⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
O'zbekiston

Toshkent tumani hokimining qarori Prezident farmoniga zid deb topildi. Ish prokuror nazoratiga muhtoj...

Administrator2 soat oldin48 ko'rishlar

Toshkent tumanidagi 2,5 gektar yer maydoni bilan bogʻliq ishda Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudi hokimlikning yer munosabatlariga oid vakolati masalasini koʻtardi. Sud hujjatida PF-6243-son Prezident Farmoni bilan mahalliy hokimliklarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish va oʻzgartirish vakolati 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingani qayd etiladi.

Shunga qaramay, Toshkent tuman hokimi 2026-yil 22-yanvarda 2021-yilgi yerga oid qarorga oʻzgartirish kiritgan. Bu esa Prezident farmoniga ziddir. Farmonda ushbu yoʻnalishda qatʼiy prokuror nazoratini oʻrnatish vazifasi Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev zimmasiga yuklangan. Shunday ekan, sudning xususiy ajrimida qonunbuzilish holatlari qayd etilgan mazkur vaziyatda prokuror nazorati doirasida qanday choralar koʻrilgan?

Toshkent tumanidagi 2,5 gektar yer maydoni bilan bogʻliq hujjatlar zanjiri bir-biriga ulanganda, oddiy koʻrinadigan maʼmuriy qaror ortida jiddiy huquqiy savollarni keltirib chiqaradi.

Gap Toshkent tumani hokimining 2021-yildagi qarori bilan “M.G.S” MCHJga doimiy foydalanish huquqi asosida biriktirilgan yer maydoni haqida ketmoqda. Keyinchalik ushbu qarorga oʻzgartirish kiritildi. Oradan vaqt oʻtib, kiritilgan oʻzgartirish bekor qilindi. Shundan soʻng esa “M.G.S” MCHJ sudga murojaat qildi.

Eng eʼtiborli jihati shundaki, ushbu yer masalasi boʻyicha avvalgi sud muhokamasida Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudi Toshkent tuman hokimligi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzilish holatlari mavjudligini qayd etib, xususiy ajrim chiqargan.

Shunga qaramay, keyingi sud jarayonida hokimlikning 2026-yil 11-iyundagi qarori haqiqiy emas deb topildi.

Xoʻsh, voqealar qanday rivojlangan?

Hikoya 2021-yildan boshlanadi

Toshkent tuman hokimi O.Rustamovning 2021-yil 3-iyundagi 677-son qarori bilan Qizgʻaldoq hududi, Bogʻizilol MFY manzilida joylashgan, yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻining muhofaza mintaqasida boʻlgan tuman zaxirasidagi jami 2,5 gektar yer maydoni “M.G.S” MCHJga doimiy foydalanish huquqi bilan biriktirilgan.

Hujjatlarga koʻra, yerdan obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va manzarali koʻchatlar yetishtirish maqsadida foydalanish belgilangan. Ushbu qaror keyinchalik Xalq deputatlari Toshkent tuman kengashining 2022-yil 27-yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan. Shu tariqa yerga oid huquqiy munosabatlar bir necha yil davomida amalda boʻlib kelgan. Biroq 2026-yilda hujjatga yana bir oʻzgartish kiritiladi.

2026-yil 22-yanvar: hokimning Prezident farmoniga zid boʻlgan yangi qarori

Toshkent tumani hokimi Sardor Ergashevning 2026-yil 22-yanvardagi 6-10-212-Q/26-son qarori bilan 2021-yil 3-iyundagi 677-son qarorga qisman oʻzgartirish kiritildi. Qarorni qabul qilishga “M.G.S” MCHJning 2026-yil 13-yanvardagi murojaati, Qizgʻaldoq mahallasi tomonidan berilgan dalolatnoma, Toshkent tuman qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimining xati hamda Davlat kadastrlar palatasi tuman filialining xati asos qilib koʻrsatilgan.

