Jamiyat

“DEMOKRAT.UZ” rahbariga qoʻyilgan ayblovlar sudda koʻrilmoqda

Administrator2 soat oldin61 ko'rishlar

Fazliddinxon Mehmonov va bloger Aziz Gʻoipnazarov ishi boʻyicha birinchi sud majlisi oʻtkazildi.

Toshkent shahrida “Demokrat.uz” internet nashri rahbari Fazliddinxon Mehmonov va bloger Aziz Gʻoipnazarovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi sudda koʻrib chiqilmoqda. Bu haqda Effect.uz muxbiri Mohinur Hamdamova xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Mehmonov va Gʻoipnazarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

IIBBning 2026-yil 12-fevraldagi maʼlumotiga koʻra, voqea 2025-yil 15-dekabr kuni boshlangan. Tergov versiyasiga koʻra, Gʻoipnazarov Sergeli tumanidagi avtosalonlardan birining faoliyatini obroʻsizlantiruvchi videomaterial tayyorlab, internetga joylashtirgan.

Shundan soʻng, tergov maʼlumotlariga koʻra, Mehmonov va Gʻoipnazarov ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlardan oʻchirish hamda tadbirkorni obroʻsizlantiruvchi boshqa videomaterialni OAVda joylashtirmaslik evaziga jabrlanuvchidan 50 ming AQSH dollari talab qilgan.

IIBB maʼlumotiga koʻra, Mehmonov 29-yanvar kuni 3 ming dollar, 10-fevral kuni esa 17 ming dollar olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Keyinchalik ish boʻyicha Fazliddinxon Mehmonovga nisbatan bir nechta moddalar boʻyicha ayblovlar qoʻyilgan. Jumladan, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari va 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 4-qismi “a” bandi, shuningdek 248-moddasi 1-qismi.

165-modda tovlamachilikka oid jinoyatlarni nazarda tutadi. Ishda koʻrsatilgan 165-modda 2-qismi “a”, “v” bandlari hamda 3-qismi “a” bandi tovlamachilikning tegishli ogʻirlashtiruvchi holatlarini qamrab oladi.

168-modda firibgarlikka oid. Mehmonovga qoʻyilgan 168-modda 3-qismi “b” bandi va 4-qismi “a” bandi boʻyicha ayblovlar ham ish materiallarida koʻrsatilgan tegishli holatlarga taalluqli.

248-modda 1-qismi qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish bilan bogʻliq qilmishlarni nazarda tutadi.

Aziz Gʻoipnazarovga esa 165-modda 3-qismi “a” bandi boʻyicha ayblov qoʻyilgan.

Ish materiallarida 9 nafar jabrlanuvchi koʻrsatilgan: Jushkin Tuygʻunov, Rufat Sadinov, Umid Inoyatov, Mehroj Rahmatov, Karim Kamolov, Nigora Muhitdinova, Laziz Mirzayev, Oʻktam Mirzayev va Lutfulla Hafizov.

29-sentyabr kuni Mirobod tuman sudida mazkur ish boʻyicha birinchi sud majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisga sudya Bahodir Meyliyev raislik qildi. Birinchi sud majlisida jabrlanuvchilardan Oʻktam Mirzayev va Nigora Muhitdinovaning fikrlari eshitildi.

Nigora Muhitdinovaning koʻrsatmasicha, Fazliddinxon Mehmonov unga “Demokrat.uz” saytida taʼsischi boʻlish evaziga 50 ming AQSH dollari berishni soʻragan. Uning aytishicha, u dastlab 30 ming dollar, oradan bir oy oʻtib yana 10 ming dollar bergan. Keyinchalik esa ushbu mablagʻlarni qaytarishni talab qilgan. Shundan soʻng F.Mehmonov qamoqqa olingani maʼlum boʻlgan.

Ikkinchi holat boʻyicha esa, Sergeli tumanidagi avtosalonlardan biri rahbari Oʻktam Mirzayevning koʻrsatmasicha, ular F.Mehmonov bilan avtosalon va shaxsiy brendni rivojlantirish masalasida muzokara olib borgan. Uning bildirishicha, soʻralgan mablagʻdan 17 ming dollarini restoranlardan birida berayotgan vaqtida tezkor xodimlar F.Mehmonov va Gʻoipnazarovni qoʻlga olgan.

Shu tariqa, jinoyat ishi sud muhokamasi bosqichiga oʻtdi. Ayni paytda Mehmonov va Gʻoipnazarovga qoʻyilgan ayblovlar sud tomonidan koʻrib chiqilmoqda. Keyingi sud jarayoni 6-oktyabr kuniga belgilangan.

Eslatma: Sudning yakuniy hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar Mehmonov va Gʻoipnazarov aybsizlik prezumpsiyasi asosida qaraladi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

“DEMOKRAT.UZ” rahbariga qoʻyilgan ayblovlar sudda koʻrilmoqda | Effect.uz