Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari va Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qoʻshni davlatdan kontrabanda qilingan katta miqdordagi narkotik moddalar toʻxtatib qolindi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan Urgut tumanida yashovchi, 1989 va 1992-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro aylanma yoʻllar orqali Tojikiston Respublikasining Panjikent tumaniga borib, narkosavdogarlardan sof ogʻirligi 14 kg 766 gr “opiy” va 14 kg 958 gr “gashish” moddalarini olib, “oʻzbek-tojik” davlat chegarasini buzgan holda, Oʻzbekiston hududiga qaytib oʻtgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Boshqa holatda esa Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, Samarqand shahar “Orzu” MFY hududida joylashgan xususiy avtomashina garaji xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Natijada, undagi maxsus tayyorlangan xufiya joyda boʻlgan marmar toshlar orasiga 9 kg 40 gr opiy ekstraksiyasi yashirilganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, garaj egasini qoʻlga olish choralari koʻrilmoqda.
Qayd etish kerakki, har ikki holatdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun qonunchilikda 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.




