⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
O'zbekiston

Usmon Azim: “Hech qachon bunday yashamaganmiz”

Administrator3 soat oldin12 ko'rishlar
Usmon Azim: “Hech qachon bunday yashamaganmiz”

Haqiqiy yozuvchi-shoirlar haqiqatni yozishni xush koʻradilar. Dunyoning qaysi bir chetidagi adolatsizlik ularga xuddi oʻzining uyida roʻy berayotgandek tuyuladi. Qaydadir adolatning barqarorligi yoki gʻalabasi ularning ruhini koʻtaradi. Ular uchratgani har bir yaxshi odamning muvaffaqiyatidan quvonadilar, odamlarning muammolari esa ularning ham muammolariga aylanadi.

Ular ­­­– Vatanparvar. Har holda Oʻzbekistonda xuddi shunday. Vatanning gullab-yashnashi, ijobiy oʻzgarishlar har bir fuqaroning hayotini yuksaltirishg sari qoʻyilgan qadam ekanligini teran his qiladilar, kayfiyatilari koʻtariladi. Xudoga ming shukurkim, bu oʻzgarishlar har soatda, har kun roʻy berib turibdi. Butun mamlakat harakatda. Eng muhimi, bu islohatlar jaydari tusda emas, balki jahonning eng ilgʻor texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Sharoitlar yaratilgani tufayli investitsiyalar bemalol kirib kelyapti. Rivojlanish shiddati butun mamlakatni qamrab olgan.

Qalam ahli bu va koʻplab boshqa yutuqlardan boxabarlar. Muammolarni bartaraf etish yoʻlidagi saʼyi harakatlarni ham mudom sezib turadilar.

Yaqinda bir dasta ijodkor doʻstlar bilan qoʻshni doʻst mamlakatga safarda boʻldik. Bir kech oʻz-oʻzidan badiha davra tuzilib, suhbat gurillab ketdi. Avval mezbon mamlakatni Oʻzbekiston bilan taqqos qila boshladik. Baravariga “Biz oldinga ketibmiz”, degan xulosaga keldik! Bugungi Oʻzbekiston haqida gaplashdik. Men yetmish olti yil umr koʻrganimni, ammo xalqimiz hech qachon bunday yayrab yashamaganini, aytib qoldim. Davradagilar bu gapimni ham bir ogʻizdan tasdiqladilar. Ha, shunday! Hech qachon bunday yashamaganmiz!

Yuraklarni faxr bilan toʻldirgan bu eʼtiroflar qachon koʻnglimizni toʻldirdi?

Axir, biz eʼtirof etgan yutuqlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq-ku?

Uning ortida kimning mehnatiyu zaxmati, betinim harakati yotibdi?

Mamlakatimizning barcha mintaqalarida yoyilgan bunyodkorlikka kim gʻayrat-shijoat bagʻishlayapti?

Bu savollarga javob bitta: bu olamshumul zafarlarning ortida bir kishining, ha, bir kishining – Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning fidokorligi turibdi.

Oz emas, koʻp emas, Yangi Oʻzbekistonni qurmoqchi boʻlgan shu azamat insonning misli koʻrilmagan fidokorligi!

Men bu inson haqida koʻp oʻyladim. Oxiri bu odam haqida yozmasam, adolatdan boʻlmas ekan, degan qarorga keldim.

Yoʻq, xushomad qilish niyatim yoʻq. Nimaga xushomad qilaman? Yoshim bir joyga borgan boʻlsa, mukofotu unvonlarni ham hech kimga likillamay olgan boʻlsam...

Bu islohatlar boshlanganda, mamlakat qay ahvolda edi?

Odamlar qanday yashayotgan edi?

Oʻzimning boshimdan oʻtkazganlarimni bir eslay.

Men koʻp qavatli uyda yashayman. Uyimiz necha-necha qishlar boʻyi isimasdi. Bir farzandim, keyinchalik, “shu uyda bir umr sovuq qotib ulgʻaydik”, deb esladi.

Nafaqaga chiqdim. “Nafaqangni yarmi” toʻlanadi deyishdi. Nima deyman? Xoʻp-da... Koʻpga kelgan toʻy.

Maosh hemiri. Yarim pensiyaga qoʻshib, oydan-oyga arang yetkazamiz.

Toʻlov plastik kartasi bilan mashmashalarni-ku aytmay. Doʻkonga borasan. Kerakli molning narxini soʻraysan. “Naqd olsangiz sakson soʻm, plastik karta bilan toʻlasangiz yuz”...

Denovda bozorning naq oʻrtasida plastik kartalardagi pullarni naqtga almashtirish “punkti” ochildi. Oʻsha bezbet shaklda – yuz soʻm yechib olishsa, sakson soʻm qoʻlingga berishadi. Eng dahshati, bu punktni bunday hollar yuz bermasligini nazorat etuvchi tashkilotlarning odamlari amalga oshirdi. Dodingni kimga aytishni bilmaysan..

Bu loʻttibozliklar butun xalq koʻz-oʻngida roʻy berdi. Hech kim “miq” etolmadi. Qoʻrquv. Bu qoʻrquvdan yaralgan taqdirsizlik – ertani oʻylashdan choʻchish – mudom yelkadan toshday bosib turdi.

