Milliy bayroqni faqat davlat taşkilotlari binosiga osib qöyiş bilan vatanparvarlikni şakllantirib bölmaydi. Uni xalqning qalbiga olib kiriş kerak!
Milliy bayroğimiz har bir yurtdoşimiz uçun şunçaki davlat ramzi emas, balki «Men kimman? Qaysi xalq farzandiman? Qaysi Vatan bilan faxrlanaman?» degan savollarga javob beruvçi umumiy milliy qadriyatga aylanişi kerak. Milliy özligimiz ramzi sanalgan bayroğimiz tarğibotini odatda har yili u qabul qilingan kun arafasida ötkazamiz. Aslida esa, yil ön ikki oy tarğibot muhitini yaratib, xalqimizni bolaligidan milliy bayroğimizdan faxr könikmasini şakllantirişimiz kerak! Milliy bayroğimiz nafaqat davlat taşkilotlarida, korxonalar, taʼlim muassasalariga kiraverişidan tortib har bir xonadonlarda ham bölişi şart!

Davlat bayroği faqat davlat idoralarining rasmiy atributi bölib qolmasligi kerak. Respublikaning barça yirik savdo va xizmat körsatiş markazlarida milliy ramzlar burçaklarini yaratişimiz va hatto xorijiy turistlar taşrif buyuradigan barça tarixiy-madaniy binolarning kiriş qismiga ilişimiz kerak deb hisoblayman.
Bayroqni har bir xonadonga olib kiriş!
Mustaqilligimiz boş ramzi sanalgan milliy bayroğimizni har bir xonadonda bölişi muhitini yaratişimiz kerak. Eng asosiysi bu tizim majburiy talabga emas, balki şu vatanda istiqomat qiladigan har bir vatandoşning faxr bilan qabul qiladigan ixtiyoriy qadriyatiga aylanişi kerak. Buning uçun esa har qaysi yangi quriladigan uy-joy majmualarida, mahallalarda bayroq örnatiş uçun qulay joylar yaratiş va unga hurmat bilan munosabatda böliş madaniyatini tarğib qiliş, yoş oilalarga nikoh yoki yangi uyga köçib kiriş va hatto farzandli böliş munosabati bilan Davlat bayroğini sovğa qiliş anʼanasini şakllantiraylik.

Bolalardagi vatanparvarlik faqat şiorlar bilan şakllanmaydi. Vatanparvarlik va daxldorlik bolalikdan singdirilgan qadriyatlar, oilaviy muhit va kundalik hayotdagi amaliy namunalardan boşlanadi. Bu yölda aynan bayroqni undagi faxr va daxldorlik timsoliga aylantirişimiz muhim hisoblanadi. Bunda boğçadan, maktabdan bolaga bayroqni şunçaki tanitiş emas, balki uning ortida qanday tarix, mustaqillik va milliy masʼuliyat mujassam ekanini anglataylik.
Milliy bayroqni faqat davlat ramzi yoki rasmiy bayramlarda namoyiş etiladigan atribut deb emas, balki milliy özlik, tarixiy xotira, vatanparvarlik va xalq birligining kundalik timsoliga aylantiradigan tarğibot darajasiga kötarişimiz kerak. Bunga amaldagi oddiy tarğibot tadbirlari orqali emas, balki uzluksiz milliy tarbiya va ijtimoiy muhitni umummilliy harakat darajasiga kötariş orqali erişamiz.
Yaqingaça garçi mustaqil bölsakda, Özbekiston Respublikasining Davlat bayroğidan foydalaniş tartibi 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan "Özbekiston Respublikasining Davlat bayroği töğrisida"gi qonun bilan tartibga solingan bölsada amalda milliy bayroğimizni kötarib çiqqan yoşlarga, uni tarğib qilgan vatandoşlarimizga çoralar kördik, jarimalarga ham tortdik.
2023-yil 7-iyuldagi ÖRQ-853-sonli Qonun asosida “Özbekiston Respublikasining Davlat bayroği töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi Qonuniga özgartiriş va qöşimçalar kiritilib, milliy bayroğimiz tarğiboti bilan boğliq muammolar bartaraf etildi. Bugungi kunda Bayroqni jamoat joylarida, binolarda, yaşaş yoki iş joylarida, şuningdek transport vositalarining salonida örnatiş ruxsat berildi. Bugungi kunda nafaqat sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, hattoki oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nişonlaşda hamda davlat arboblari va harbiy xizmatçilarning dafn marosimlarida ham foydalanişga ruxsat berildi.
Unutmaylikki, dunyodagi eng qudratli milliy ramzlar ham öz-özidan xalqni birlaştirmaydi. Ularning ortida tarixiy xotira, umummilliy qadriyat, milliy ğurur va avlodlar tarbiyasi turadi. Barça davrlarda aynan bayroq ostida birlaşgan xalqning birdamligi–davlatning eng katta maʼnaviy kuçi hisoblanadi. Zero, bayroqni kötariş–uni namoyiş etiş, bayroqni qadrlaş–uning ortidagi tarixni anglaş, bayroqni seviş esa Vatan taqdiriga daxldorlikni his qilişdir!
Zavqibek Mahmudov. Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti




