Urganchda “Yashil bogʻ” uchun ajratilgan yerda issiqxona: hokim “zarar boʻlmaydi” deya fuqarolarga tasalli bermoqda, mavjud hujjatlar esa savollarni koʻpaytirmoqda.
EFFECT.UZʼga murojaat qilgan Urganch shahri aholisi “Yashil makon” loyihasi doirasida yashil bogʻ barpo etish uchun ajratilgan yer maydonida issiqxona qurilgani yuzasidan eʼtiroz bildirmoqda. Fuqarolarning taʼkidlashicha, mazkur yerning maqsadi hujjatlarda obodonlashtirish va yashil hudud barpo etish sifatida belgilangan boʻlsa-da, amalda bu yerda issiqxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Viloyat hokimligi qarorlaridan birida Urganch shahrida Shovot kanali boʻylab “Yashil bogʻ” tashkil etish uchun umumiy 20 gektardan ortiq yer maydoni ajratilgani koʻrsatilgan. Hujjatda yerlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻkalamzorlashtirilishi, koʻchatlar ekilishi va tegishli kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi belgilangan.

Mazkur masalaning ayrim qismiga taalluqli kadastr hujjatida ham yer maydoni “Yashil bogʻ barpo etish uchun ajratilgan yer maydoni” sifatida koʻrsatilgan. Yerdan foydalanish turi esa “Hududni obodonlashtirish” deb belgilangan.

Biroq fuqarolarning aytishicha, ushbu hududda yopiq turdagi issiqxona qurilib, ishga tushirilgan. Sanitariya-epidemiologiya sohasidagi hujjatda issiqxona Shovot kanalidan 9 metr, turar joy binolaridan esa 25–30 metr masofada joylashgani qayd etilgan.
Hujjatda issiqxonalar uchun aholi yashash hududlariga nisbatan 100 metrlik sanitariya-muhofaza masofasi talabi keltirilib, mazkur joylashuv sanitariya talablariga muvofiq emasligi koʻrsatilgan. Shuningdek, yoqilgʻi yoqilishi, mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq ehtimoliy xavflar ham qayd etilgan.

Masala Urganch shahar hokimi Bunyod Rajabov bilan fuqarolar oʻrtasidagi suhbat (Effect.uzʼda mavjud audio) da ham muhokama qilingan. Suhbatda hokim loyiha tufayli zarar boʻlmasligini aytgan:

«Hech qanday zarar boʻlmaydi», — degan Urganch shahar hokimi Bunyod Rajabov.
Biroq fuqarolar sanitariya talablari va suv taʼminoti bilan bogʻliq masalalarni koʻtarib, eʼtiroz bildirgan:
«Vodokanalning SESi aytib qoʻyibdi: ... yuz metr», — deya fuqarolar sanitariya masofasi masalasiga ishora qilgan.
Fuqarolarning taʼkidlashicha, ularda mazkur yerning “Yashil makon” uchun ajratilganini tasdiqlovchi kadastr hujjatlari hamda avval berilgan rasmiy javoblar mavjud. Suhbat davomida ular ana shu munosabatni ham keltirgan:
«Haqiqatda “Yashil makon” bu yer, bu yerda qurish mumkin emas», — deya fuqarolar avvalgi rasmiy javob mazmunini keltirgan.
Fuqarolarni yana bir masala — qurilishga sarflangan mablagʻlar va obyektning keyingi taqdiri qiziqtirmoqda:
«Hozir shuncha pul sarflangan... Kim rastrata qilib turibdi? Hozir buni qurasizlar... Ertaga sotib yuborishsa, bizlar — fuqarolar berdik. Yaxshi, siz davlat odamisiz, toʻgʻrimi? Hokimsiz. Siz prezidentning qaroriga, hokimning qaroriga qarshimisiz? Prezidentning siyosatiga qarshimisiz?», — deya ular savol qoʻygan.
Shu oʻrinda bir qator savollar yuzaga kelmoqda: “Yashil bogʻ” va hududni obodonlashtirish uchun ajratilgan yerda issiqxona qurilishiga qanday asos boʻlgan? Sanitariya hujjatida koʻrsatilgan masofalar qanday baholangan? Qurilish va foydalanish uchun tegishli ruxsatlar olinganmi? Shuningdek, obyektga sarflangan mablagʻlarning manbasi va yerning keyingi taqdiri kimning nazoratida?
EFFECT.UZ ushbu holat yuzasidan mutasaddi tashkilotlarning rasmiy munosabatini ham oʻrganmoqda. Masala boʻyicha masʼul idoralardan tushuntirishlar olingach, ularni ham jamoatchilikka taqdim etamiz.




