ahmad maydonidan Topkapi saroyi bog‘lari va Istanbul arxeologiya muzeylarigacha mushuklar shaharning deyarli har bir go‘shasida ko‘zga tashlanadi. Ular Turkiyaning ko‘plab masjidlarida azaldan qadrli mavjudot sifatida e’zozlab kelingan. Bu esa hayvonlarga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lishning asrlar davomida shakllangan an’analarini aks ettiradi. Shu bois Aya Sofiya yoki Moviy masjidda bir chetda xotirjam dam olayotgan yoxud bemalol aylanib yurgan mushukni ko‘rsangiz, ajablanmang.
Tarixiy Ziravorlar bozori va Emino‘nu maydonining gavjum ko‘chalarida mushuklar kaptar va chag‘alaylar orasida bemalol kezib yuradi. Rang-barang Fener va Balat mahallalari esa sayohatchilar qatori mushuklarning ham sevimli maskanlaridan. Beyo‘g‘lu, Galata va Jihangirning jonli ko‘chalari, Beshiktosh va Kadiko‘yning gavjum bozorlari, Ortako‘yning sohilbo‘yi kafelari, Modaning sokin ko‘chalari hamda Bosfor bo‘yidagi maftunkor Kuzgunjuk mahallasi — bularning barchasida Istanbulning to‘rt oyoqli “mahalliy aholisi”ni uchratish mumkin.
Istanbulning mushuklarga mehri hatto muzeylarda ham o‘z aksini topgan. Galatada joylashgan Istanbul mushuklar muzeyi turli san’at asarlari va ko‘rgazmalar orqali shahar bilan mushuklar o‘rtasida asrlar davomida shakllangan munosabat tarixini hikoya qiladi. Muzey, shu bilan birga, ko‘cha hayvonlari farovonligini qo‘llab-quvvatlashga ham hissa qo‘shadi.
Turkiya bo‘ylab mushuklar
Do‘kon oynasi ortidan mo‘ltillagan ko‘zlar sizni kuzatishi yoki mahalliy kafeda ovqatlanib o‘tirganingizda esa bir mushuk oyog‘ingizga ohista tegib, taomingizdan ozgina ulashishingizni so‘ragandek bo‘lishi mumkin. Bunday kutilmagan uchrashuvlar Istanbul hayotining shunchaki oddiy lavhalaridek tuyuladi, ammo ko‘pincha sayohatchilarning eng yoqimli xotiralaridan biriga aylanadi. Bu holatlar mushuklar nafaqat parvarish qilinadigan, balki jamiyatning bir qismi sifatida qabul qilinadigan ko‘p asrlik hamjihatlik madaniyatini aks ettiradi.
Istanbul ko‘cha mushuklari bilan dunyoga tanilgan bo‘lsa-da, Turkiyaning boshqa hududlarida ham ular sayohatchilarning doimiy hamrohidir. Qadimiy Efes shahri xarobalaridan muhtasham Aspendos antik teatrigacha, sohilbo‘yi shaharchalaridan gavjum shahar ko‘chalarigacha mushuklarni mamlakatning ko‘plab mashhur maskanlarida uchratish mumkin.
Bugun Turkiyaning yana bir o‘ziga xos jihatini kashf etish mumkin: ba’zan sayohatning eng esda qolarli lahzalari qo‘llanmalarda emas, balki yoningizda sokin o‘tirgan do‘stona mushuk hamrohligida yashirinadi.