Qarz koʻtardim. Dollarda qarz berganlarga, dollarda qaytarib berish kerak. Bank kassalarining yoniga ham borolmaysan. Banklar dollarni sotuvga chiqarib, oʻzlari sotib olib yotibdi – odamlarini qoʻyib qoʻyishgan – allaqanday shanqi xotinlar...

Bozorga borasan. “Dollarchi”lar shaykasi har qadamda... Dollarning narxi rasmiy narxdan ikki barobar baland. Koʻr boʻlib, olasan.

Surxondaryodan gʻalla yetishtirgan bir tadbirkor, menga uchrashib gʻallasini topshirganini, ammo haqini yeb ketishganini aytdi. Men bir-ikki amaldorga aytgan boʻldim. Biror natija chiqmadi. Tadbirkor shu xoʻrlikning jabridan oʻlib ketdi...

U-bu joylardagi oʻzgarishlar odamlarning dasturxoniga yetib kelmadi. Mamlakatni firibgarlar bosdi.

Bu ishga qarshi kurashi lozim boʻlgan tashkilotlar davlat ichida davlat tuzdilar. Odamlar ustidan zoʻravonlik joriy etildi.

Masalan, Surxondaryoda Xavfsizlik Xizmati allaqanday fashistik (boshqa soʻz ularning qilmishini ifodalab berolmaydi) tizim oʻrnatdilar. Odamlarni pashsha oʻrniga koʻrmadilar. Xoʻrladilar, mulklarini tortib oldilar, misli koʻrilmagan qiynoqlarga soldilar, oʻldirib ham yubordilar. Qiynoqlarning Stalin zamonida kechgan usullarini qoʻlladilar. Ularni yanada yangi “pogʻona”larga koʻtardilar.

– Tirnoqlarimni sugʻirib oldilar, — deb zorillab eslaydi ularning qoʻliga tushgan bir begunoh. – Hammasini baravariga sugʻirsalar ham mayli edi, har kun bittasini sugʻiradilar»...

Hatto hokimlarga ham tayziq oʻtkazildi. Bu yurtda ular ham ishlashdan bezib qoldilar. Noiloj, ishdan ketishga haqida ariza yozdilar.

Mustaqillikdan odamlarning koʻngli qola boshladi.

Bitta-yarim tanishlar menga ham taʼna qila boshladilar. “Ana, siz orzu qilgan istiqlol”...

Rosti, men ham bebaxt yashadim. Gazeta-jurnallarda yozganlarimni nashr etish nari tursin, ismu familiyamni ham oʻchirib tashlaydigan boʻlishdi. Men nima qilgan edim? Bir koʻrsatuvda “birovlar harom-harish yoʻl bilan pul toʻplayaptilar – payti kelgach, pullarini koʻtarib, xorijga joʻnab ketadilar”, degan rost gapni aytgan edim, xolos. Bu koʻrsatuv tufayli televideniyedagi necha-necha ijodkorlar jazolandi, ishdan ketdi...

Taʼn olaylik, mustaqillikning ilk davrida, yangi tizimli mamlakatni bunyod etish, nochorlikdan qutulish uchun bir qadar qattiqqoʻllik ham zurur edi. Ammo mamlakat rivojlanib borgan sari bu qattiqqoʻllik oʻrnini, adolat oʻlchamlariga mos yoʻriqlar asta-asta egallab borishi kerakligi ham barchaga ayon edi. Biroq bunday boʻlmadi. Chunki eng tepadagi odam ham nayrangbozlarning qoʻlida asirday yashadi. Joylarda roʻy berayotgan, hatto oʻz oilasidap roʻy berayotgan voqealardan ham gʻofillikda qoldi. Barcha adolatsizliklar sir tutildi.

Yuqoridagi yozganlarimni hech kim rad etolmaydi. Ularni bor boʻyicha koʻrsatish uchun esa, necha jildlab kitoblar yozilsa boʻladi. Men faqat boshimdan oʻtkazganlarimning va tugʻilgan yurtim Surxondaryoda roʻy bergan mashhum voqealarning bir qisminigina eslayapman.

Avj olgann muammolarni bartaraf etish yoʻllarini hech kim bilmasdi.

Biroq Parvardigor bilguvchidir! U mamlakatni rivojlanish sari yoʻnaltirish uchun nima qilish kerakligini aniq bildi.

Mamlakat prezidentligiga Shavkat Miromonovich Mirziyov saylandi va… birdan muʼjizalarga oʻxshash hodisalar roʻy bera boshladi.

Yuqorida aytib oʻtganim koʻrguliklar birtta-bitta yechimni topib ketaverdi. Toʻlov plastik kartalari risoladagiday ishlay boshladi, pensiyalar toʻliq beriladigan boʻldi, banklar yangicha ishlash tizimiga oʻtishdi – xohlasalaring, mana, soʻm; istasalaring dollar, marhamat... Surxondaryodagi odam qiyofasidagi hayvonlar ham jazosini oldi. Ammo bu yechimlarni topish uchun qanchalar sabot va jasorat kerak boʻlganligini faqat va faqat Shavkat Miromonovichning bir oʻziga ayon. Axir, qalamga olganim hodisalardan tashqari, u kishining zimmasida yana qancha qancha tashvishlar bor edi.

