⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
O'zbekiston

“Credit House” ishi: sudya jarayonni ommaga tarqatishni taqiqladi

Administrator2 soat oldin449 ko'rishlar
“Credit House” ishi: sudya jarayonni ommaga tarqatishni taqiqladi

Toshkent shahar sudida Prezident tanqidiga uchragan “Credit House” va “In Fin Stroy Invest” MCHJlari bilan bogʻliq jinoyat ishi apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilmoqda. Effect.uz muxbiri sud jarayonida ishtirok etib, sudya muhokamalarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish boʻyicha taqiq joriy qilganini maʼlum qildi.

Mazkur ish avval Yakkasaroy tuman sudida koʻrib chiqilib, 9 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilgan edi. Jumladan, ishda asosiy aybdorlardan biri sifatida koʻrsatilgan Dmitriy Bajenov 9-yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Uch nafar ayol sudlanuvchiga nisbatan esa shartli jazo qoʻllanilib, 3-yillik sinov muddati belgilangan.

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq “Credit House” va “In Fin Stroy Invest” bilan bogʻliq holatni ochiq tilga olgan. Davlat rahbari ushbu kompaniyalar kvartira sotish vaji bilan 2 ming nafar fuqaroni aldab, ularning 490 mlrd soʻmini oʻzlashtirganini aytgandi.

“Oʻzbekistonda boʻlyapti bu gaplar. ... «Credit House”, “In Fin Stroy Invest” qurilish korxonalari kvartira sotish vaji bilan 2000 nafar fuqaroni aldab, 490 mlrd soʻm pullarini oʻzlashtirgan. ... Jahongir Xatamov, tashkilotingiz bunday uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga qachon barham beradi? Sizlar qilmasanglar kim qiladi, Xatamov?» — degan Prezident.

Ish boʻyicha dastlabki maʼlumotlarda 860 nafardan ortiq fuqaro jabrlanuvchi sifatida eʼtirof etilgani va yetkazilgan zarar 182 mlrd soʻmni tashkil qilgani bildirilgan. Keyinchalik ish boʻyicha maxsus shtab tuzilib, tergov IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olingan.

Birinchi instansiya sudi yakuniga koʻra, Dmitriy Bajenov — 9-yil, Baxtiyor Amzayev — 9-yil, Bahrom Hikmatullayev — 8-yil 1 oy, Gʻayrat Mirkamolov — 8-yil 1 oy, Shuhrat Mahamadov — 8-yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Klara Tolipova, Robiya Galyamova va Shoira Rahimovaga 6,5-yillik jazo tayinlanib, jazo shartli deb belgilangan. Alisher Shamsiddinovga esa jarima jazosi qoʻllangan. Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish belgilangan.

Ayni vaqtda apellyatsiya sudi birinchi instansiya hukmini qayta koʻrib chiqmoqda. Qancha cheklov oʻrnatilmasin, shu kunga qadar jamoatchilikka ochiq yoritib kelingan mazkur ish endi Toshkent shahar sudlari tomonidan yoritilishiga cheklov qoʻyilgani bilan yanada koʻp eʼtirozlarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, ishda tilga olingan 2 ming nafar fuqaroning puli va mulki taqdiri qiziq.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

“Credit House” ishi: sudya jarayonni ommaga tarqatishni taqiqladi | Effect.uz