Jamiyat

Toshkentda onlayn qimorga xizmat koʻrsatgan jinoiy guruh fosh etildi

Administrator3 soat oldin3 ko'rishlar

IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda onlayn qimor oʻyinlariga xizmat koʻrsatib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Tadbir Yashnobod tumanidagi “Choʻlpon” MFY hududida joylashgan biznes markazlardan birida oʻtkazilgan. Aniqlanishicha, guruh kompyuter texnologiyalari sohasida konsultatsiya xizmatlari koʻrsatish niqobi ostida faoliyat yuritgan.

Tezkor tadbir davomida guruh aʼzolari Oʻzbekiston, Saudiya Arabistoni, BAA, Ummon, Bahrayn, Qatar, Quvayt va boshqa davlatlarning 60 mingga yaqin fuqarosini bir nechta onlayn qimor platformalariga jalb qilish va ularning qimor oʻyinlarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratib bergani aniqlangan.

Guruh faoliyati qatʼiy iyerarxiya asosida tashkil etilgan. Bino ichida operatorlar, supervayzerlar, kassachilar, hisobotchi-analitiklar va menedjerlardan iborat boʻlimlar tashkil qilingan.

Tadbir davomida binodan serverlar, kompyuterlar, noutbuklar, mobil telefonlar, bank kartalari, SIM-kartalar, pul mablagʻlari hamda ishga aloqador boshqa ashyoviy dalillar rasmiylashtirilib olingan.

Mutaxassislar tomonidan kompyuterlar oʻrganilganda, ushbu tuzilma orqali soʻnggi 6 oy davomida 4 million AQSH dollari miqdorida pul mablagʻlari aylanmasi amalga oshirilganiga oid maʼlumotlar aniqlangan.

Holat yuzasidan Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Ayni vaqtda ish doirasida 16 nafar shaxsga nisbatan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Ulardan 11 nafari JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan.

Shuningdek, jinoyatga bevosita aloqador boʻlgan va masofadan turib xizmat koʻrsatgan shaxslar ham aniqlanib, ularga nisbatan tezkor surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Toshkentda onlayn qimorga xizmat koʻrsatgan jinoiy guruh fosh etildi | Effect.uz