Birgina Surxon xalqini zor qaqshatgan mustaqillikning zararkundalari shaykasini tugatish naqadar qiyin boʻlganini tasavvur qilaman. Axir, ular osmondan tushmagan – bu gumrohlarni Toshkentdan martabasi baland, beli baquvvat, birovni nazar-pisand qilmaydigan homiylari qoʻllab-quvvatlab turardi. Bu jinoyatchilar toʻdasining koʻlami juda katta – bir-birlari bilan zich bogʻlanib ketgan; xalqning manfaati degan muqaddas tushunchani tushida ham koʻrmagan, odamlar hayotini xasdan ham arzon bilgan bedavolardan iborat edi. Avval mana shu toʻdaning boshi kesildi. Bu ish oson boʻlmadi.. Boʻshangroq bir odam boʻlganda, ular bilan murosa–madora etib ketevarardi. Ammo Shavkat Mirovonovich bunday qilishni oʻziga ep bilmadi. Chunki oʻrtada Vatan, Xalq taqdiri bor edi. Boʻlajak Vatanni bunday toʻdalarga panja orasidan qarab emas, balki bu toifa noqislardan tozalab, pokiza niyat va ezgu harakatlar bilan yaratish lozimligini Shavkat Miromonovich mudom teran his etib turardi.

Vatanni halol odamlar yaratishini bu inson juda teran tushinadi.

Qotillik illati yuqqan bu kaslarlar el-yurt ozod qilindi. Avval “tepa”dagi, kiyin pastdagi qatlam ildizi bilan sugʻirib tashlandi. Bu gaplar aytishga oson...

Mamlakatimiz tarixida bu voqealar kimgadir juda kichik bir epizod boʻlib tuyular, ammo xalqning boshiga chiqib olgan bunday jirkanch toʻdalardan ozod etish rahbarimizdan qanchalar matonat va qaʼtiyat kerak boʻlganligini bir tasavvur qilib koʻring!

Esimda, bu voqealar nihoyasiga yetkazilgach, Prezdentimiz Surxonga tashrif buyurib, “Surxondaryo xalqi endi ozodsan!”, deb elga murojaat etgan edi.

Haqiqatdan, Surxondaryo erkin nafas oldi.

Men faqat yaxshi bilganim Surxondaryo haqida yozyapman. Oʻzbekistonda esa, oʻn ikkita mintaqa bor. Ularning muammolarni hal etishdagi Prezidentimizning mardonavor saʼi harakatlarini qalamga olish uchun esa, bu maqola torlik qilishini, sezib turibman.

Odamlar yaxshilikka tez koʻnikishadi. Bir-ikki “yaxshi boʻldi-e!” deb quvonishadi-yu, xuddi hamisha shunday boʻlganday oʻtib ketaveradilar. Nazarimda, shunday boʻlgani ham durust! Odamlar odamga oʻxshab yashashni oʻrganayaptilar! Munosib yashash muʼjiza emas, shunchaki har kun biz yuzma-yuz duch keladigan voqelik ekanlgiga koʻnikib boryapmiz-da!..

Ammo men rivojlanish jarayoni shu qadar jadal boryotganidan baribir quvonaman.

Avliyolar, olimlar maskani boʻlgan Termiz es bilganimdan buyon, koʻrimsiz, changu toʻzonga qorishgan, soya-salqindan yiroq – yopiq harbiy bir shaharcha edi. Unga kirishning oʻzi ham bir mashaqqat – harbiylarning posti oʻrnatilgan, har bir yoʻlovchining pasportini sinchiklab tekshirishar, agar Surxondaryo hisobida boʻlmasang, oʻtib koʻr-chi!

Mustaqillikdan keyin esa, xabaringiz bor, bunday tekshuruvlar yanada avj oldi. Endi har bir viloyat oʻrtasida sunʼiy toʻsiqlar – militsiya postlari oʻrnatildi. Bu hol xalqimizning mamlakatimiz boʻylab erkin harakatlanishiga xalaqit beradigan ortiqcha mashmasha edi. Pasportni unutgan boʻlsang, bu postlardan oʻtishning yagona yoʻli – yoʻlini topib, bu posbonlarga pora berish... Boshqa ilojing yoʻq. Nazarimda, bu postlar xuddi shunday vaziyatni yaratish uchun qoʻyilgan tuzoq edi...

Surxondaryoda esa bu hol yoʻlovchini jiddiy tahlikaga soladigan darajada murakkab ­– viloyatga kirishda – Darband postida xuddi xorijga ketayotganingday bor-yoʻgʻing tintilar; yuklaring esa lentaga solib, oʻtkir koʻzli uskunalar yordamida, koʻzdan kechirilardi. Bu ham yetmaganday, chamadonu sumkalarni ham ochirilib, tekshirilardi... Tintuv. Xullas, pora bermasang qutilib boʻpsan. Termizga va Sariosiyoga kiraverishda yana shu holga duch kelinar edi.

Bu toʻsiqlarning hammasi Shavkat Miromonovichning bir shashti bilan yoʻq boʻldi.

Changu gʻuborga qorishgan Termiz ham birdan oʻzgara boshladi.