Qarorning birinchi bandi bilan 2021-yilgi 677-son qarorning barcha bandlaridagi “Bogʻizilol MFY” soʻzlari “Qizgʻaldoq MFY” soʻzlariga oʻzgartirilgan. Bir qarashda bu faqat mahalla nomi bilan bogʻliq texnik oʻzgartishdek koʻrinishi mumkin. Ammo keyingi sud hujjatida aynan shu qarorning qabul qilinishi bilan bogʻliq hokimlik vakolati masalasi jiddiy savol ostiga qoʻyilgan.

PF-6243: hokimlikda bunday vakolat bor edimi?

Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudining 2026-yil 3-iyundagi xususiy ajrimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmonining 4-bandiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Unga koʻra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid qator vakolatlari, jumladan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, oʻzgartirish va bekor qilish, shuningdek shu masalalar yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa hujjat qabul qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan.

Sud hujjatida ochiq qayd etilgan:

“Shunga koʻra, tuman hokimligi bugungi kunda yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilashga, eʼtirof etishga yoki oʻzgartirishga vakolatli emas”.

Shundan keyin esa sud 2026-yil 22-yanvarda Toshkent tuman hokimligi tomonidan aynan shu qarorda MFY nomi oʻzgartirilganini qayd etgan.

Bu yerda juda muhim savol tugʻiladi:

Agar PF-6243-son Farmon bilan mahalliy hokimliklarning yerga oid huquqlarni oʻzgartirish vakolati 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan boʻlsa, 2026-yil 22-yanvarda Toshkent tumani hokimi 2021-yilgi yerga oid qarorga qanday huquqiy asos bilan oʻzgartirish kiritgan?

Bu savolga javob berish ayniqsa muhim. Chunki 22-yanvardagi qarorning oʻzida huquqiy asos sifatida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasi koʻrsatilgan. PF-6243 esa qaror matnida tilga olinmagan, chunki bu farmon Prezident tomonidan aynan shu kabi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida imzolangandi. Shunga qaramay, hokimlik ushbu farmonga qarshi bordi.

Sud esa xususiy ajrim chiqardi

2026-yil 3-iyun kuni Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudida sudya Sh.F. Niyazov raisligida koʻrilgan ishda Toshkent tuman hokimligi va Xalq deputatlari Toshkent tuman kengashi javobgar sifatida ishtirok etgan, “M.G.S” MCHJ esa uchinchi shaxs sifatida qatnashgan. Ishda prokuratura vakili ham ishtirok etgan. Sud ishni koʻrish jarayonida Toshkent tuman hokimligi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzilish holatlari mavjudligini qayd etgan. Natijada sud xususiy ajrim chiqaradi.

Unda hokimlik mansabdor shaxslari tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilishlar yuzasidan chora koʻrish, xususiy ajrimni xodimlar yigʻilishida muhokama qilish va kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻymaslik vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, qonunga koʻra, xususiy ajrim yuborilgan davlat organi koʻrilgan choralar haqida belgilangan muddatda sudga xabar berishi lozim edi. Demak, 3-iyun holatiga kelib, hokimlikning 22-yanvardagi qarori atrofida huquqiy savollar oddiy taxmin emas, sud hujjatida qayd etilgan holatga aylangan edi.

Adliya taqdimnomasi va hokimlikning oʻz qarorini bekor qilishi

Voqealar xronologiyasida juda muhim nuqta bor. Toshkent tuman Adliya boʻlimining 2026-yil 9-apreldagi 6/71-son taqdimnomasi mavjud.

Eʼtiborli jihati: ushbu taqdimnoma 3-iyundagi xususiy ajrimdan oldin berilgan. Demak, 9-apreldagi taqdimnomada 3-iyunda chiqarilgan xususiy ajrim inobatga olingan deb aytish mumkin emas.

Ammo 2026-yil 11-iyunga kelib vaziyat boshqacha edi. Chunki bu vaqtda xususiy ajrim allaqachon chiqarilgan edi. Shu kuni Toshkent tumani hokimi 2026-yil 11-iyundagi 242-10-212-Q/26-son qaror bilan 22-yanvardagi 6-10-212-Q/26-son qarorni bekor qildi.

