Andijon shahrida joylashgan mulki 2019-yilda rekonstruksiyaga tushgan fuqaro 7 yildan beri oʻz huquqlarini tiklash uchun kurashmoqda. Tadbirkor fuqaroning aytishicha, u 1997 va 2001-yillarda sotib olingan, har bir xona maydoni taxminan 44 kvadrat metr boʻlgan ikkita obyektga egalik qilib kelgan va undan fotostudiya sifatida foydalanib kelingan.

“1997-yilda va 2001-yilda 2 ta 1 xonali (har biri 44 kv.m dan) joy xarid qilib, 2019-yilga qadar soliqlarni toʻlab, fotostudiya sifatida yuritib, tadbirkorlik faoliyati olib borganman”, – deydi murojaatchi tadbirkor.


Mazkur mojaro 2019-yilda boshlangan. Hudud rekonstruksiyaga tushirilgan va avval bir qurilish kompaniyasi bilan kelishuv qilingan.
Maʼlum boʻlishicha, dastlab «Azia Max» kompaniyasi bilan bogʻliq jarayon boʻlgan, keyin esa ushbu kompaniya faoliyati noqonuniy deb topilib, loyiha “Zeromax” kompaniyasiga oʻtkazilgan. Shundan soʻng mulkdorlar “Zeromax” bilan shartnoma tuzgan. «Zeromax» bilan shartnoma tuzilayotgan vaqtda viloyat va shahar hokimligi kafolatchi (garant) sifatida ishtirok etgan. Unda firma almashgan taqdirda ham, hokimiyat mulkdorning joyini shartnomada koʻrsatilganidek qaytarib berishni oʻz boʻyniga olgan va “ertaga firma almashib ketsa ham, boshqa boʻlsa ham, sizga joyingiz shartnomada qanday koʻrsatilgan boʻlsa, shunday qaytarib beriladi”, megan mazmunda kafolat berilgan.


Biroq vaqt oʻtib Zeromax bilan bogʻliq jarayonda ham muayyan muammolar yuzaga kelgan va qurilish ishlari yana «Azia Max» qurilish kompaniyasi ihtiyoriga oʻtgan. Hozirda ushbu quruvchi tomon «Zeromax» bilan tuzilgan shartnomalarni tan olmayapti va fuqaroga faqatgina eski hujjatlarida koʻrsatilgan turar joy statusiga asoslanib, binoning yuqori qavatlaridan uy taklif qilmoqda.
«Men investor emasman, mulkdorman»
Murojaatchining asosiy eʼtirozi — unga yangi binodan boshqa joy taklif qilinayotgani. Uning taʼkidlashicha, avvalgi mulki birinchi qavatda joylashgan va unda uzoq yillar davomida tadbirkorlik faoliyati olib borgan. U 1997-yilda mazkur joyni olganini, keyinchalik, 2001-yilda ikkinchi obyektni ham xarid qilganini bildirdi.



U ushbu binolardan fotostudiya sifatida foydalanganini, 2019-yilgacha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirganini aytdi. Nizo esa rekonstruksiyadan keyin mazkur joylarning maqomi va ularning oʻrniga qanday obyekt taqdim etilishi masalasida kuchaygan.
Murojaatchi oʻz talabini pul yoki qoʻshimcha kompensatsiya bilan bogʻlamayotganini taʼkidlaydi. Uning soʻzlariga koʻra, asosiy talabi — avvalgi mulkining huquqiy maqomi va shartnomalarda belgilangan talablarga mos ravishda taʼminlanishi.
«Men bu yerda investor emasman, men — mulkdorman! Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsiz deb belgilab qoʻyilgan. Mening birinchi qavatdagi joyimni buzib, oʻrniga oʻzlari foydalanishyapti. Men ortiqcha narsa yoki foyda soʻramayapman, faqat oʻz joyimni berishini soʻrayapman», — deydi u.
Turar joy oʻrniga turar joy, noturar joy oʻrniga noturar joymi?
Mojaroning yana bir muhim jihati — mulkning maqomi. Murojaatchining aytishicha, avval unga birinchi qavatdagi joyi turar joy boʻlgan boʻlsa, oʻsha joyda turar joy berilishi, agar noturar boʻlsa, noturar joy bilan taʼminlanishi tushuntirilgan. Biroq keyinchalik unga avvalgi joyi oʻrniga boshqa qavatdan joy taklif qilinayotgani aytilgan.