Hozir bu shahar koʻchalarining ikki chetida anvoyi daraxtlar soya tashlab turibdi. Ketgunicha, yam-yashil chimzor. Gullar ajib bir did bilan ekilgan. Yaqinda mehmonxonadan mashinada chiqib, aeroportgacha mana shunday goʻzal –bir qarich ham uzilmagan manzarani oralab, aeroportgacha bordim. Xorijiy kurort shaharchalarini eslatadi. Yangi qurilgan shinam, koʻrkam tutar-joy imoratlari ham yarashiqli. Menga oʻqituvchilardan biri “odamlarning oʻy-joy boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondirilgan, bir xonadonda ikki-uch oila tiqilib yashashdan xolis boʻlganlar” deb qoldi. Amaldor emas, oʻqituvchi aytdi.

Termiz esa oʻsyapti. Baland-baland binolar qad koʻtaryapti. Hatto shahar erkin nafas rostlab – tiqilmay kengayishi uchun qoʻshimcha yerlar kerakligi koʻzga tashlanib qoldi. Shavkat Miromonovich bu masalani ham hal qilib berdilar — shaharga qoʻshimcha joylar ajratildi.

Oʻquvchida Surxondaryoda faqat Termiz gullab-yanayotgan ekan, degan taassurot qolmasligi uchun aytib qoʻyay, viloyatlardagi barcha tumanlar oʻzgacha qiyofa kasb etgan. Chamasi besh-olti yil avval bir guruh sanʼatkorlar bilan Surxonning shimoliy hududlari sari ketayotgan edik. Yoʻlda bir zum chalgʻibman. Oʻzimga kelib qarasam, bir notanish shaharning yonidan oʻtayapmiz. Koʻp qavatli uylar, oralarida orasta yoʻlkalar, daraxtlar, bolalar oʻynaydigan maydonchalar lip-lip oʻtadi. Qayerga kelib qoldik? Surxondaryoni har bir qarich yerini bilaman. Nahotki, tush koʻryotgan boʻlsam? Biroz yurgach, angladim, bu – Denov. Ha, oʻzim boshdan-oyoq kezib-bilib yurganim Denov! Ey, xudo! Bu shahar ichidagi shahar – moʻjiza qachon, qanday barpo boʻldi? Shuncha tezmi? Angladim – bu moʻjiza Prezdentimizning shijoati tufayli bunyod boʻlgan! Soʻng tasavvur qildim – mamlakatda qancha tuman bor, qancha shahar bor, boringki, mahallalar bor.... Barchasida mana shunday bunyodkorlik ketayotgan boʻlsa kerak-da! Ketyapti!

Butun mamalakatda bunday yoppa bunyodkorlikni qaysi qudrat harakat keltirayapti? Bu savolga javob aniq: Shavkat Miromonovich Mirziyov!

Men majlislarga kam qatnashaman. Maqsad majlis oʻtkazishdangina iborat boʻlgan yigʻinlardan oʻzimni tortaman.

Ammo yaqin kunlarda ikki majlisda qatnashib, vaqt qanday oʻtganligini sezmadim. Zavqlanib oʻtirdim. Oʻzbekistonni sevadigan bir vatanparvar sifatida faxru quvonchga toʻldim. Gap Vatanimizning bir boʻlagi boʻlgan Surxondaryoning ertasi haqida ketdi. Prezdentimiz viloyatda oʻttizinchi yillarga qadar amalga oshiraladigan rejalar haqida soʻzladilar.

Majlisda rejalar haqida shunchaki gapirilmadi, balki uni amalga oshirish uchun puxta, koʻlamli va aniq tayorgarlik koʻrilgani maʼlum boʻldi. Masalan, mana bu tarzda: reja loyihasi tayyor, mablagʻ bor (bank boshligʻi tasdiqlaydi, yoxud jahondagi qaysi investor bilan kelishilganligi aytiladi), bu rejani amalga oshiradigan tashkilot ham shay turibdi. Ishni qachon boshlash sanasi ham avvaldan aniqlangan. Mutassadilar yana bir bor majlis ahli oldida axborot berdilar. Har bir loyihada qancha ish joyi yaratilishi ham ochiqlanib borildi. Yuzlab, minglab...

Har bir reja haqida soʻz ketganda, shu tartib amalga oshirildi. Biror bir ishni amalga oshirish orzu sifatida aytilmadi. Aksincha, qaʼtiy ishonch bilan axborot berildi.

Bu rejalarning bir uchi xorijga borib qadalganda esa, onlayin tarzda majlisda qatnashayotgan elchilarimiz chet ellik hamkorlarning hozir turganliklarini, Oʻzbekistondan imo boʻlgach, shu zohatiyoq uchib borishlarni maʼlum qildilar. Xorijlik hamkorlar ham unday-bunday mamlakatlardan emas – Xitoydan tortib, Janubiy Afrika Respublikasigacha!

Shavkat Miromonovichning hech narsani unutmadi. Prezident bugun nima ishlarni bajarish lozimligini, ertaga nimani amalga oshirish kerakligini ichki – ong orti tuygʻu bilan his qilishini shundoq sezib turdim.

Kattayu kichik muammolarning yechimini topishda bir xil masʼuliyat bilan yondoshishlariga, baʼzan badihalarga ham guvoh boʻldim.

