«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Xorazm Şoxabbos» MÇJdan hisobga olinmagan elektr energiyasi uçun 222 million 17 ming 400 söm undirişni talab qilgan. Biroq bir neça instansiyada körilgan nizo yakunda Oliy sudda tadbirkorlik subyekti foydasiga hal bölgan.
Tadbirkorning aytişiça, mazkur iş nafaqat korxonasiga moliyaviy zarar yetkazgan, balki uning ikki oy qamoqda saqlanişiga ham sabab bölgan. Keyinçalik esa jinoyat işi doirasida u oqlangan.
Nizo 2024-yil 19-iyunda ötkazilgan tekşiruvdan keyin boşlangan. Tadbirkorning bildirişiça, tekşiruvda elektr energiyasi hisob-kitobida qoidabuzarlik aniqlangani aytilgan va korxonaga katta miqdorda zarar hisoblangan.
Uşbu holat yuzasidan jinoyat işi qözğatilib, tadbirkor ikki oy qamoqda saqlangan. Keyinçalik jinoyat sudi uni oqlagan.
Şundan söng «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Xorazm Şoxabbos» MÇJdan 222 million 17 ming 400 söm undirişni sörab, iqtisodiy sudga murojaat qilgan.
2025-yil 2-iyun kuni Şovot tumanlararo iqtisodiy sudi daʼvoni töliq qanoatlantirgan. 24-iyul kuni Xorazm viloyati sudining apellyatsiya instansiyasi ham uşbu qarorni özgarişsiz qoldirgan.
Biroq iş şu bilan tugamagan.
2026-yil 23-aprel kuni Buxoro viloyati sudining taftiş instansiyasi undirilişi belgilangan summani 135 million 626 ming 817 sömga kamaytirgan.
Korxona uşbu qarordan ham norozi bölib, Oliy sudga şikoyat kiritgan.
Oliy sudda iş körilişi jarayonida qöşimça dalillar talab qilingan. Şuningdek, Energetika, neft mahsulotlari va gazdan foydalanişni nazorat qiliş inspeksiyasi mutaxassisini jalb etiş zarur deb topilgan. Şu sababli sud muhokamasi 2026-yil 29-sentyabrga qoldirilgan.
Nihoyat, 2026-yil 27-oktyabr kuni Oliy sud taftiş instansiyasi korxona şikoyatini qanoatlantirgan.
Quyi sudlarning avvalgi qarorlari bekor qilinib, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «Xorazm Şoxabbos» MÇJga nisbatan daʼvosini qanoatlantiriş rad etilgan.
Şu tariqa, bir nizo böyiça sud qarorlari bir neça bor özgardi: dastlab tadbirkordan 222 million sömdan ortiq mablağ undiriş belgilandi, keyin summa qariyb 86,4 million sömga kamaytirildi, yakunda esa daʼvo butunlay rad etildi.
Mazkur işda eʼtiborli jihat ham şunda — tadbirkorning majburiyatini belgilagan dastlabki qarorlar yuqori instansiyalarda qayta körib çiqilib, yakunda bekor qilindi.
Tadbirkor esa bu jarayonni özining haqiqat uçun kuraşi sifatida baholamoqda.
«Oliy suddan haqiqat topdim», — deydi u.
Mazkur işda sud qarorlarining turli bosqiçlarda keskin özgargani esa dalillar, hisob-kitoblar va iş holatlarining har bir instansiyada qay darajada töliq örganilgani haqida savollarni yuzaga keltiradi.