Qarorda uni qabul qilishga asos sifatida Toshkent tuman Adliya boʻlimining 2026-yil 9-apreldagi 6/71-son taqdimnomasini koʻrsatdi. Sudning xususiy ajrimi esa chetda qoldi. Shu bilan hokimlik 22-yanvarda qabul qilgan qaroridan oʻzi voz kechdi. Bu holatning oʻzi ham jurnalistik nuqtayi nazardan jiddiy savol tugʻdiradi:

Agar 22-yanvardagi qaror qonun hujjatlariga muvofiq boʻlgan boʻlsa, nega hokimlik uni Adliya taqdimnomasi asosida bekor qildi?

Agar qarorni bekor qilish zarur boʻlgan boʻlsa, nega uni qabul qilishdan oldin vakolat va qonuniy asoslar yetarlicha tekshirilmadi?

Bu savollarga hokimlikning oʻzi aniq javob berishi kerak.

Hokimlikning qarori keyin sudga olib chiqildi

22-yanvardagi qaror bekor qilingach, “M.G.S” MCHJ ushbu bekor qilish qaroridan norozi boʻlib, sudga murojaat qildi. Va shu yerda mazkur ishning eng bahsli nuqtalaridan biri paydo boʻladi.

Hokimlik 22-yanvardagi qarorni oʻzi qabul qildi. Hokimlik keyinchalik uni oʻzi bekor qildi. Soʻngra aynan shu bekor qilish qarori sudda bahs qilinganda, hokimlik tomonidan sud majlisida vakil ishtirok etmadi. Indashmadi, vaziyatga panja ortidan qarashdi.

Yaʼni qarorni qabul qilgan davlat organi uni bekor qildi, keyin esa qarorni bekor qilishning qonuniyligi sudda bahs qilingan paytda oʻz pozitsiyasini faol himoya qilmadi. Bu holatni shunchaki jismoniy jihat sifatida qabul qilish qiyin. Chunki sudda davlat organi javobgar sifatida turgan boʻlsa, uning huquqiy pozitsiyasi, qarorni bekor qilishga asoslari va Adliya taqdimnomasining mazmunini tushuntirishi muhim edi.

Nega hokimlik vakili sudda qatnashmadi? Nega davlat organi oʻzi qabul qilgan qarorni bekor qilishga sabab boʻlgan holatlarni sudga toʻliq tushuntirishga harakat qilmadi?

Nega avvalgi sud xususiy ajrimida qayd etilgan holatlar keyingi sud jarayonida hokimlikning huquqiy pozitsiyasida aks etmadi?

Bu savollar hali ochiq.

Sudya J.Boboyev nimani koʻrdi va nimani koʻrmadi?

Keyingi bosqichda masala sudga bordi va ishni sudya J.R. Boboyev koʻrib chiqdi. Sud 11-iyundagi hokim qarorini haqiqiy emas deb topdi. Bu yerda biz sudyaning qabul qilgan qaroriga nisbatan huquqiy tanqidiy savol qoʻyishga haqlimiz.

Chunki sudya Boboyev koʻrayotgan ish oddiy “maʼmuriy qarorni bekor qilish” ishi emas edi.

Uning ortida:

  • 2026-yil 22-yanvardagi hokim qarori;

  • 2026-yil 9-apreldagi Adliya taqdimnomasi;

  • 2026-yil 3-iyundagi sudning xususiy ajrimi;

  • PF-6243-son Farmonda belgilangan yer munosabatlariga oid vakolatlar;

  • hokimlikning oʻz qaroriga keyinchalik bergan huquqiy bahosi

kabi bir-biri bilan bogʻliq holatlar mavjud edi.

Eng qizigʻi, 3-iyundagi xususiy ajrim sudya Boboyev koʻrgan ishdan oldin mavjud boʻlgan.

Shuning uchun bu yerda ikki ehtimoldan biri bor.

Yo xususiy ajrim keyingi sud ishi materiallariga taqdim etilmagan. Yoki taqdim etilgan boʻlsa, sud uning mazmuniga yetarlicha huquqiy baho bermagan.

Qaysi biri boʻlgan? Buni Boboyev biladi. Shu uchun har ikki holatda ham jiddiy savol paydo boʻladi.