Majlisdan avval boysunlik – kurash boʻyicha birinchi jahon chempioni Toshtemir polvon Toʻraboyev bilan uning yosh kurashchilar uchun ochilgan internat-maktabi haqida suhbatlashgan edik. Majlis soʻngrogʻida Prezident ana shu polvonga murojaat qilib qoldi.

– Sening internatingning maktabi yoʻgʻ-a?

– Yoʻq, – dedi polvon.

– Bolalar qayerga oʻqishga boradi?

– Shu atrofdagi qishloqlardagi maktablarga.

Shavkat Miromonovich koʻzlari bilan zaldan kerakli odamni izlab topdi:

– Puling bor-a?

“Ha”, deb, oʻrnidan qoʻzgʻoldi “kerakli odam”.

– Shu polvonning internatiga maktab qurib berolasanmi?.

“Kerakli odam” jon deb rozi boʻldi.

– Bir sentyabrgacha tayyor boʻlsin...

Zavqlanganimdan, sekingina boʻlsa-da “vo-ya” deb yubordim. Axir, Shavkat Miromonovichning yelkasida oʻttiz toʻqqiz million xalqning tashvishi! Mamlakatda, e-he, qancha maktab bor! Endi keli-kelib Prezident Toshtemir polvonning maktab-internatini muammosini eslab oʻtirsa!..

Yigʻinda menga ham soʻz berildi va men bu majlisni “Surxondaryoliklar uchun «bayram” deb atadim. Chunki, tushunishimcha, Vatani degan muhtasham imorat rivoji uchun qoʻyilgan birgina har gʻisht bayram. Bugun esa qanchadan qancha gʻishtlar qoʻyildi!

Men bu majlisdagi amalga oshiriladigan har bir reja yurt xazinasi qanchalar boyishi, odamlar dasturxoniga qanchalar fayzu barokat kirishi haqidagi raqamlarni eslab oʻtirmayman. Chunki ular matbuotda yetarlicha yoritildi.

Ammo bir qutlugʻ xabarni aytmasam boʻlmaydi.

Yigirma oltinchi aprelda Boysunga boradigan boʻldim.

Termizdan keladigan yoʻl manzilga olti-yetti kilometr qolganda, yuqoridagi majlisda tilga olingan – bir necha yillrdan buyon qurilishi davom etayotgan Darband-Denov trassasiga qoʻshiladi. Biz boʻlajak trassaga tushdik. Pishiq qilib ishlangan beton yoʻl. Gʻizillab ketyapmiz. Faqat ikki joyda gavarasi koʻtarilib, qurilishi nihoyasiga yetmagan koʻpriklarni aylanib oʻtdik, xolos. Ichimda, bir-ikki oyda bitib qolar, deb oʻyladim.

Toʻrt kundan keyin, “Boysun bahori” bayramiga qatnashish uchun shu yoʻldan yana oʻtishga toʻgʻri keldi. Bu safar mashinamiz tayyor boʻlgan koʻpriklar ustidan gʻizillab oʻtib ketdi! Ha, tayyor boʻlgan koʻpriklar ustidan! Oradan faqat toʻrt kun oʻtib!.. Yana ruhimni quvonch seli bosdi! Qoyil! Va Termizdagi majlisda aytilgan barcha rejalar oʻz muddatida bajarilishiga imon keltirdim.

Prezdentimiz yigʻin soʻngida shu taxlit rejalar bilan har viloyatga va Qoraqalpoq respublikasiga borilishini taʼkidlab oʻtdilar! Yana mamlakat kelajagini yaratish yoʻlida yoppa, jadal harakat! Bir zum boʻshashmaydigan, elga dasturxoniga barakat beradigan rejalar. Bu rejalarning asoschisi Shavkat Miromonovich ham bir zum tinim bilishni bilmaydigan, mudom xalq manfaati uchun kuyib-yonadigan inson! Ezgu niyatlariga farishtalar omin deydi! Parvardigor rahmat eshigini ochadi.!

Men yaqin kelajakda yurtimizni dunyodagi eng ilgʻor mamlakatlar qatoridan oʻrin olishiga ishonaman. Bu ishonchimga qoʻshilmaydiganlar boʻlsa, Jahon bankining Oʻzbekistonni rivojlanish surʼati haqidagi raqamlariga murojaat etishsin. Bank 2026-yilda mamlakatimiz yalpi ishlab chiqarishi surʼatini 7,7 foiz etib, prognoz beryapti. Xorijlik mutuxassislarning fikricha, oʻn-oʻn ikki yildan keyin Oʻzbekistonning yalpi ishlab chiqarish trillion dollardan oshar ekan! Trillion! Bular osmondan olingan emas, aniq faktlar tahlili asosida yuzaga kelgan raqamlar! Koʻz tegmasin!

Uzr, xorijlik mutaxassislarni ham xijolat etib qoʻyayapmiz? Yuqoridagi raqamlarni yozgandan keyin – hozirgina oʻqib qoldim: oʻsishimiz surati ularning taxminidan juda yuqori – 8, 7 foizdan ziyodroq ekan!

Dunyoning ulugʻ donishmandalari insoniyatni tutib turgan qadriyatlar haqida oxir-oqibat yagona xulosaga kelganlar. Insonlar, xalqlar, davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarga oʻzi ham aralashib, ne-ne gʻavgʻolarni boshidan oʻtkazgan Alisher Navoiy bir kun mana bunday satrlarni bitib qolganlar:

Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,

Yor oʻling bir-biringizgaki, erur yorligʻ ish.

