⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Jamiyat

“Real Sanjik” tuhmatga qolganmi? 5 oylik sudda AQSHdan yangi dalillar keltirildi

Administrator2 soat oldin72 ko'rishlar
“Real Sanjik” tuhmatga qolganmi? 5 oylik sudda AQSHdan yangi dalillar keltirildi

Tadbirkor va bloger, “Sanjik” nomi bilan tanilgan Sanjar Karimovga oid jinoyat ishining apellyatsiya instansiyasidagi yakuniy sud majlisida kutilmagan yangi dalillar taqdim etildi. Himoya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ishga Sanjar Karimovdan boshqa yana bir Sanjar ismli shaxs aloqador bo‘lishi mumkinligi yuzasidan holatlar aniqlangan.

Bu haqda EFFECT.UZga Sanjar Karimovning advokati Oybek Ashurov ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Sanjar Karimov joriy yil may oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 273-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Mazkur hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati asosida 29-iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ishni apellyatsiya tartibida ko‘rish boshlandi. Karimovni ushbu jarayonda 10 nafar advokat himoya qilmoqda.

Sud majlisi raislik qiluvchi sudya Abdullajon Muhiddinov, ma’ruzachi sudya Umidbek Musayev hamda sudlov hay’ati a’zosi Anvar Dusmurodov tarkibida o‘tmoqda.

So‘nggi sud majlisida Sanjar Karimovga yakuniy nutq so‘zlash uchun imkoniyat berildi. U hayotida ilk bor sudlanayotganini, odamlarga yordam beraman deb aybdorga aylanib qolganini aytdi.

Karimov, shuningdek, hech kimni aldamaganini, aksincha, o‘zi aldanganini ta’kidladi. U giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanmaganini, tadbirkorlik faoliyatidan oladigan qonuniy daromadi yetarli ekanini bildirdi.

Agar sud jarayonida keltirilgan dalillar inobatga olinmasa, hech bo‘lmaganda tayinlangan jazoni uy qamog‘iga almashtirishni so‘radi.

Biroq hukm e’lon qilinishi kutilayotgan paytda himoya tomoni sudlov hay’atiga AQSHdan keltirilgan yangi dalillarni taqdim etdi.

Advokatlarning bildirishicha, mazkur dalillar ishning ayrim holatlariga yangicha baho berish zaruratini yuzaga keltirgan. Xususan, himoya tomoni Sanjar Karimovdan boshqa yana bir Sanjar ismli shaxsning mazkur jinoyat ishiga aloqadorligi yuzasidan dalillar borligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, advokatning qo‘shimcha qilishicha, Shahlo Alimboyeva va Feruza Rahmatullayevaning Sanjar Karimovga nisbatan bergan ayblovlari asossiz yoki uyushtirilgan bo‘lib chiqishi ehtimoli ham o‘rtaga tashlangan.

Himoya tomoni taqdim etgan hujjatlar EFFECT.UZga ham ma’lum qilindi. Biroq sud siri bilan bog‘liq holatlar sabab tahririyat ushbu dalillarni hozircha oshkor etmaslikka qaror qildi.

Natijada sudya Abdullajon Muhiddinov raisligidagi sudlov hay’ati yangi holatlar va taqdim etilgan dalillarni inobatga olib, sud tergovini qayta tiklashga qaror qildi.

Shu sababli Sanjar Karimovning oqlanishi yoki avvalgi hukm o‘zgarishsiz qoldirilishi kutilgan yakuniy majlisda hukm e’lon qilinmadi. Sud muhokamasi noma’lum muddatga qoldirildi.

“Real Sanjik” ishi bo‘yicha sud jarayonlarini batafsil EFFECT.UZ’da kuzatib boring.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

“Real Sanjik” tuhmatga qolganmi? 5 oylik sudda AQSHdan yangi dalillar keltirildi | Effect.uz