Agar xususiy ajrim sudga taqdim etilmagan boʻlsa, nega javobgar — hokimlik sudga oʻz qarorining huquqiy tarixini toʻliq taqdim etmadi?

Agar taqdim etilgan boʻlsa, nega sudya Boboyev 3-iyundagi sud hujjatida qayd etilgan PF-6243 bilan bogʻliq holatlarga alohida huquqiy baho bermadi?

Axir 3-iyundagi sud hujjatida tuman hokimligi yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish yoki oʻzgartirishga vakolatli emasligi toʻgʻridan-toʻgʻri qayd etilgan. Bu holat eʼtiborsiz qoldirish mumkin boʻlmagan huquqiy nuqta.

Sudya Boboyev 22-yanvardagi qarorning mohiyatini, uni qabul qilgan organning vakolatini va PF-6243 talablarini oʻzaro bogʻlab koʻrganmi?

Agar koʻrgan boʻlsa, nega bu masala sud hujjatida aniq va ochiq huquqiy baholanmagan?

Agar koʻrmagan boʻlsa, nima uchun? Bu holatda biz — sudyani aybdor deb eʼlon qilishdan yiroqmiz. Ammo bu — sud hujjati va undagi huquqiy baholardan kelib chiqib berilayotgan jiddiy jurnalistik savol.

Prokuror nazorati qayerda?

Bu ishda yana bir juda muhim jihat bor. PF-6243-son Farmonda Respublika kengashi va hududiy kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari normalari buzilishiga, jumladan yer uchastkalarini berish va olib qoʻyish bilan bogʻliq hujjatlarni qalbakilashtirish holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qatʼiy prokuror nazorati oʻrnatish vazifasi belgilangan.

Farmonda aybdor shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash uchun masʼuliyat Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev zimmasiga yuklangan.

Shu nuqtayi nazardan savol yanada jiddiylashadi:

Agar sudning xususiy ajrimida Toshkent tuman hokimligi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzilish holatlari qayd etilgan boʻlsa, bu holat boʻyicha prokuror nazorati doirasida qanday choralar koʻrildi? Sudda qatnashgan Toshkent viloyati prokuraturasi prokurori A.Gʻ.Ortiqov uyqudamidi?

Shuningdek, xususiy ajrimning oʻzida hokimlikka chora koʻrish va natijasi haqida sudga xabar berish vazifasi yuklangan.

Shunday ekan:

PF-6243 talab qilgan qatʼiy prokuror nazorati amalda qanday namoyon boʻldi?

Xususiy ajrim boʻyicha prokuratura tomonidan qanday huquqiy baho berildi?

Hokimlik mansabdor shaxslarining harakatlarida qonunbuzilish aniqlanganidan keyin ushbu holat boʻyicha qanday choralar koʻrildi?

Bu savollar, ayniqsa, yer munosabatlari kabi korrupsiya va mansab vakolatlaridan foydalanish xavfi yuqori boʻlgan sohada javobsiz qolmasligi kerak.

Eng qiziq joyi — bir qarorga ikki xil huquqiy munosabat

Hujjatlar zanjiriga qarang:

2026-yil 22-yanvar — hokimlik “M.G.S” MCHJning murojaati asosida 2021-yilgi qarorga oʻzgartirish kiritdi.

2026-yil 9-aprel — Toshkent tuman Adliya boʻlimi 6/71-son taqdimnoma kiritdi.

2026-yil 3-iyun — Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudi xususiy ajrim chiqarib, hokimlik mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzilish holatlarini qayd etdi.

2026-yil 11-iyun — hokimlik Adliya taqdimnomasi asosida 22-yanvardagi qarorni bekor qildi.

Shundan soʻng — “M.G.S” MCHJ sudga murojaat qildi.

Keyingi sud — hokimlikning 11-iyundagi bekor qilish qarori haqiqiy emas deb topildi.

Shu tariqa bir qarorning taqdirida ikki xil huquqiy pozitsiya paydo boʻldi:

hokimlik: “qarorni bekor qilish kerak”, dedi;

“M.G.S” MCHJ: “bekor qilish qonuniy emas”, dedi;

sud: hokimlikning bekor qilish qarorini haqiqiy emas deb topdi.

