⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Politics

Bir vallomat hokim boʻlsa…

Administrator10 h ago346 views
Bir vallomat hokim boʻlsa…

Toshkentda 170 ming murojaat. Ularning yarmidan koʻpi hal qilinmagan. Bu raqamlar oddiy statistika emas — bu poytaxtda aholi bilan muloqot tizimi jiddiy muammoga uchraganidan darak beradi. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emasdi.

Kabinetidan hech chiqmaydigan, na xalqqa, na OAVga, na deputatlarga koʻrinish beradigan bir vallomat hokim boʻlsa — yuqoridagi eʼtirozlardan boshqacha narsa boʻlishi amrimahol edi.

Bugungi videoselektor yigʻilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi tahlil qilindi. Maʼlum qilinishicha, mamlakat boʻyicha har 10 ming aholiga oʻrtacha 319 ta ariza va shikoyat toʻgʻri keladi.

Toshkent shahrida esa bu koʻrsatkich eng yuqori — 535 tani tashkil etmoqda.

Eng tashvishlisi — poytaxtda kelib tushgan 170 ming murojaatning yarmidan koʻpi yechimini topmagani. Shu bilan birga, takroriy murojaatlar soni ham ortib bormoqda.

Bunday vaziyat tasodif emas. Agar shahar boshqaruvida aholi bilan muloqot yetarlicha yoʻlga qoʻyilmasa, muammolar tabiiy ravishda yigʻilib boraveradi. Odamlar oʻz dardini ayta olmaydigan tizimda murojaatlar soni kamayishi qiyin.

Shahar rahbariyatining jamoatchilik, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari bilan ochiq muloqoti hamisha muhim boʻlib kelgan. Chunki katta shaharni faqat qarorlar bilan emas, odamlarning fikrini eshitish orqali samarali boshqarish mumkin.

Tadbirkorlar bilan bogʻliq mojarolar, ayrim obyektlarni buzish yoki faoliyatni cheklash kabi qarorlar ham jamoatchilikda savollar uygʻotayotgani sir emas. Bunday holatlarda ochiq muloqot va tushuntirish boʻlmasa, norozilik yanada kuchayishi mumkin.

Shahar — binolar yoki yoʻllar emas. Shahar — odamlar.

Shuning uchun ham Toshkentdek azim shaharni boshqarishda “men hammasini bilaman”, “men doim haqman” degan tamoyil emas, balki jamoatchilik bilan maslahat va muloqot ustuvor boʻlishi kerak. Boshqa yoʻl ham yoʻq. Aks holda murojaatlar soni kamaymaydi, unda poytaxt shikoyatlar shahriga aylanib boraveradi.

Share:

Related News

Bir vallomat hokim boʻlsa… | Effect.uz