Bu bayt maʼnosini barcha anglab turgan boʻlsa ham, mayli, sharhlab qoʻyay: “Dunyo odamlari, deyapti shoir, bilib qoʻying, dushmanlik yaxshi ish emas. Bir-biringiz bilan boʻling doʻst boʻling, insonga faqat doʻstlik yarashadi”.

Shavkat Miromonovich, nazarimda, hali Prezdentlik lavozimiga saylanmasdan oldin ham “dushmanligʻ ish emas” emas ekanligini chuqur tushungan. Markaziy Osiyodagi qondosh-jondosh mamlakatlar oʻrtasida avj olgan noxushliklarni yuragi achishib kuzatgan. U kishi boshqargan Vazirlar Mahkamasining vazifasi xoʻjalik yurish boʻlgani uchun ham, qoʻshnilar bilan munosabatimiz yomonligi tufayli rivojlanish imillayotgannini ham teran his qilganlar. Eng muhimi, bu gʻalvalardan odamlar ham azoblanayotgani oʻz koʻzi bilan koʻrgan.

Albatta, shunday boʻlgan! Shu sababdan, Shavkat Miromonovich mamlakat boshqaruvi jilovini oʻz qoʻliga olgach, bir zum tin olmay, avvalo qoʻshnilar bilan qardoshlik-qarindoshlik rishtalarini tiklay boshladi. Bu ish qancha ogʻir-yengil kechgani faqat shu shu ezgu niyatli odamning oʻziga maʼlum. Ammo natija qutlugʻ – qoʻshni mamlakatlarga yoʻlimiz tushsa, Oʻzbekistonning bir fuqarosi sifatida biz ham izzat-hurmat koʻryapmiz.

Surxondaryo viloyati uchta mamlakat bilan chegaradosh. Shoʻrolar davrida masalan, Tojikston bilan Oʻzbekiston oʻrtasida chegara bor-yoʻqligi esimizga ham tushmasdi. Termiz yopiq shahar boʻlgani uchun Dushanbaga ham uchib borib, Surxonga oʻtib ketaverardik. Baʼzilar kattaroq bozor-oʻcharini Dushanbaga borib qilardi... Ammo mustaqillikdan keyin bir muddat oʻtgach, hamma oʻziga xon, oʻziga bek boʻlib oldi. Chegaradan oʻtish ushalmas bir orzuga aylandi!

Hozir tarixga aylangan bosh ogʻriq bu kunlardan bir shingil voqeani kuni kecha hikoya qilib berishdi. Sariosiyoda yashaydigan bir keksa ayolning Regardagi singlisi vafot etganda, jigarining qabrini ziyorat etish uchun sakkiz yil urinib, chegaradan oʻtolmagan ekan. Regar bilan Sarosiyoning orasi, ha boringki, yarim soatlik yoʻl!

Ikki mamlakat oʻrtasida doʻstlik-birodarlik munosabatlari oʻrnatilgach, qarindoshlar bu uzoq ayriliqdan soʻng yigʻlab-siqtab yuz koʻrishdilar. Dushanbadan shuvillab mashinalar Surxondaryoga keladigan, uch-toʻrt sariosiyolik doʻstlar “Dushanbani bir aylanib kelaylik”, deb yoʻlga chiqadigan boʻldi. Bir qadam yoʻl! Ertalab borib, kechqurin qaytib kelasan!

Tojikstonning tirikchiligini bizning mamlakatimizsiz tasavvur etish qiyin. Ularning boshqa hududlar, qoʻyinki, jahon bilan bogʻlovchi asosiy yoʻllar bizning yurtimiz orqali oʻtadi! Endi bunday imkoniyatlarga ega boʻlgan tojik xalqining xurramligi nechogʻlik boʻlganini tasavvur eting!

Shu sababdan, Shavkat Miromonovich bu qoʻshnilarimiz yurtiga tashrif buyurganda, Emomali Rahmon sahnadan turib, hazil aralash juda zoʻr lutf etgan edi: “Bular, – dedi u zalni toʻldirib oʻtirgan tojik xalqi vakillariga ishora etib, – sizni mendan ham ortiq yaxshi koʻradi!”. Mana, hurmat! Mana, qardoshlik!

Biz Prezidentimizning bu tashrifdan soʻng bir necha paytlar oʻtgach,, besh-olti yozuvchi jam boʻlib, Dushanbaga bordik. Maqsadimiz Boysunda tugʻilgan doʻstimiz, Tojikston Xalq yozuvchisi Sattor Tursun vafoti munosabati bilan Dushanbadagi yaqinlariga hamdardlik bildirish edi. Yoz kunlari. Engnimizda jinsiyu mayka... Aeroportda esa bizni oʻn-oʻn besh chogʻlik – oppoq koʻylak, qora kostyum-shim kiygan tojik doʻstlarimiz kutib olishdi. Ertasi, kutilmaganda, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasida qardosh adabiyotlarimiz aloqalari haqida konfrensiya oʻtkazishdi. Yana hamma oʻsha rasmiy kiyimda. Koʻchada esa yoz... Birodarlar, buni tarzda majlisning nomini izzat-ikrom deydilar! Oʻzbeklarga boʻlgan izzat-ikrom!

