⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Jamiyat

“Telegram'dagi xabarni ulashishdan oldin o‘ylang: javobgarlik muqarrar!” – Andijon viloyati hokimi oilasi atrofidagi shov-shuvlar haqida

Administrator2 soat oldin26 ko'rishlar
“Telegram'dagi xabarni ulashishdan oldin o‘ylang: javobgarlik muqarrar!” – Andijon viloyati hokimi oilasi atrofidagi shov-shuvlar haqida

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, vodiy kanallarida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va ularning oila a’zolari, yaqin qarindoshlari bilan bog‘liq shaxsiy ma’lumotlar hamda turli iddaolar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat yuzasidan ko‘plab fuqarolar Effect.uz tahririyatiga murojaat qilib, nima uchun bu mavzu saytda yoritilmayotgani haqida e’tirozlar bildirishmoqda.

Vaziyatga aniqlik kiritgan agentlik muxbiri fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob berdi hamda muhim ogohlantirish bilan chiqdi. Muxbirning ta’kidlashicha, bunday mazmundagi xabarlarning OAVda berilmasligiga bir nechta jiddiy qonuniy va kasbiy sabablar mavjud. Birinchidan, tarqatilayotgan murojaat va ma’lumotlarni birinchi bo‘lib kim tayyorlagani va manbasi aslida kim ekani noma’lum. Ikkinchidan, insonning shaxsiy hayoti yoki oilaviy masalalariga tegishli bo‘lgan mavzularni hech qanday isbot-dalillarsiz jamoatchilikka olib chiqishga hech kimning haqqi yo‘q, chunki shaxsiy hayot daxlsizdir. Uchinchidan esa, tarmoqlarda hokimning qarindoshlari davlat tashkilotlarida yuqori lavozimlarda ishlashi va ularning faoliyati bilan bog‘liq turli asossiz ayblovlar ilgari surilgan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, har bir shaxs o‘z qilmishi uchun shaxsan javobgardir va ota farzand uchun, aka esa uka uchun javob bermaydi. Jamoatchilikka taqdim etilayotgan xabarlarning sofligi va dalillar bilan asoslanganiga alohida e’tibor qaratiladi, qo‘lida asosli hujjatlari bo‘lmagan ma’lumotlarni esa Effect.uz hech qachon yoritmaydi.

Vaziyatni atroflicha o‘rganish maqsadida Effect.uz tahririyati Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati bilan bog‘lanib, kerakli javoblarni olgan. Ma’lum bo‘lishicha, hokim va uning oilasi sha’niga putur yetkazuvchi, tuhmatdan iborat bo‘lgan ushbu yolg‘on materiallarni tayyorlagan va tarqatgan shaxs aniqlanib, allaqachon huquqiy javobgarlikka tortilgan.

Ma’lumki, har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakatga qonunchilik doirasida huquqiy baho beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasiga ko‘ra, har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega deb belgilangan. Shu ma’noda, inson va fuqarolar qonunchilik doirasida tasdiqlangan ma’lumotlarni olish va mazkur axborotlarni o‘zga shaxslar bilan almashinish huquqiga ega sanaladi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, yolg‘on ma’lumot tarqatish va bu axborotlar shaxsni qadr-qimmatini obro‘sizlantiradigan yoki jamiyat hayotiga salbiy ta’sir o‘tkazish xususiyatiga ega bo‘lsa, ta’sir etish darajasidan kelib chiqqan holda, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltib chiqaradi.

Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlikka tortish masalasi bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida maxsus huquqiy normalar belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasiga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50 baravari (bugungi kunda BHM 375 ming so‘mni tashkil etgani bois 18 million 750 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish esa BHMning 50 dan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 244-6-moddasiga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo‘l qo‘ysa, BHMning 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash jazosini keltirib chiqaradi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, qonunchilikka ko‘ra, yolg‘on axborot deganda, haqiqatga to‘g‘ri bo‘lmagan ma’lumotlar tushuniladi. Shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish deganda, ularni ommaviy axborot vositalarida chop etish, xizmat ta’rifnomalarida bayon etish, ko‘pchilik oldida so‘zlaganda, mansabdor shaxslar nomiga yozilgan arizalarda yoki boshqa, shu jumladan og‘zaki bo‘lsa ham bir necha shaxsga yoxud bir kishiga xabar qilish tushuniladi. Bunday ma’lumotlarni faqatgina o‘ziga aloqador shaxsning o‘ziga aytish, bu ma’lumotlarni tarqatish deb qaralmaydi.

Bugungi kunda tarmoqlarda tarqalayotgan o‘sha xabarlarning ostida ko‘plab fuqarolar tomonidan haqoratli so‘zlar va turli salbiy fikrlar qoldirilmoqda. Shu munosabat bilan muxbir barcha yurtdoshlarimizni ogohlikka chaqirdi. Agar sizda qaysidir davlat organi rahbari, viloyat hokimi yoki ularning yaqinlari faoliyati yuzasidan asosli e’tirozlar bo‘lsa, ularni ijtimoiy tarmoqlarga yoki manbasi noma’lum kanallarga emas, hokimlar faoliyatini nazorat qiluvchi yuqori turuvchi tashkilotlarga rasmiy tartibda ariza shaklida taqdim etishingiz lozim. Biror xabarning to‘g‘riligiga ishonchingiz komil bo‘lmasa, uni boshqalarga ulashishdan tiyilish kerak. Ertaga huquq-tartibot organlari tomonidan so‘roq qilinganda «Men buni qaysidir Telegram-kanaldan o‘qib, shunchaki boshqalarga yuborgandim» yoki «Bilmay fikr yozib yuboribman» qabilidagi vajlar sizni qonuniy javobgarlikdan asrab qololmaydi.

“Shu bois yolg‘on va asossiz ma’lumotlar bilan jamoatchilikni chalg‘itishga urinmang. Effect.uz'ni kuzatishda davom eting, biz sizga hamisha voqealarning aslini ko‘rsatamiz”, deyiladi videomurojaatda.

Ma’lumot uchun, Shuhratbek Abdurahmonov 2014-yilning aprel oyidan buyon Andijon viloyati hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.

Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

“Telegram'dagi xabarni ulashishdan oldin o‘ylang: javobgarlik muqarrar!” – Andijon viloyati hokimi oilasi atrofidagi shov-shuvlar haqida | Effect.uz