Avvalroq, EFFECT.UZ Toshkentdagi «CITY TOWER» qurilish loyihasi va «IQBOL ZAMIN SEVRIS» MCHJ bilan bogʻliq muammolar yuzasidan 1700 nafar fuqaroning murojaatlari asosida jurnalistik surishtiruv eʼlon qilgan edi.
Shundan soʻng Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi Bahodir Gʻoibnazarov fuqarolar bilan uchrashdi. Uchrashuvda aholi murojaatlarida koʻtarilgan muammolar tegishli ishchi guruh ishtirokida oʻrganilgan.
Oʻrganish davomida «IQBOL ZAMIN SEVRIS» MCHJ taʼsischisi Sh. Qurbonovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani, mazkur ish Bosh prokuratura nazoratiga olingani hamda unga nisbatan xalqaro qidiruv eʼlon qilingani haqida maʼlumot berilgan.
Fuqarolar sudga nima sababdan bordi?
Maʼlum qilinishicha, Sh. Qurbonovning turmush oʻrtogʻi Qurbonova ishonchnoma asosida MCHJ faoliyatini boshqargan. Keyinchalik unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Qurbonovaning advokatlari mazkur qaror ustidan apellyatsiya shikoyati bergan.
Shundan soʻng «CITY TOWER» loyihasidan jabrlanganini bildirgan fuqarolar apellyatsiya ishi koʻrib chiqilayotgan Toshkent shahar sudiga borgan.
Fuqarolarning aytishicha, ularga sud majlisi yopiq ekani va unda faqat ish taraflari ishtirok etishi mumkinligi tushuntirilgan.
Biroq fuqarolar oʻzlarining ham mazkur holatdan moddiy va maʼnaviy zarar koʻrganini, ayrim xonadonlar bankka garovga qoʻyilganini bildirib, sudya bilan uchrashib, oʻzlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan murojaat qilish imkoniyatini soʻrashgan.
«Berilgan vaʼdalar bajarilmadi. Sudya biz bilan uchrashishi kerak edi, lekin bunday boʻlmadi. Nima boʻlishidan qatʼiy nazar, Qurbonovaga nisbatan ehtiyot chorasi oʻzgartirilishiga keskin qarshimiz», — deydi fuqarolar.
Shundan soʻng Toshkent shahar sudi binosida fuqarolar va sud xodimlari oʻrtasida tushunmovchilik yuzaga kelgan. Vaziyat keskinlashib, norozilik kelib chiqishi mumkin boʻlgan holat kuzatilgan.
Sud qanday qaror qabul qildi?
Toshkent shahar sudi apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmadi. Natijada Yashnobod tumani jinoyat ishlari boʻyicha sudining Qurbonovaga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi qarori oʻzgarishsiz qoldirildi. Biroq masalaning yana bir muhim jihati ochiq qolmoqda: 1700 nafar fuqaroning uy-joyi, moliyaviy manfaatlari va huquqlari bilan bogʻliq muammolar qanday hal etiladi?
Fuqarolarning asosiy talabi ham shu — ularning mablagʻlari va xonadonlari taqdiriga aniq huquqiy baho berilishi hamda muammoning amaldagi yechimi taʼminlanishi.
Toshkent shahar sudi holatga yanada aniqlik kiritdi
Toshkent shahar sudi «CITY TOWER» ishi boʻyicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirib, jinoyat ishi sudda mazmunan koʻrilmaganini maʼlum qildi.
Sudga koʻra, Toshkent shahar sudida faqat «IQBOL ZAMIN SEVRIS» MCHJ ishi doirasida shaxsga nisbatan qoʻllanilgan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqilgan.
Shuningdek, protsessual majburlov choralariga oid masalalar qonunga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqilishi, sudyaning protsessual tartibda nazarda tutilmagan holda manfaatdor shaxslar bilan muloqot qilishi mumkin emasligi taʼkidlangan. Apellyatsiya shikoyati yakunida esa ehtiyot chorasi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
EFFECT.UZ ushbu ish boʻyicha jarayonlarni kuzatishda davom etadi.