Bizni Surxondaryoga olib ketgani, yurtimizdan ogʻaynilar kelishdi. Men yoʻlda qanday ketsak boʻladi, avtomobillarni haydovchilar qaysi tezlikda haydasa maʼqul; milisalar toʻxtatsa, qanday muomila qilish kerak, deb soʻrab qoldim? Har holda mashinalarimiz raqamlari Oʻzbekistonniki-da! Tojik doʻstlarning javobi meni hayron qoldirdi!

– Har qanday tezlikda haydaveringlar! Milisalar toʻxtatmaydi! Prezidentimiz “oʻzbeklar mening mehmonim – ularga hech kim teginmasin”, deb yuqori minbardan aytgan!

Qalay?

Bu gaplar oʻzbek xalqiga boʻlgan hurmatning eng choʻqqisi edi.

Ikki xalq oʻrtasidagi bu izzat-hurmatning qaytishi, yanada yuqori darajaga koʻtarilishi Shavkat Miromonovichning jonkuyarligi, samimiy –diplomatik mahorati va insoniy fazilatlari bilan bogʻlik edi.

Yaqinda atoqli oʻzbek shoiri Shavkat Rahmonning tavalludining 75-yilligini nishonlash uchun Oʻsh shahriga bir guruh ijodkorlar bilan yoʻlga chiqdik. Ilgari ham Oʻsh safarida boʻlganman. Chegara mashmashalarini oʻylab, koʻnglim xijil boʻlib borayotgandim. Ammo bezovtalikka oʻrin yoʻq ekan. Oʻzbekiston fuqaroligiga oid hujjatlarimizni koʻrsatib, bemalol oʻtib ketaverdik. Qirgʻizlar ham yurtimizga shunday kirib kelyapti.

Bu bemalollikni yaratgan, ikki xalq oʻrtasida ishonch va haqiqiy doʻstlikni qayta barpo etgan insonlarni olqadik. Axir, bu ikki qoʻshni xalq oʻrtasida nimalar oʻtmagan edi!

Shavkat Rahmonning yubileyiga bagʻishlangan ijodiy kecha nihoyatda baland saviyada oʻtdi. Majlisda Qirgʻiston hukumatining bosh kotibi, nufuzli “Turksoy” tashkilotining boshligʻi, Oʻsh shahrining hokimi qatnashdilar va nutq soʻzladilar. Shavkat oʻqigan maktabga va shaharning katta koʻchalaridan biriga uning nomi berildi.

Albatta, bu katta shoir bunday ehtiromga arziydi. Shubha yoʻq. Ammo baribir bu samimy ehtiromning asosi Shavkat Miromonovich ekanligini ham har daqiqada his qilib turdik.

Kamina Qozogʻiston safarida boʻlganimda, doʻstlarning xuddi shunday mehrga duch keldim. Bir emas, bir necha mukofotlar bilan taqdirlandim. Hatto xorij bir mamlakatining adabiy mukofoti ham qozoq doʻstlarimizning tavsiyasi bilan menga topshirildi. Agar munosabatlarimiz avvaldagiday gʻarazli kechganda, shunday hol roʻy berar edimi?

Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi bu ittifoqchilikning, bagʻrikenglikning va mehru muhabbatning bosh meʼmori Shavkat Miromonovich ekanligini hozir barcha koʻrib turibdi. Xorijliklarham bu mintaqani rivojlanish sari boshlab boradigan kuch sifatida Oʻzbekistonga qaramoqdalar.

Men, asosan, azaliy yaqin qoʻshnilarimiz bilan munosobatlar haqida yozdim. Har kun oʻzgarayotgan bu chigal dunyodagi boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarimiz ham aytarga arzigulik ekanligini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Masalan, oʻzicha yashashni xush koʻradigan Afgʻoniston bilan ham yetarli darajada aloqalar oʻrnatganmiz. Axir, bu mamlakat orqali okeanlarga chiqish orzumiz bor!.. Hozir shundoq Amudaryodagi koʻprikdan oʻtib, oʻzbek tuprogʻiga qadam qoʻyilgan joyda “Oʻzbekiton – Afgʻoniston chegara oldi savdo zonasi” bunyod etilgan. Qator-qator doʻkonlar, mehmonxonalar, oshxonalar... Savdo-sotiq avjida. Zona toʻlib-toshib ketyapti. Prezidentimiz bu zonaga yana qoʻshicha yerlar ajratish haqida topshiriq berdilar.

Albatta, bu yon qoʻshnilarimiz ham Oʻzbekiston rahbariga shaʼniga iliq soʻzlar aytganlari-aytgan...

Dunyoda haqiqiy obroʻga ega boʻlish oson ish emas. Bu rutbaga isteʼdodli, oʻzini ayamay mehnat qiladigan, farosatli, boshqalarning ham manfaatini hurmat etadigan; oʻz mamlakatini ham jonidan yaxshi koʻradigan siyosiy arboblargina sazovor boʻladilar.

Mana shunday obroʻga ega boʻlganlardan biri esa bizning Prezidentimiz – Shavkat Miromonovich! Ha, oʻzimizning Prezident!

Mamlakatimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarning oqimi juda katta. Ularning hammasi “men oʻzbekman!”, deganlarni quvontiradi.

