Ayrim fermerlarga «yeringizni olib qöyamiz» degan ogohlantirişlar berilgani aytilmoqda.
Sönggi kunlarda Effet.uz axborot agentligiga fermerlardan jiddiy murojaatlar kelib tuşmoqda. Ularda ayrim hokimlik vakillari paxta rejasini bajara olmagan fermerlarning yer maydonlari olib qöyilişi va boşqa şaxslarga, hatto xorijiy investorlarga berilişi mumkinligini aytayotgani bildirilmoqda. Agar bunday holatlar tasdiqlansa, ularga huquqiy baho berilişi lozim.
Xöş, amaldagi qonunçilikda paxta rejasini bajara olmagan fermerning yerini olib qöyişga qanday asos bor?
Yer kodeksida yerdan foydalaniş huquqini bekor qilişning aniq asoslari belgilangan. Ular qatorida yerdan belgilangan maqsadda foydalanmaslik, yerdan oqilona foydalanmaslik, tuproq unumdorligining pasayişi, ijara haqini muntazam ravişda tölamaslik kabi holatlar bor. Şuning uçun bir yillik paxta rejasining bajarilmagani öz-özidan yerni avtomatik ravişda olib qöyişga teng emas.
Bundan taşqari, Yer kodeksida yer uçastkasini ijaraga oliş şartnomasini muddatidan oldin bekor qiliş taraflarning kelişuvi bilan, kelişuvga erişilmagan taqdirda esa sudning hal qiluv qarori bilan amalga oşirilişi belgilangan.
PF-68-son Farmonda nima deyilgan?
2026-yil 24-apreldagi PF-68-son Farmon qişloq xöjaligi işlab çiqaruvçilarining yerdan foydalanişdagi mustaqilligini taʼminlaşga qaratilgan. Hujjatda paxtaçilik va ğallaçilikka ixtisoslaşgan subyektlar jami yer maydonining 50 foiziga nisbatan ijara huquqidan ixtiyoriy ravişda voz keçişi mumkinligi belgilangan. Yaʼni bu norma fermerni majburlab yerdan voz keçtiriş emas, balki qonunçilikda nazarda tutilgan ixtiyoriy mexanizmdir.
Xorijiy investorlarga yer berilişi haqida-çi?
Bu yerda ham muhim jihat bor. PF-68-son Farmonda xorijiy investorlarga ayrim yerlarni ikkilamçi ijaraga beriş mexanizmi nazarda tutilgan. Biroq hujjatda bu tartib yangidan özlaştiriş va qayta foydalanişga kiritiş şarti bilan böz, lalmi va yaylov yerlariga nisbatan belgilangan.
Şuning uçun mazkur normani amalda paxta yetiştiriş uçun ijaraga olingan fermer yerini «rejani bajarmadi» degan vaj bilan istalgan xorijiy investorga olib beriş mumkin, deb talqin qiliş töğri bölmaydi.

2026-yil 28-sentyabrdagi PQ-354-son qaror esa qişloq xöjaligi subyektlarini moliyaviy qöllab-quvvatlaş, subsidiyalar va tavakkalçiliklarni boşqariş mexanizmlarini takomillaştirişga qaratilgan.
Fermerlar nimani bilişi kerak?
Agar fermerga yerni topşiriş yoki ijara huquqidan voz keçiş talab qilinayotgan bölsa, avvalo uşbu talabning yozma huquqiy asosini söraş kerak.
Paxta rejasining bajarilmaganiga suv taʼminoti, moliyalaştiriş, uruğlik, ob-havo yoki boşqa obyektiv omillar sabab bölgan bölsa, ularni tasdiqlovçi hujjatlarni yiğiş muhim. Eng muhimi, fermerni yerdan voz keçiş haqida ariza yozişga majburlaş masalasi alohida huquqiy baholanişi kerak.
Şu bois fermerning paxta rejasini bajara olmagani haqidagi maʼlumotning özi yetarli emas — yerdan foydalaniş huquqini bekor qiliş uçun qonunçilikda belgilangan asos va tartib mavjudmi, degan savol birinçi örinda turişi kerak.

Agar ayrim mansabdorlar fermerlarga «rejani bajarmasang, yeringni olib qöyamiz va investorga beramiz» mazmunida bosim ötkazayotgan bölsa, bu holatlar hujjatlar asosida tekşirilişi va tasdiqlangan taqdirda huquqiy baho berilişi lozim.
Yaxşiyamki, bu masalada qarorni oğzaki ogohlantiriş emas, qonun belgilaydi.




