Qorong‘i rejim
Özbekiston

Pasport va ID-kartalarda «Ö», «Ğ», «Ş» va «Ç» harflari qanday yoziladi? Yagona qoidalar işlab çiqiladi

Akmal Eshonxonov61 ko'rishlar
Pasport va ID-kartalarda «Ö», «Ğ», «Ş» va «Ç» harflari qanday yoziladi? Yagona qoidalar işlab çiqiladi

Özbekistonda biometrik pasport va ID-kartalarda takomillaştirilgan özbek alifbosidagi yangi harflarni aks ettiriş hamda ularni xalqaro lotin yozuviga ötkaziş — transliteratsiya qiliş qoidalarini qayta körib çiqiş rejalaştirilmoqda. Şu bilan birga, eski alifboda rasmiylaştirilgan hujjatlar öz yuridik kuçini saqlab qolişi belgilanmoqda.

Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylaştirilgan Vazirlar Mahkamasining «Özbek alifbosiga kiritilgan özgarişlarni jamiyatning barça sohalarida joriy etiş çora-tadbirlari töğrisida»gi qarori loyihasida maʼlum qilingan.

Hujjat loyihasi 2026-yil 21-oktyabrdagi ÖRQ–1184-son Qonun ijrosini taʼminlaş maqsadida işlab çiqilgan. Unga köra, özbek alifbosidagi törtta harf «Ö ö – Ö ö», «Ğ ğ – Ğ ğ», «Ş ş – Ş ş», «Ç ç – Ç ç» şakliga özgartirilgan.

Loyihaga muvofiq, Içki işlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Taşqi işlar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi biometrik pasport va ID-kartalarning maşinada öqiladigan zonasida (MRZ) ism, familiya va boşqa maʼlumotlarni xalqaro lotin harflarida ifodalaş qoidalarini qayta körib çiqadi.

Bu jarayon bir neça bosqiçda amalga oşirilişi taklif etilgan. Jumladan, 2027-yil yanvarda mutaxassislardan iborat işçi guruh tuziş, fevralda amaldagi qoidalar va dasturiy algoritmlarni xatlovdan ötkaziş rejalaştirilgan. Şuningdek, ICAO Doc 9303 xalqaro standarti talablariga muvofiq yagona qoidalar işlab çiqilib, zarurat tuğilsa, ICAO bilan maslahatlaşuvlar ötkaziladi.

2027-yil martda MRZ zonasi uçun yagona transliteratsiya qoidalarini tayyorlaş, aprelda ularni hujjatlarni şakllantiriş va şaxsiylaştiriş tizimlarida sinovdan ötkaziş, may oyida esa sinov natijalari asosida normativ-huquqiy hujjatlarga özgartiriş va qöşimçalar kiritiş böyiça takliflar tayyorlaş közda tutilgan.

Şu bilan birga, 2027-yil yanvar–aprel oylarida pasport va ID-kartalarning vizual maʼlumotlar zonasida (VIZ) takomillaştirilgan alifbo harflarini aks ettiriş imkoniyatlari ham örganiladi.

Qaror loyihasida yangi alifboda rasmiylaştiriladigan hujjatlar röyxati ham belgilangan. Unga köra, qonun kuçga kirganidan keyin beriladigan fuqarolar, çet davlat fuqarolari va fuqaroligi bölmagan şaxslarning ID-kartalari, xorijga çiqiş biometrik pasportlari, haydovçilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari hamda kadastr hujjatlarini takomillaştirilgan alifboda rasmiylaştiriş taklif etilmoqda.

Biroq amaldagi alifboda tayyorlangan hujjat blankalaridan 2028-yil 1-yanvarga qadar foydalanişga ruxsat beriş közda tutilgan. Davlat organlari va xöjalik birlaşmalari xodimlarining xizmat guvohnomalari esa belgilangan muddatlarda almaştirilganda yangi alifboda rasmiylaştiriladi.

Eng muhimi, amaldagi qonunçilik asosida berilgan barça hujjatlar, jumladan, şaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovçi hujjatlar ularda harflarning eski şakli qöllanganidan qatʼi nazar, öz yuridik kuçini saqlab qoladi.

Şuningdek, fuqaroning ismi, familiyasi va otasining ismi avvalgi yoki takomillaştirilgan harflarda yozilgani sababli uning şaxsini aniqlaş, huquq va majburiyatlarini belgilaş, davlat xizmatlaridan foydalaniş yoki hujjatlarini qabul qilişni rad etişga yöl qöyilmasligi taklif etilmoqda.

Qayd etiş joizki, hozirça bu çoralar Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan. Ularning amalga oşirilişi hujjatning qabul qilinişiga boğliq.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Pasport va ID-kartalarda «Ö», «Ğ», «Ş» va «Ç» harflari qanday yoziladi? Yagona qoidalar işlab çiqiladi | Effect.uz