Masalan, keyingi oylardagina roʻy bergan bir qator yangiliklar hali-hanuz meni hayratga solib kelyapti.

Agar ikki-uch yil avval barchamizning jonimizga tekkan shu paxtadan birov sakson-toʻqson senterdan hosil olinadi desa, kamina “qoʻysang-chi”, deb kulishi aniq edi. Ammo xuddi shunday boʻldi! Yana qayerda deng? Sirdaryo viloyatida! Bu viloyatda talabaligimda paxta terganman. Oʻrtacha yigirmadan hosil olinsa, doʻppi osmonga otilardi! Endi esa!.. Odam ishonmaydi. Hatto dehqonlarning oʻzlari ham chanoqlari boshdan oyoq ochilgan paxtazorga qarab, hayrat bilan gapirishganiga guvoh boʻlganman. Xorijdan urugʻlik ketirildimi? Keltirildi. Ammo oʻzimiz ham qarab turganimiz yoʻq. “Porloq” navli gʻoʻzamiz xorijiy navlardan ortiq boʻlsa ortigʻu, kam emas!

Bir jumla bilan bilan aytilganda, paxtachilikda inqilob roʻy berdi!

Yana hayratlanarli bir voqea.

Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Bu sira fabrikalar qurilib, ishga tushirilish jarayoni butun jahonda oʻn yilga choʻzilar ekan. Bizda esa, toʻrt yilda (ha, toʻrt yilda!) amalga oshirildi. Bu muddatga hatto oʻzimizning eng katta mutaxassislar ham, amerikalik hamkor ham ishonqirashmagan ekan. Mana shu amerikalik endi butun jahonni Oʻzbekistonning bu tezkor tajribasidan oʻrganishga chaqirdi.

Yana bir hayrat. Faqat men emas, hali oʻzbeklarning necha-necha avlodi gʻururlanadigan moʻjizaning – Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi. Bu markaz ajib did bilan qurilgan koshona. Devorlarida qoʻl bilan ishlangan naqshlar, butun dunyodan yigʻib kelingan – ilgari oʻzimizdan olib chiqib ketilgan noyob eksponatlar, Usmon qurʼoni, qadimiy qoʻlyozmalar... Ularni namoyish etish uchun eng zamonaviy texnologiyalarni qoʻllanishi...

Shavkat Miromonovich bu marakazning qurilishi haqida bir qiziq tushintirish berdilar:“Bu markazni qurilishida shoshmadik. Sakkiz yilda oxiriga yetkazdik...”.

Bu izoh menga juda yoqdi. Chunki navbatgai bir imorat emas, sanʼat asari qurilayotgan edi! Sanʼat asari yaratilishiga xuddi shunday sabr-toqat bilan yondoshiladi! Prezidentimiz mana shu noziklikni anglaganlar!

Xullas, asrlarga tatigulik inshoat dunyoga kelgan.

Men internetda bu moʻjizani tomosha qilish uchun borayotgan ikki kishining suhbatni eshitdim.

– Sen, – dedi ularning biri, imorat bor boʻyicha koʻringach, – “Tojimahal”ni ham koʻrgansan. Qaysi zoʻr?..

- Bu zoʻr-ov, – dedi hamrohi, binoga bir qur nazar tashlab. Soʻng ishonch bilan bir qarorga keldi: – Bu zoʻr!

Tamom vassalom! Bu zoʻr!

Bunday yaratuvchiliklar haqida yozaversam, ado boʻlmaydi shekili.

Bugun internetni ochdim. Mana, tilga olingan yangiliklar: Toshkent viloyati markazidan Bekoboddan aylantirilib, Yangiyerga boradigan yangi 111 km yangi temiryoʻl qurilishi, Samarqandga boradigan yangi tezkor yoʻl, tuproq ishlari ketayotgan Toshkentdagi yangi aeroportdagi asosiy ishlarning boshlanishi...

Nazarimda, hayratlarimning endi cheki boʻlmaydi.

SOʻNGGI SOʻZ OʻRNIDA.

Sport ishqiboziman. Ishqibozligimni biladigan Xayrulla degan jurnalist ukam – toʻqsoninchi yilarning oxirda boʻlsa kerak – futbol gazetalaridan biriga intervyu olib qoldi.

– Mana, Yaponiya futbol jamoasi jahon chempionati finaliga yoʻllanma oldi, – deb qoldi u. – Biz qachon jahon chempionatiga chiqamiz?

– Endi, – dedim men atrofimdagi voqeliklarni bir zum koʻz oldimga keltirib, – mamlakatimizni Yaponiyaga mengzab rivojlanishni kutamiz-da, ukam.

Orzumizga erishdik. Futbochilarimiz final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdilar. Demak... Yaponiyaga mengzab ketyapmizmi? Shunga juda oʻxshaydi. Har holda rivojlanishimiz surʼati “kunchiqar yurt”nikidan anchagina baland.

Ishonchim komil, shunday boʻladi!

Chunki Vatanimizning bugunini va ertasini yaratishga vatanparvar, xalqparvar, ishbilarmon va adolatli inson bel bogʻlagan!

May oyi 2026

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Usmon Azim: “Hech qachon bunday yashamaganmiz” | Effect.uz