Ammo avvalgi sudning xususiy ajrimi esa 22-yanvardagi qarorni qabul qilish bilan bogʻliq hokimlik vakolati masalasini PF-6243 nuqtayi nazaridan jiddiy muammo sifatida qayd etgan.

Shu sabab ishning eng muhim savoli javobsiz:

22-yanvardagi qarorni qabul qilishga hokimlikning oʻzida qonuniy vakolat bor edimi?

Bu ishda hali javobsiz qolgan 5 ta savol bor...

Birinchi. Agar PF-6243 bilan hokimlikning yerga oid huquqlarni oʻzgartirish vakolati 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan boʻlsa, 2026-yil 22-yanvardagi qaror qanday huquqiy vakolat asosida qabul qilindi?

Ikkinchi. Nega hokimlik 22-yanvardagi oʻz qarorini keyinchalik Adliya taqdimnomasi asosida bekor qildi?

Uchinchi. Nega hokimlik ushbu bekor qilish qarorining qonuniyligi sudda bahs qilinganda sud majlisida vakil bilan ishtirok etmadi?

Toʻrtinchi. 3-iyundagi xususiy ajrim keyingi sud ishi materiallariga taqdim etilganmi? Agar taqdim etilgan boʻlsa, nega unda qayd etilgan PF-6243ga oid holatlarga huquqiy baho berilmadi? Agar taqdim etilmagan boʻlsa, nega javobgar hokimlik ishning huquqiy tarixini sudga toʻliq taqdim etmadi? Sudga nega kelishdan bosh tortdi, indamadi. Hokimlik kimning manfaatini himoya qildi, oʻzinimi yoki...

Beshinchi. PF-6243 bilan Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev zimmasiga yuklangan qatʼiy prokuror nazorati mazkur holatda qanday amalga oshirildi?

Gap faqat 2,5 gektar haqida emas

Mazkur ishni faqat “«M.G.S” MCHJ va hokimlik oʻrtasidagi yer nizosi» sifatida koʻrish masalaning muhim qismini chetda qoldiradi.

Chunki bu hujjatlar davlat organi qaror qabul qilayotganda vakolat chegaralariga qay darajada rioya qilingani, qaror keyinchalik nima sababdan bekor qilingani, sudda davlat organi oʻz pozitsiyasini qanday himoya qilgani va avvalgi sud hujjatlarida qayd etilgan holatlar keyingi sud jarayonida qanday baholangani haqida savollarni oʻrtaga chiqarmoqda.

Shu bilan birga, “M.G.S” MCHJni qonunbuzar deb atash uchun mazkur hujjatlarning oʻzi yetarli asos emas. Xuddi shuningdek, sudya J.R. Boboyev yoki hokimlikning muayyan mansabdor shaxslarini jinoyat yoki korrupsiyada ayblash ham mumkin emas. Buni faqat vakolatli organning tegishli huquqiy xulosasi hal qilishi mumkin. Yaʼni PROKURATURA.

Ammo jurnalistikaning vazifasi — hujjatda koʻrinayotgan ziddiyatlarni yashirish emas, ularga savol qoʻyish.

EFFECT.UZ tahririyati ushbu savollarga javob olish uchun viloyat hokimligi, Toshkent tumani hokimligi, Adliya boʻlimi, Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudi va prokuratura organlariga murojaat qilishni davom ettiradi.

Chunki bu yerda gap faqat 2,5 gektar yer haqida emas. Gap davlat qarorining huquqiy asosi, mansabdor shaxsning noqonuniy harakati, suddagi himoya va asosiysi qonun ustuvorligi haqida ketmoqda. Eng achinarlisi, hokimiyatning Prezident farmoniga zid hatti-harakati va tegishli idora (prokuratura)ning ishga qanchalik maʼsuliyat bilan yondoshgani.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Toshkent tumani hokimining qarori Prezident farmoniga zid deb topildi. Ish prokuror nazoratiga muhtoj... | Effect.uz