Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi.
Prezident markaz faoliyati bilan tanishar ekan, sunʼiy intellekt orqali, ayniqsa, togʻ-kon va metallurgiya tarmoqlarida samaradorlikni oshirish boʻyicha katta imkoniyatlar borligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu yerning oʻzida davlat rahbariga kombinatning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarini yanada raqamlashtirish boʻyicha rejalar taqdimot qilindi.

Qayd etilganidek, kondan maʼdan qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Kelgusi besh yilda har bir bosqichga sunʼiy intellekt yechimlarini keng joriy etish koʻzda tutilgan.
Sakson yil davomida toʻplangan geologik va marksheyderlik maʼlumotlari asosida konlarni raqamlashtirish ishlarining borishi haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Raqamli kon” tizimi kunlik, haftalik va oylik qazish ishlarining aniq yoʻnalishlarini belgilash imkonini bermoqda.
Sunʼiy intellekt asosida karyer yoʻllari holati nazorat qilinmoqda, samosval shinalarining bosimi va harorati datchiklar orqali kuzatib borilmoqda. Ana shunday doimiy monitoring natijasida shinalarning xizmat muddati 14 foizga oshirilgan.

Sohada zamonaviy texnologiyalarni chuqur oʻzlashtirgan mutaxassislar tayyorlash, kadrlarni yangi ish usullari va raqamli yechimlar asosida oʻqitish ustuvor vazifalardan biri ekani koʻrsatib oʻtildi. Patent ishlari koʻlamini kengaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Fabrikadagi har bir bosqichda qoʻllanilayotgan ilmiy-texnologik yechimlarni patentlash, bu borada vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli innovatsion yoʻnalishlarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, yangi patent bu – yangi texnologiya, yangi ishlab chiqarish yoʻnalishi va yangi bozorlar, demak. Mamlakatimizdagi boy xomashyo bazasi jahon bozorlariga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani inobatga olinib, 2026-yilda qaysi istiqbolli yoʻnalishlarda yana qancha patent olish mumkinligi yuzasidan aniq yondashuvlarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.