Murojaatchi esa bu holat tadbirkorlik faoliyati uchun muhim ekanini taʼkidlaydi. Chunki uning avvalgi joyi birinchi qavatda boʻlgan va u yerda fotostudiya faoliyati yuritilgan.
Qurilish kompaniyasi tomonining suhbatdagi pozitsiyasi esa boshqacha. Ularning aytishicha, mulkdorlarga turar joy boʻlsa — turar, noturar joy boʻlsa — noturar joy berilishi nazarda tutilmoqda. Biroq aynan qaysi qavat yoki xonadon berilishi masalasida tomonlar oʻrtasida kelishmovchilik mavjud. Shu sababli kompaniya vakili sud qarorini kutayotganini bildirdi.
Bank krediti va garov masalasi: 20 milliard soʻmlik xavf
Surishtiruv jarayonida yana bir murakkab va tashvishli holat yuzaga chiqdi. Murojaatchi va boshqa manbalarning maʼlum qilishicha, quruvchi tomonidan ushbu obyektning tayyor boʻlgan va qurilayotgan muayyan qismi Hamkorbankka garovga qoʻyilib, 20 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻlari rasmiylashtirilgan.
Bu holat nafaqat murojaatchi tadbirkorda, balki ushbu binodan joy kutayotgan boshqa fuqarolarda ham agar ertaga quruvchi kompaniya olingan 20 milliard soʻmlik kredit majburiyatini vaqtida toʻlay olmasa, bank garovga qoʻyilgan ushbu binoni tortib olmaydimi? Bank undiruvni garovdagi mulkka qaratsa, yillar davomida oʻz mulkini kutib sarson boʻlayotgan fuqarolar va mulkdorlar mutlaqo uysiz va joysiz qolib ketaveradimi, degan juda jiddiy xavotirlarni paydo qilmoqda.
Bundan tashqari, mulkdorning avvalgi 84 kv.m maydonga ega qonuniy kadastr mezoniy hujjati boʻla turib, quruvchi ushbu joyni taqiqdan chiqarish yoki yangi kadastr rasmiylashtirish orqali boshqa uchunchi shaxslarga sotib yuborgani haqida ham eʼtirozlar bildirilmoqda. Ertaga quruvchining toʻlovga qobiliyatsizligi tufayli bank garovdagi mulkni tortib olish ehtimoli yuqoriligi jarayonni yanada chigallashtirmoqda. Bu masalalar ham ayni paytda fuqarolik ishlari boʻyicha sudda koʻrib chiqilmoqda.
«Yetti yildan beri faoliyatimni tiklay olmayapman»
Murojaatchining aytishicha, rekonstruksiya va nizo sababli u qariyb etti yil davomida avvalgi joyida ishlay olmagan. Uning taʼkidlashicha, bu vaqt davomida oilasi bilan boshqa joyni ijaraga olib, faoliyatini davom ettirishga majbur boʻlgan. U mazkur davrni nafaqat mulkiy, balki oilaviy va iqtisodiy jihatdan ham ogʻir kechganini bildirdi.

«Muammo boshlanganda oʻgʻlim 8 yoshda edi, hozirda 17 ga kirdi. 7 yil umrim shu sarsongarchiliklarda oʻtib ketdi. Ijarada joy olib, roʻzgʻor tebratib yuribmiz. Oʻz uyimizdan foydalana olmay, sarson boʻlayotganimiz alam qiladi», — deydi u.
Hokimiyat va prokuraturaning ojizligi: quruvchining «yengilmas suyanchigʻi» bormi?
Murojaatchi soʻnggi yillarda prokuratura, ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati va Ombudsmanga qayta-qayta murojaat qilganini bildirdi. Shahar hokimligi qabulida boʻlganda esa «Bu masala bizning vakolatimizga kirmaydi, sudga uchrashinglar» degan javob berilgan. Vaholanki, dastlabki shartnomalar masʼullar ishtirokida va kafolati ostida tuzilgan edi.


Murojaatchining taʼkidlashicha, ularda Andijon viloyati prokuraturasining qurilish boʻlimi prokurori va quruvchi kompaniya vakili (Akbar ismli shaxs) oʻrtasidagi suhbat muhrlangan videoyozuv mavjud. Uning soʻzlariga koʻra, quruvchi vakili hatto prokuratura xodimi bilan muloqotda ham hech narsadan hayiqmay, «men sizga muammo tugʻdirib qoʻyaman» mazmunida doʻq-poʻpisa qilgan va ilgari Andijon shahar hokimining qurilish boʻyicha oʻrinbosari kelganida ham uni odamlar orasida behurmat qilib haydab yuborgan.

Murojaatchining aytishicha, mahalliy organlarning ojizligini koʻrib, ularda quruvchining orqasida respublika darajasidagi «katta suyanchigʻi» bor degan gumonlar paydo boʻlmoqda.
«Agar bitta quruvchi fuqarolarning koʻz oldida viloyat prokuraturasi xodimini mensimasa, hokim oʻrinbosarini behurmat qilsa, demak uning orqasida juda katta suyanchigʻi bor. Oddiy fuqaro shunday gapirganida mutlaqo boshqacha chora koʻrilgan boʻlardi. Viloyat darajasidagi prokurorning ham soʻzi oʻtmasa, unda bizga kim yordam beradi? Mahalliy masʼullarning bu ojizligini koʻrib, endi faqat Prezident Administratsiyasiga murojaat qilishdan boshqa choramiz qolmaganini tushunib yetyapmiz», deydi u.
Qurilish kompaniyasi tomoni nima demoqda?
Suhbatning ikkinchi qismida qurilish kompaniyasi vakili bilan ham gaplashildi. Uning pozitsiyasiga koʻra, murojaatchi avvalgi qurilish kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. Hozirgi kompaniya esa oʻsha shartnoma boʻyicha barcha majburiyatlarni oʻz zimmasiga olgani yoki olmagani masalasida boshqacha pozitsiyada.

Kompaniya vakili murojaatchi bilan bevosita tuzilgan shartnoma mavjud emasligini taʼkidladi. Shuningdek, tomonlar oʻrtasida aynan qaysi joy va qaysi shartlar boʻyicha kelishuv boʻlgani masalasi sudda koʻrib chiqilayotganini bildirdi.
Kompaniya vakiliga koʻra, murojaatchiga mulk umuman berilmaydi, degan pozitsiya yoʻq. Masala — unga qaysi joy, qaysi maqomda va qanday tartibda berilishi haqida. Shuning uchun kompaniya tomoni sud qarorini kutayotganini bildirgan.
Asosiy bahs — kimning qaysi majburiyati bor?
Suhbatdan koʻrinib turibdiki, mojaroning markazida faqat «birinchi qavat yoki boshqa qavat» masalasi emas. Bu yerda bir nechta muhim huquqiy savollar tugʻilmoqda:
— Avvalgi mulkka boʻlgan huquq qaysi hujjatlar bilan tasdiqlangan?
— “Zeromax” bilan tuzilgan va hokimlik kafolati boʻlgan shartnoma keyingi qurilish kompaniyasi uchun majburiyat yuzaga keltiradimi?
— Bankning 20 milliard soʻmlik krediti va garov shartnomasi kelajakda mulkdorlarni uy-joysiz qoldirmaydimi?
— Mahalliy hokimlik va prokuratura organlari nega oʻzlari kafolat bergan vakolatlarni taʼminlay olmayapti?
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xususiy mulk daxlsizligi davlat tomonidan kafolatlanishi ochiq-oshkor belgilab qoʻyilgan. Biroq Andijondagi ushbu holat mahalliy hokimiyat kafolati ostida tuzilgan bitimlar ham baʼzida fuqarolarni himoya qila olmayotganini koʻrsatmoqda. Sud tekshiruvlari davomida binoning bank garoviga qoʻyilishi, kadastr hujjatlarining oʻzgarishi va pudratchilarning huquqiy vorisligi masalalariga baho berilishi kutilmoqda.
Effect.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Muhammad Ali Qozoqov, Effect.uz



